Ey vujuding kelibon ma’dani ehsoni saxovat...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ey vujuding kelibon ma’dani ehsoni saxovat...
by Rojiy Xorazmiy

Ey vujuding kelibon ma’dani ehsoni saxovat,
Ostoningda ikki qul durur iqbolu saodat.

Xotiring ko‘zgusini aylamasun dahr muqaddar,
Yetmasun ko‘nglingga hech vajh ila osori malolat.

Mataki dargohi falak johi duogo‘ydururman,
Arzi hojat qiluram gar karaming bersa ijozat.

Bor edi bir kishiga berajak ikki tillokim,
Va’dalig‘ vaqti yetib, bergani yo‘q manda bizoat.

Keladur har kun olurg‘a haqqini qahrlar aylab,
Sovutib chehrasini, ko‘rguzub anvo’i shinoat.

Mani bekas qilibon har kun anga o‘zgacha hiyla,
Qaytarurman necha yolg‘on so‘z ila, bu ne qabohat.

Ko‘rgach oning yuzini titrashadur jon ila ko‘nglum,
Soladur boshima har kun mening oshubi qiyomat.

Agar ihsoning oning daf’ig‘a aylar esa chora,
Topg‘ay erdim mani bechora janobingda farog‘at.

Arzi hol ayladi xoma tilidin Rojiyi mahzun,
Qilg‘an uchun tilini lol o‘zi desa xijodat.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse