Ey pari

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ey pari
by Oraziy

Ey pari, boshing haqi, holimga bir nazzora qil,
Surati holim ko‘rib, insofa kel, bir chora qil,
Lutf qil, xohi g‘azab, men zor xizmatkora qil,
Har qachon husning zakotin mustahiq bechora qil,
Iltifoting tashnai didor o‘lan xummora qil.

Chorasizlikdan degayman, zulm qilsang mayliga,
Tig‘i mujgoning bilan bag‘rimni tilsang mayliga,
Bo‘lmadi dardim yashirmoq, endi bilsang mayliga,
Xo‘pmidir, debsan: «Raqiblardan siqilsang mayliga»,
Mendagi maqsad yo‘lida, xohlasang, ming pora qil.

Avvali xo‘p mehribonliklarni qilding noz ila,
Har savol etsam javob ayding shirin e’zoz ila,
Goh o‘qib «Gulyor», goh «Ushshoq», goh «Shahnoz» ila,
Teng bo‘lolmas hech mahvash sen kabi tannoz ila,
Xo‘b emas kuygan jarohatga sepib tuz, yora qil.

Ohkim, hajringda mundog‘ zor o‘lay tokaygacha,
G‘ayrlar oldida ayshi tor o‘lay tokaygacha,
Zor yig‘lab tashnai didor o‘lay tokaygacha,
Yod etib o‘tmishni, minnatdor o‘lay tokaygacha,
Sizga kim o‘rgatdi: «Oshiqlarni baxtin qora qil!»

Bulbulingman, nola aylay, ey yuzi gul, yor-yor,
Arz etay hasratlarimni, senga yig‘lab zor-zor,
Kulmagil, sanchilsa bag‘rimga agar ming xor-xor,
Notavon ko‘nglimda vasl ummedidan axbor bor,
Yo‘l yurish ta’limini tovusi xush raftora qil.

Ishq zavqini bilurmu xudparast nopoklar,
Vasl qadrin qayda bilgay bulhavas beboklar,
Shod emas jannatga kirsa, hajrdan g‘amnoklar,
Chekmak o‘lmas Oraziydek ohi otashnoklar,
O‘rgilay, bir yo‘l xiroming sahnai gulzora qil.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse