Jump to content

Eski shahar «Cheka»si atrofinda

From Wikisource
Eski shahar «Cheka»si atrofinda (1920)
by Abdulla Qodiriy
334267Eski shahar «Cheka»si atrofinda1920Abdulla Qodiriy

Ikki yil endi yarim yorti hukumat ishlari o‘z qo‘limizga berilib keladir. Bizning uchun o‘lka masshtabinda ish ko‘rmoq (ozgina istisno ila) to‘g‘ri kelmasa ham shahar, uyaz, qishloq ishlarimiz o‘zimizga topshirildi. Ikki yildan beri ba’zi juz’iy ishlarimizni o‘zimiz yuritib kelamiz. Tabiiy, ilgariroq idoralarimiz boshiga o‘lturgan mehmonlar tajribasizlikdan idora ishinda o‘zlarini tuta olmaganlikdan va…lardan xalqni tashvish ostinda qoldirib keldilar. Inqilob to‘lquni bosila tushdi, suv tindi. Kimni kim ekanlig‘i aniqlana boshlab, ish boshig‘a haqiqiy xalq xizmatchilari bo‘lg‘an nomzodlargina o‘tquzuldi.

O‘tquzuldi, ammo ayni bir foji’a qarshisiga fahmim yetdi. Bu, o‘zimizdan idora ishlarini yurguzarlik ish kishilari yo‘qlig‘i edi. Tabiiy Nekalay istibdodi ila biz idora ishlaridan chetka qoqib, hayvon kabi maishat etmoqg‘a majbur ayladik. Ammo inqilobdan so‘ng bizga kerakli ish kishilarni hozirlamoq edi. Buni ishning ketishi ham bizga sezdirar edi. Lekin biz bunga e’tibor etmadik. «Bo‘lar-ketar»da davom etdik, ammo buning natijasi bu kun qarshimizda gavdalanib turadir.

Hozir idora ishlarimizni yurguzmoqg‘a kishimiz yo‘q, tabiiy, ruslardan qo‘yamiz. Lekin ruslar bizning tilimizga, urf-odatimizga butunlay tanish emas. Ishka rusdan xizmatchi olsaq til bilmaydir, yoniga bir tarjimon beray desak, bizda tarjimon anqoning tuxumi! Mana foji’a!..

Men bizning idoramizdagi oqsovni shu lahzada deb bilganligimdan bu kundan e’tiboran ish kishilari hozirlov choralarig‘a kirishuvni o‘z ahlining yodiga tushurib o‘taman. Bu kundan bo‘lak tadbiriga kirishmasak, kelajakda mundan ham yomonroq natijalar beruvi ko‘z oldidadir.

Eski shahar CheKasi (tergov hay’ati) uch-to‘rt davr kechirib, bir necha xoinlar qo‘linda nohaq o‘yun bo‘lgan kunlari ham bo‘ldi. Ammo so‘ngg‘i vaqtlarda o‘zimizning muqtadiri» xalq xodimi bo‘lgan kishilarimizni bu o‘runga qo‘ydik. Darvoqi’, bu o‘runga layoqatli deb bilgan kishilarimiz hozirgilar bo‘lib, bulardan boshqa layoqatligini topmoq bizning uchun g‘ayri mumkin edi. Lekin ish shundog‘ bo‘lsa ham Eski shahar tergov hay’ati o‘z tabiiy holinda bora olmaydir. Buning sababi ma’lum: — ish kishilarimizning yo‘qlig‘i!

Shu yaqin orada tergov hay’ati o‘rinlashgan binoda yong‘in voqi’ bo‘lib, bir necha kunlar CheKaning ishlari to‘xtamoqg‘a majbur bo‘ldi. Hay’at raisi Ergash o‘rtoq Nurmuhammad o‘g‘li na uchundur bir necha bora xizmatdan ozod etiluvni so‘rab iste’fo berdi esa-da, qabul etilmadi shekilli, u hamon iste’fosinda isror etadi.

Eshitilgan so‘zlarga qaraganda, Ergash o‘rtoqni yuqori doiralar xizmatiga olinuv ehtimol tutiladir. Har holda Ergash o‘rtoq fidoyi xalq xizmatchisi bo‘lganligidan bu o‘rtoqdan foydali xizmatlar kutulsa bo‘ladir. Ergash o‘rtoqni bu o‘rundan olingan taqdirda Kraykomning layoqatli kishini ta’yin etuviga ishonamiz. Ammo ilgarigi hollarning takror etilmovi ko‘zda tutilurga tevish.

Juboy

«Ishtirokiyun» — 1920 yil, 3 mart, 47-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"