Jump to content

Faryod

From Wikisource
Faryod (1920)
by Abdulhamid Choʻlpon
335279Faryod1920Abdulhamid Choʻlpon

Maorif va madaniyat sho‘rosi raisi va ishchilar fakultasi dekani birodar Sodiq Abdusattorof va jumhuriyat maorif qo‘missari birodar Muhammad Amin Afandizodalarga.

Faryod!..

“Faryod azin nav’i vujudi adam oluda.”

Oldimda “Ishtirokiyun”ning keyingi soni va unda ishchilar fakultasining turk qismi hay’ati ta’limiyya a’zolarining ism va unvonlari…

Ko‘z oldimda yarqirab yonub turgan o‘lka tatar dorulmuallimini…

Qarshimda yana o‘zining ruhligi bilan ko‘rulub turgan qirg‘iz dorulmuallimini…

Yana ro‘baro‘mda sovuq, ruhsiz askariy musiqaning “bub-puf”indan boshqa narsa eshitilmagan ma’yus, tushkun o‘lka turk dorulmuallimini..

O‘ngimda bir xato, tuzatishi qiyin bir xato. To‘g‘risi, zo‘r bir xiyonat..

Kelajakda – oxiri yo‘q qorong‘iliq…

Mana shunday bir holda, mana shu xil nozik bir mas’ala ustida fikr aytmoq, qalam yurgizmoq kerak.

Lokin, bu og‘ir, g‘oyat darajada og‘ir…

Shunday bo‘lsa-da, bir o‘zbak bolasi, bir o‘zbak yigiti bo‘lganligim uchun o‘zimning ovozimni, o‘zimning yuragimdagi qaynab turgan qayg‘u dengizining to‘lqunlarini to‘kishga, bu ishga va bu hayot-mamot mas’alasiga sovuqlik, quramaslik bilan qaraganlarning yuzlariga urmoqqa, chachmakka majburman. Muning uchun meni afv etarlar.

Sho‘rolar hukumati, qizil idora Turkistonga o‘runlashgandan keyin, yillardan beri yuraklarda yoqilub kelgan bir amal, bir xayol vujudga chiqqan, Turkistonda bir turk dorulmuallimini ochilgan edi. Turkistondagi o‘troq va ko‘chma millatlarning butun kelajaklari, butun borliq va yo‘qliqlari shu dorulmualliminga va undan yetishadurgan qahramonlarning qo‘liga topshirilg‘an edi. Keyin nima bo‘ldi, bilmadim, ko‘chma xalq (qirg‘iz qardoshlarimiz) o‘zlariga ayrim dorulmuallimin ochdilar-da chiqdilar. Bu juda tabiiy, juda to‘g‘ri bir harakat edi. Til va urf-odat to‘g‘risidan xiyla o‘zgaligi bo‘lg‘an bu ikki qavmning bir maktabda bir xilda o‘qishi mumkin emas edi. Ayrim-ayrim bo‘ldilar-da, har bir o‘z kunlarini o‘zlari ko‘rdilar.

Demak, ish o‘z yo‘li, o‘zining tabiiy yo‘li bilan keldi. Tatar mas’alasi-da shu xilda hal etildi: ular-da g‘oyat tabiiy o‘laroq o‘zlariga ayrim dorulmuallimin ta’sis etdilar. Qoldi o‘zbak dorulmuallimini. Agar uning eshigi oldina borsangiz zo‘r bir unvon (viviska) ko‘rarsizki:

“O‘lka turk dorulmuallimini” deb yozilmish. Faqat bir savol beradurgan odam topilmadiki, nomi muboraklari turk millatidan bo‘lgan qirg‘iz va tatarlar o‘zlariga alohida dorulmualliminlar ochub, “Tatar dorulmuallimini”, “Qirg‘iz dorulmuallimini” deb ism bergandan keyin va sizning dorulmualliminda ham faqat o‘zbaklar qolgandan keyin yana nega hamon “turk dorulmuallimini” bo‘lub qoldi? – desun…

Bu ham mayli, bu ham o‘tsun, mas’alaning og‘ir yeri bu yoqda:

O‘tkan yoz Farg‘ona muzofot markazi Sim (Iskoblif) shahrida butun Farg‘ona uchun bir ta’lim va tarbiya qursi ochilg‘an edi. Ul kursga Farg‘onaning hamma shahar va qishloqlaridan (mumkin bo‘lgan yerlardan) o‘quvchilar kelub, 3 oy ichida g‘oyat buyuk va zo‘r shodliqlar bilan tamom bo‘lgan edi. Ul qursda ta’lim berganlar o‘lkamizda haqqi ila muallimlik nomiga loyiq bo‘lgan kishilar ediki, ular ilgari 2 yildan beri Xo‘qand dorulmuallimining hay’ati ta’limiyyasida edilar. Kurs bitarga yaqinlashqanda bir xabar keldi:

“Maorif qo‘missari Sodiq Abdusattorof o‘rtoqimiz o‘lkada mukammal va nusxa bo‘lurliq bir dorulmuallimin vujudga keltirmoq Xo‘qand dorulmuallimi xay’ati ta’limiyyasini taomi ila Toshkandga chaqirg‘an… Har kim shoshdi, har kim hayron bo‘ldi. Lokin shu o‘lkada mukammal nusxa bo‘lurliq bir dorulmuallimin degan so‘z bilan yana har kim yupandi. O‘lkadan markazdan kutdi.

Albatta, ul vaqtda ul muallimlarning o‘lka dorulmualliminiga kirajaklari ochiq ma’lum edi, orada hali totor dorulmuallimi mas’alasi yo‘q edi.

Hay’ati ta’limiyya bir vagon bo‘lushub keldilar va o‘lka turk dorulmualliminiga kelub: “Mana biz keldik” dedilar. Lokin, baxtsiz xalqning baxtsizligina qarshi baxtsizlardan bir necha kishining xayollar to‘la ovozlari ila javob berildi: “Yo‘q, sizning kerakingiz yo‘q. Biz o‘zimiz ortub yetamiz…”

Mana shul so‘z bilan fojea boshlanadur. Mana shul so‘zdan so‘ng haligi haqiqiy muallimlar yuzlarini aylantirib, boshqa yulduz istamakka ketdilar. Orada bir muncha “yarashdirish”, “kelishdirish” majlislari bo‘lmish, faqat, mumkin bo‘lmamish sabab nima? Ochiq: ul xoinlar hamon dorulmuallimin kursisidan quvalanmamishlar…

Oradan ikki yil o‘tdi. Hamon bu narsa yo‘q, totor dorulmuallimini ochilub gullab yotadir. Bunda hamon hech bir narsa yo‘q… Ham bo‘lmas kabi-da…

Bilmayman, o‘n yillardan beri “Dorulmuallimin” xayoli bilan mast bo‘lganlar qayerda qoldilar? Komissar bo‘ldilarda, basmi? Yumshoq ustalga o‘ltirdilar-da tamommi?.. Agar shunday bo‘lsa, ul kishilardan na xalq uchun, na mehnatkash va na boshqa uchun bir chaqalik foida yo‘qdir.

Yuragida insof va vijdoni bo‘lganlar aytsunlarki, o‘lka turk dorulmualliminida, bu butun o‘zbak xalqiga maktab va maktab yo‘llari va ta’lim yo‘llari ko‘rsatadurgan bu muborak muassasada bir ta’lim-tarbiya mutaxassis, hech bo‘lmasa, ta’lim-tarbiyadan onglaydurgan bir kishi bormi?

Bor, desinlar, so‘zimiz yo‘q! Faqat, agar vijdonlari bo‘lsa bor deya olmaslar, vijdonlaridan esa biz javob eshitmaymiz. Bu hol bir muncha vaqtlardan beri shu xilda davom etadir. Hech bir tadbir qilinmaz. Men, bir men shu to‘g‘ridan o‘zbak shoirlaridan yolqinli, toshqinli, xalqchi bo‘lgan o‘rtoq Aliyifga-da, Nizomiddin Xo‘jayifga-da, Afandizodaga-da aytdim. Faqat “hmm…” deb lab tishlamakdan boshqa bir narsa ko‘rolmadim.

Turk dorulmualliminining (o‘lik) kabi hissiz shogirdlari menga bir necha martaba kelub shikoyat etdilar. Lokin, menim ovozim lab qidirishdan boshqaga yaramadi.

Dorulmualliminning muallimlaridan ba’zi birlariga ham aytdim, yo‘q, hech narsa yo‘q… O‘zbak xalqi uchun yonish kuyish degan narsa yo‘q… Faqat, amin bo‘lsunlarki, ular xalq uchun kuymasalar, ularni xalq o‘zi kuydirajak. Kullarini osmonga sovurajaqdir. Siz agar dorulmuallimin shogirdlaridan “darslardan mamnunmisiz? desangiz Sulton Hamid vaqtidagi yosh turklardan “g‘oyat mamnun” derlar. Lokin siz ularning ichlariga, yuraklariga kirsangiz, qanday faryodlar jaranglar… qanday ohlar ko‘tarilar.

Men shu o‘zbak (ya’ni “turk”) dorulmualliminiga muallim bo‘lub kirishga vaqtlari bo‘lmagan yoki boshqa sabablar bilan kira olmagan kishilarning “ishchilar fakultasi” hay’ati ta’limiyyasiga kirganlarini ko‘rdim. Yana “dorulmualliminlardan shogird olinmas” degan qarorni-da o‘qidim. Ortiq chidab bo‘lmadi, qo‘limga qalam oldim, baqirmoqchi bo‘ldim; ey xalqning yosh kuchlari bilan o‘ynashishni hunar qilganlar! O‘zbak dorulmualliminidagi talabalarning haqiqiy ta’lim-tarbiya va ilmu ma’rifatdan bahrasizliklarin bilub turub va shunga hech bir bir chora qilmay turub, nega tag‘in “ishchilar fakultasi”ning eshikini ham ular uchun yopdingiz? Sizga lozim ediki, o‘zbak dorulmualliminining ruhiga fotiha o‘qub, undagi bechoralarning hammasini “ishchilar fakultasi”ga olsangiz.

Qilmaysiz ekan, ortiq demangizki, biz xalqqa xizmat etamiz.

Xalq bolalari ruhsiz, xalq bolalari o‘likday yasharlar. Sizning siyosatingizda bir o‘zgarish yo‘q. Endi menim bu faryodim bir faryodki, bo‘lub qolsa birar natijasi ko‘rulmasa, tongla, xalq oldida butun mas’uliyat sizning va sizning ustingizdadir. Faryod, faryod xalq ila o‘ynashganlardan!..

Abdulhamid Sulaymon

“Ishtirokiyun” gazetasi,

1920-yil, 27-fevral, № 43.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"