Jump to content

Ey jafojo‘ g‘ayr birla oshnoliq qilmag‘il...

From Wikisource
Ey jafojo‘ g‘ayr birla oshnoliq qilmag‘il...
by Bayramxon
333544Ey jafojo‘ g‘ayr birla oshnoliq qilmag‘il...Bayramxon

Ey jafojo‘ g‘ayr birla oshnoliq qilmag‘il,
Oshno bo‘lg‘an yoronlardin judoliq qilmag‘il.

Oshnolig‘ yaxshidur, lekin yamondur el tili,
Tilg‘a tushgan xalq birla oshnolig‘ qilmag‘il.

Bevafolig‘ garchi husn ahlig‘a rasmedur qadim,
Sen ularg‘a o‘xshamassen, bevafolig‘ qilmag‘il.

Beadoliqdur vafo tark aylamak husn ahlig‘a,
Bevafoliq tarkin ayla, beadoliq qilmag‘il.

Bayramo, chun e’tiboring yo‘qturur yor olida,
Ko‘rsatib anga o‘zungni xudnamoliq qilmag‘il.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.