Jump to content

Faqirlik nimadan hosil o‘lur?

From Wikisource
Faqirlik nimadan hosil o‘lur? (1914)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334519Faqirlik nimadan hosil o‘lur?1914Hamza Hakimzoda Niyoziy

Jigarning qon tomchilarin kundan-kun ziyod taraqqiy ettirmoqda bo‘lgan illatlarning eng birinchi moddasi nimadir, deb so‘rasangiz, vahshat, g‘aflat va jaholat deb javob olursiz. Bu uch qish oylari ila tan, aql va ko‘zlari muzlab, sovuq urgan daraxtlar kabi mevasiz qolgan ota va bobolarimizning mukofotlaridan iborat bo‘lub chiqdi.

Demak, yigirma yil avval, bosturma tagida, poxol ustida chaksa jo‘xorini ikki oy go‘ja oshi qilub ahlu ayollari ila ichub, bo‘zdan yaktak va lozim, olachadan to‘n kiyub, haftada uch kun sayr, to‘rt kun na’lchilik qilub, shul tariqa bir hunar ila bo‘lsa ham tamini maishat mukammallanub, o‘zlarining doxiliy va xorijiy fisqu fasod, shar’u-shururlarig‘a yetushub, yana besh pul, o‘n pul yonlarida qolur ekan. Ajabo, nima bo‘lmishdirki, ul ustalarning ko‘plari gado bo‘lub ketgandirlar. Ammo ba’zilari otalaridin qolmish bir oz mulklarini bir tarafidan o‘purub, qo‘shub, amallab kelmakda va ba’zilari yetushdura olmay, butun bu hunarlaridan kechub, boshqa bir yo‘l va kuyg‘a kirub ketmakdadirlar. Demak, yolg‘uz bu kasb ahli emas, har bir kasb ahli shundog‘dir.

Xususan, 1912 yildan boshlab aksar kosiblar zararlanub, mardikorlikka kira boshlaganlari uchun kuchsiz mardikorlarni bozor olmay, bu yillardan alar gadoylarga qo‘shilub, 1914 yil ramazonda gadoylar boshqalarga qaraganda yuzga qirq protsent bo‘lub ketgan, desak ham lof bo‘lmaydir.

Mana bu razolat, xayrchilik va xorlik na yerdan keldi? Na’lsiz kafshlarning ko‘payganidanmi? Turmush xarajatlarining ortganlig‘idanmi? Yoxud oyog‘imiz tagidagi kafsh na’lining aqchasig‘acha fabriklar qo‘lig‘a o‘tub ketganlig‘idanmi? Oh, hunarlarimiz, qaysi tarafg‘a va kimlar qo‘lig‘a asir bo‘ldi?! Pul va mollarimiz qaysi tarafg‘a hijrat etmakdadir?!

Kecha bir kafshg‘a 20 tiyin olub, na’l qoqub bergan usta bugun darvozalar tagida: «Rabbi man, yo rabbi man ramazon!» deb qichqirmakdadir.

Bu xo‘rliklarning ilmsizlikdan kelganin shoyad o‘ylagan va aqlga solub qaragan kishi bilur.

Mana siz ila insonlikda barobar bo‘lub, ilm o‘qigan odamlarni ko‘rasizmi? Sizdan davlati taraqqiy etmagan bo‘lsa ham, siz kabi xoru zor bo‘lmasdan bir falon ila maishat o‘tkarub kelmakdadir.

Maqsudga kelaylik: hayotning eng birinchi dushmani va ofati bo‘lgan faqir va tamaga giriftor bo‘lmish mazlum va bechoralarga avvalgi ahvollarin so‘zlab o‘tgan eduk. Ko‘cha-ko‘chalarda to‘p-to‘p erkak va xotun, mayda-chuyda yetim va yesirlar to‘polon, shovqun va suron qilub yuradirlar. Zakot beruvchining eshigi tagida och bo‘rilardek bir-birlariga intilishub janjal, mushtlash. Birining boshi va birining chakkasi yorilgan, yosh bolalari oyoq tagida qolub dod va faryod qiladurlar. Buning ustiga qorinlari och, ranglari sarg‘aygan, ustlaridagi butun to‘nlari yirtilgan. Bu g‘urbat, bu zillat, bu xo‘rlik, bu asorat va bu razolat ila ertadan-kechgacha og‘izlari qurushub, ko‘zlari mo‘ltirab va mo‘ldir-mo‘ldir yoshlar oquzub, xoliq va roziqi haqiqiylari bo‘lg‘an janobi bori taollonink buyurgan besh vaqt sajdasidan bo‘yin tortgan mard yigitlar chorak gaz chit uchun o‘zlarig‘a o‘xshagan bir xudo bandasining eshigiga borib, buncha ta’zimlar qilub, tashakkurlar aytub va mehnatlar chekub, darbadar yurishlari, oh, qaysi bir inson naslini tahayyir zulmatiga cho‘mdurmas, qaysi bir haqiqiy musulmonning badanig‘a o‘tlar tushurmas va olamni zindon qilmas?! Oh, qani islomiyat ahkomi?.. Koshki, ul zakot beruvchi zotlar beradirgan bir necha vershuk chitlarini minnatsiz va ozorsiz bersalar edi.

Oh, alarning ertadan-kechgacha intizor qilub va xizmatchilarini buyurub, shovqun solganlarini, boshi demay, ko‘zi demay yo‘g‘on kaltaklar ila urub, og‘izlari, ko‘zlari, xotun va qizlari demay, haqoratlar qilub, necha xil dashnom va ta’nalar ila turtub-turtub yuborub qilgan muomalalarini ko‘rub, har bir joni bor inson sinfidagi zot, kofur bo‘lsun, musulmon bo‘lsun, islomning yolg‘uz ismigina qolg‘onlig‘iga hukm qila oladur. Demak, bu qayerdan keldi, nadan bo‘ldi, shoyad bilursiz. Ey, koshki, boylarimiz bu tariqa azob, kulfat va ozor ila beradirgan zakotlarini bermasdan, o‘zlari yeb qo‘ya qolsalar edi. Faqirlik va zarurat sitami ila alamzada bo‘lgan ul bechoralarning dilidagi dog‘ ustiga qora yog‘ quymasalar edi. Mabodo aning kasofatiga mundan ham battar kunlarga qolmasam edi?!

«Sadoi Turkiston» gazetasi, 1914 yil, 10 avgust


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"