Eski qo‘ra

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Eski qo‘ra
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon

(Qo’rasi bor odamning o’z og’zidan)

Eski qo’rani buzub o’rniga yangisini solish kerak edi. Men me’morni bo’sh qo’ra ichida uydan uyga boshlab yurib, ish ustidagi gaplar orasida, har xil baland-past gaplardan ham gapirib berdim. Yirtilg’an devol qog’ozlari, chang qoplag’an teraskalar, qurum bosqan pechka – bularning hammasi yaqin orada kechmish bir hayotning izlari bo’lib xotiralarni qo’zg’atardilar. Mana bu zinadan, chunonchi bir to’da mast odamlar bir o’likni olib tushayotib qoqilib ketkanlar va tobut bilan birga quyig’a yumalang’an edilar; tiriklar alam o’tarlik darajada zadalanganlar, o’lik bo’lsa, hech narsa bo’lmag’anday, sipohliqni qo’ldan bermagan va yerdan ko’tarib olib yana tobutqa solayotqan vaqtlarida unamag’anday qilib bosh tebratkan edi. Mana, qatorasida uch eshik: mana munisida yarqirlag’an uch juvon yashardi: uchalasining ham “mehmon izmoni” bo’lg’anlig’idan hammadan yaxshi yasanar va uy ijarasini ham vaqtida to’lardilar. Yo’lakning oxiridag’i eshik-kirxonanig’i, unda kunduzlari kir yuvilar, kechalari esa piva ichilib to’polon balolar bo’lardi. Mana bu uch xonaliq kvartirag’a kelsak, uning hamma yog’ini bakteriya va botsil kibi kasallik qurtlari bosqan. Yaramaydi bu joy. Bu yerda ko’p odamlar bemahal o’lib ketishdi, men sizni ishontirib ayta olamanki, bu kvartiraga bir zamon bir bechoraning qarg’ishi tekgan, shu uchun muning ichida yashag’an odam allaqanday noma’lum bir maxluq bilan hamma vaqt birga yashaydi. Ayniqsa, bir oilani sira esimdan chiqara olmayman. O’zingiz tasavvur qilingiz; boshqalardan hech bir ortiqlig’i yo’q, oddiy bir odam; onasi, xotini, to’rtta bolasi bor. Uning familiyasi Putoxin bo’lib o’zi natarisnikida oyig’a 35 so’m olib mirzalik qilardi. O’zi ichkilik ichmayturg’an dindor va jiddiy odam edi. Uy ijarasini to’lamay mening yonimg’a kirganida, hamma vaqt “tuzuk-quruq kiyinib kelolmadim” deb uzr aytardi; “uy ijarasi besh kun kechikib ketdi” deb ham uzr aytar, pulni olganlig’imni tilxat yozib bersam oqko’ngil bilan kulib turib “buning nima keragi bor! Yomon ko’raman men tilxat degan narsani!” dedi. O’zi bechorahol bo’lsa ham ozodagina yashardi. O’rtadag’i bir xonada to’rtta bola bilan birga ularning katta onalari yashardi; ovqatlari ham shunda pishar, shunda yotib uxlar, shunda mehmon kuzatar va hatto shunda o’yin-kulgi qilardilar. Mana bu xonada Putoxinning o’zi yashardi uning bir yozuv ustoli bor bo’lib ba’zi bir xil xususi buyurtmalarini rollar, ma’ruzalar va hokazolar ko’chirishni shunda o’tirib bajarardi. Mana bu – o’ng qo’ldagi xonag’a qo’shni o’tqizg’an; Yegorich degan bir islisar bo’lib, o’zi tuzukkina, lekin ichkilikka mubtalo bir odam edi; u hamma vaqt issiqdan qiylanar, shu uchun doim ustida bitta kaltacha, yalangoyoq yurardi. Bu odam qulf, to’pponcha, yoshbola tepki aravalarini tuzatar, arzon baho devol soatlarini tuzatishdan ham qochmas, tanga miri olib bolalarg’a siyg’ang’ich qilib berardi, lekin bu ishni jini sevmas, ul o’zini musiqa asboblari tuzatuvchi usta deb bilardi. Uning ustali ustida tashlandiq po’lat va temir parchalar orasida, qopqog’i ko’chkan garnun yoki bukilgan egri karnaylar ko’rilardi. O’tirg’an uyi uchun Putoxing’a ikki yarim so’m berar, hamma vaqt uyida – o’z dastgohi boshida o’tirar, uydan chiqsa faqat, tunuka lappaklarni pechkada qizitmoq uchungina chiqardi.

Men ba’zi-ba’zida kech fasllari shu kvartirag’a kirib qolardim, shunda har kirganimda mana bunday bir ko’rinishga duch kelardim. Putoxin o’z ustalida o’tirib alla narsalarni ko’chirib yozmoqda, uning onasi bilan horg’in chehrali purdoq xotini chiroq issig’ida chak tikib o’turalar; Yagoris egovni chiyqirtmoqda. Hali o’chib ulgurmagan issiq pechka esa harorat va dam purkmakda; og’ir havodan shchiy (karam sho’rva) hidi kelmakda. Qari, yo’qsul va tiqin bo’lsa ham, har holda bu kvartiradag’i ish baravar chehrali pechka oldig’a yoyilg’an yosh bola ishtonchalari, Yegorichning temir lappakchalaridan jimlik, yumshoqliq, mamnunlik bilan kelardi… Eshik ketida, shundakkina yo’lakchada sochlari chiroylik qilib taralg’an, quvnoq bolalar yugurishib o’ynaylar, ularning chuqur e’tiqodlaricha, bu yorug’ dunyoning hamma ishlari juda-juda va shu bo’yicha benihoya cho’zilib keta beradi, muning ustig’a yolg’iz, erta bilan – uyqudan turg’anda va kechqurun uyqug’a yotganda yodlangan duolarni o’qish kerak xolos.

Endi siz o’zingiz mana shu uyning o’rtasida, pechkadan ikki damgina berida, bir tobut turganini va uning Putoxinning xotini yotqanini tasavvur qilingiz! Albatta, xotini bir umr o’lmay turg’an erkak yo’q dunyoda, lekin bu o’lim – boshqacha bir o’lim bo’ldi. Janoza vaqtida men erining jiddiy yuzlari va zabtlik ko’zlarini ko’rgach:

“Yo, qudratingdan!” deb o’yladim.

Mana shunday tuyildikim, uning o’zi bolalari, katta onasi, Yegorich – bularning o’shalar bilan birga kvartirada yashayturg’an noma’lum maxluqning qora daftariga allaqachon tirkalib qolg’anlar. Men o’zim xurofotchi odamman, bu balki, mening hovli joy egasi bo’lib qirq yildan beri ijarachi qo’shnilar bilan dod muomala qilg’animdan kelgandir. Har qalay mening e’tiqodim shuki, har qanday o’yinda ham boshqa omadingiz kelmadimi, undan keyin taqiqlang’uningizcha yutquza berasiz; agarda taqdir sizni va oilangizni shu yorug’ dunyodan yo’q qilishqa bel bog’lag’an bo’lsa, doim sizning poyingizda tushub ketingizdan quvlaydi va boshingizg’a kelgan birinchi falokat, rasmi, tugalmas falokatlar zanjirining boshi bo’ladi… O’z tabiatlari jihatidan falokatlar ham toshqa o’xshaydilar. Baland qirg’oqdagi toshlarning bittasi o’rnidan ko’chib pastga yumalag’anidan keyin, boshqalari bir-bir ketin to’sa beradilar. Xullasi kalom, Putoxinnikida janozani o’qib chiqqanimdan keyin, unga va uning oilasig’a bu beomon janjaldan qutulish yo’q ekaniga ishonib qoldim…

Darhaqiqat, bir hafta o’tar-o’tmas, nataris Putoxinni xizmatdan bo’shatib uning o’rnig’a allaqanday yosh bir qizni o’tqizib qo’ydi. Nima bo’ldi deysiz? Putoxin joydan quruq qolg’anig’a uncha xafa bo’lmadi, yo’q! Uning g’azabini keltirgan narsa o’z o’rnig’a erkak kishini emas, yosh bir qizni keltirib o’tquzg’anlari bo’ldi. Nega yosh qizni o’tquzadilar? Bu narsa unga shu qadar qattiq tekkanki, uyiga qaytib kelganidan keyin, ul bolalarini tutib olib urg’an, o’z onasini so’kkan va o’lgudek ichib mast bo’lgan. Jo’rachilik hurmatiga Yegorich ham u bilan ichishgan.

Bir kuni Putoxin uy ijara to’lagali mening yonimg’a kirib turar edi, bu safar, muddatidan 18 kun o’tib ketgan bo’lsa ham uzr aytmadi, pulning tekkanligi xususida yozib bergan tilxatimni ola turib ham indamadi. Ikkinchi oyning ijarasini esa onasi olib kirib berdi; uning ham faqat yarmini berib qolg’an yarmini bir haftadan keyinga va’da qildi. Uchinchi oy uchun bir pul ham olganim yo’q, darvozabon ham mana kelib 23-kvartirada o’tirganlarning “bema’ni” yurishlaridan gina qilaturg’an bo’ldi. Bu narsalar, albatta, yaxshilik alomati emasdi.

Siz mana munday bir ko’rinishni tasavvur qilingiz, Piterburgning qovog’i soliq ertalaridan biri shu xira oynaklarga tikilgan. Pechka oldida kampir bolalarga choy ichirib turadi. Nevaralaridan faqat bittasi – eng ulkanigina stakan bilan ichadi, qolg’anlari choyni to’ppa-to’g’ri talinkachada ichalar. Pechka oldida Yegorich qo’nqayib o’tirib tunuka lappakchalarni o’tg’a tovlaydi. Kechagi pyanistalik ta’siri hali ham ketmagan: boshi og’irlashib ko’zi tinadi; ovozi bo’g’ilib chiqadi, o’z titrab – qaltiraydi va yo’taladi.

– Juda yomon yo’ldan urdi meni bu la’nati! – deb g’uduranadi ul. – O’zi ichgani yetmagan, boshqalarni ham yomon yo’lg’a boshlaydi.

Putoxin o’z xonasida qachonlardan beri ko’rpa, to’shak kabi narsalardan qaqlanib qolg’an karavati ustida o’tiradi; tashvishning zo’rlig’idan barmoqlari sochlari orasig’a kirib tashlab ma’nisiz ko’zlarini yerdan ola olmaydi. Ust-boshi yirtilg’an, sochlari to’zg’an, o’zi notob…

Kampir Vasyani shoshiltiradi:

– Ich tezrak, ich deyman, maktabingdan qolasan yo’qasa. Mening ham pol yuvg’ani ketaturg’an vaqtim bo’lib qoldi… – dedi.

Butun shu uyda o’zini tetik tutgan bitta shu kampir xolos. Ular eski zamonlarni yodig’a solib, iflos, qora ishlar bilan shug’ullana boshladi. Juma kunlari qarz kassasining polini yuvadi, shanba kunlar boylarnikiga borib kir yuvadi, yakshanba kunlari bo’lsa, ertadan kechgacha ko’chama-ko’cha yurib xayru-saxovatli oyimlarni qidiradi. Ishqilib har kun bir ishi bor. Kir ham yuvadi, pol ham tozalaydi, doyaliqqa ham qatnaydi, sovchilik ham qiladi, gadoylikni ham qo’ymaydi. Ori rost, g’amu-hasratning ko’pligidan u ham bir-ikki stakan ichadi. Lekin har qancha mast bo’lganida ham o’z ishini bilib qiladi. Bizning rus elida munaqa pishiq kampirlar ko’p, o’shalar tufaylidan yurtda munchalar baraka bor!

Choyini ichib bo’lib, Vasya, kitob-daftarlarini xaltachaga soladi-da, pechkaning orqasig’a o’tadi; u yerda kampirning kiyimlari bilan bir qatorda uning paltosi bo’lmog’i kerak. Biror minutdan keyin ul qaytib chiqib:

– Meni paltom qaerda? – deb so’raydi.

Kampir bilan boshqa bolalar – hammasi bir bo’lib paltoni izlagali kirishadirlar, anchagacha izlaydilar, lekin palto suvg’a singgan kesakday, bedarak bo’lib ketgan. Qaerda qoldi? Kampir bilan Vasya vahimaga tushkanlar, ranglari o’chkan. Yegorich ham hayron. Faqat Putoxin damini chiqarmasdan tek o’turadi. Bir narsa salgina joyida bo’lmasa dunyoni buza turg’an narsa, bu safar hech narsa bilmagan va hech narsa eshitmagan bo’lib o’turadi. Munda bir gap bor.

– O’sha sotib ichgan! – dedi Yegorich.

Putoxin indamaydi, demak rost. Vasyaning joni chiqadi. Uning marhum onasining movut ko’ylagidan buzilib tikilgan, juda yoshi kalikor astarlik, shunday yaxshi paltosi aroqqa ketgan! Demak, palto bilan birga, yon cho’ntagidagi ko’k karandash qalam, oltin harflar bilan frantsuzcha qilinib “Nota bene” (“Sog’inib esla!”) so’zlari yozilgan qaydlar daftarchasi ham aroqqa ketkan! Daftarcha orasida yana bitta rezinkalik qalam, undan boshqa yana tag’in alla qancha suratlik yelim qog’ozlar bor edi.

Vasyaning xo’p yig’lag’isi kelib edi-ku, lekin yig’lab bo’lmaydi. SHu tobda boshi og’rib turg’an otasi yig’i tovushini eshitdi, shovqin solib yer debsanib beradi, balki tutib olib uradi, shu xumorliq vaqtida ursa ham hazilakam urmaydi lekin. Kampir Vasyag’a bo’lishadi, unda ota kampirni ham ayab o’tirmasdan kaltaklay beradi; bu hangoma oxirda kelib Yagorisning mushtlashka aralashmog’i, Putoxing’a yapishmog’i va ikkalasining gursillab yerga ag’darilmoqlari bilan tamom bo’ladi. Ikkalasi yerda surilishib, tipirchilanishib yurib, mastlar, hayvonlar singari vahshat bilan pishnashadilar, kampir bo’lsa yig’laydi, bolalar chiyillashadi, qo’ni-qo’shni besaranjom bo’lib darvozabong’a odam yuboradilar. Yo’q yig’lamag’ani yaxshi.

Ovozini chiqarib yig’layolmasdan va jahlini yuzaga chiqarolmasdan Vasya sigirday mug’raydi, barmoqlarini egib sindirg’unday bo’ladi va yer tepinadi yoki o’z yengini mahkam tishlab olib, tish o’tmasroq narsaga yapishgan itday, zo’r berib uyoq-buyoqg’a jirkiydi. Ko’zlari qinidan chiqqan, yuzi jahlining kuchidan qiyshayib ketkan unga qarab turib o’z boshig’a ro’molini birdaniga tortib olib, damini chiqarmasdan, ikki ko’zini bir nuqtag’a tikkani holda qo’l va oyoqlarini jinnilardek o’ynata boshlaydi. Ana shunday vaqtda, men o’ylaymanki, bola bilan kampirning miyasida “biz tugadik endi, bizga tiriklik yo’q!” degan ravshan bir xayoldan boshga narsa aylanmaydi…

Putoxin yig’ilarni eshitmaydi, lekin ul o’z uyida o’lturib hamma narsani ko’rib turadi. Oradan yarim soat o’tgach, Vasya kampirning qalin ro’molig’a o’ralib maktabiga jo’nagandan keyin, ota, yuzi ta’rif va tavsif qilib bo’lmayturg’an bir holda, ko’chaga chiqib o’g’lining ketiga tushadi. O’g’lini chaqirg’isi, yupatg’isi, marhum onasining arvohini shafe’ keltirib turib undan kechirim so’rag’isi keladi, lekin ko’kragidan so’z o’rniga yolg’iz xo’rsinishli yig’i chiqadi. Kun erta, hali ham sovuq havo. SHahar maktabiga yetkanidan keyin, Vasya, o’z o’rtoqlaridan “kampirga o’xshaysan” degan ermakni eshitmaslik uchun, ustidagi qalin ro’molni olib ustidagi yalangqavat, yengil kiyimi bilan maktabga kiradi. Putoxin bo’lsa uyiga qaytgach, yana ho’ngrak otib yig’laydi, allaqanday bir-biriga yapishmag’an so’zlarni aytib g’uduranadi, ham anaqa, ham Yegorichga, ham uning ish do’koniga quyuq-quyuq ta’zimlar qiladi. So’ngra bir oz o’ziga kelganidan keyin, yugurganicha mening yonimga keladi va nafasi bo’g’ziga tiqilgan holda, xudo hurmatiga yalinib mendan birorta ishka joylab qo’ymag’imni so’raydi. Men va’da berib ishontiraman, albatta.

– Endi ko’zim ochildi, xayriyat?! – deydi ul. – Esim kira turg’an vaqt ham bo’ldi. Xov aynidim, bas endi!

Sevinadi, menga qulluqlar qiladi, men bo’lsam, shu qo’rag’a ega bo’lg’animdan beri, shuncha zamonning ichida, bu hurmatli qo’shnilarni juda yaxshi tanib olg’anlig’imdan, uning yuziga qarab turib, to’ppa-to’g’ri o’z betiga:

– Kech qolding, jigarim! Sen o’lgan kishisan, – degim keladi.

Menikidan chiqib, Putoxin, to’ppa-to’g’ri shahar maktabiga chopadi. U yerda uyoq-buyoqqa bosib yurib o’g’lining maktabdan chiqishini kutadi.

Nihoyat, Vasya chiqqanidan keyin, sevinib:

– Menga qara, Vasya! – dedi ul. – Menga hozir xizmat topib birga turg’an boladir. Sen shoshma, men senga juda yaxshi po’stin olib beraman… Men seni gimnaziya maktabiga berdiraman! Tushundingmi? Gimnaziya maktabiga! Men seni katta odam qilaman! Ichkilikni bundan nari og’zimga olmayman. Azbaroyi xudo og’zimga olmayman.

U porloq kelajagiga juda puxta ishonadi. Lekin yana kech kiradi. Kampir, ikkita bir miriligini ko’tarib, xorigan, charchagan va ezilgan holda uyga keladi-da, bolalarning kiyimlarini yuvg’ali o’turadi. Vasya o’turib hisob masalasini hal qiladi. Yegorich ishlolmadi. Ul, Putoxinning “sharofatida” ichkilikka yomon o’rganib qolib shu tobda ichkilikning qattiq xumori tutayotir. Uylar issiq, dam. Kampir kir yuvib turgan tunuka tog’oradan buruqsab-buruqsab bug’ chiqadi.

– Bir borib kelsakmi? – deb, tundlik bilan so’raydi Yagoris.

Mening ijarachi qo’shnim indamaydi. SHuncha ko’ngil qoralig’idan keyin ul aslo chidab bo’lmayturg’an darajada siqiladi. Xumor bilan, xafaliq bilan zo’r berib olishadi… Albatta, xafaliq zo’r keladi. Undan narisi ma’lum…

Qorong’i tushkanidan keyin Yegorich bilan Putoxin chiqib ketishadi; erta bilan Vasya kampirning qalin ro’molini ham topolmay qoladi.

Mana shunday gaplar o’tkan bu kvartirada. Qalin ro’molni sotib ichkach, Putoxin, shu bo’yicha uyiga qaytib kelmadi. Qay yerlarda yo’q bo’lganini bilmayman. Ul bedarak yo’q bo’lg’anidan keyin kampir ham ichkilikka berildi, so’ngra og’rib yotib qoldi. Uni xastaxonag’a olib keladilar, yosh bolalarni allaqaysi qarindoshlari olib ketdi, Vasya bo’lsa mana shu kirxonag’a ishka kirdi. Kunduz kunlari dazmol qizitib berib, kechalari pivo ketidan chopardi. Kirxonada haydab chiqargan edilar, allaqanday bir yosh “juvonning xizmatig’a kirib, allaqanday xizmatlar ketidan, kechalari chopaturg’an bo’ldi. Uning o’zini ham “dallol bola” qo’ydilar. Undan keyin nima bo’ldi ekan, xabarim yo’q.

Mana bu xonada esa o’n yil bo’lib bir qashshoq gadoy cholg’uchi yashadi. O’lganidan keyin ko’rpasining qavatidan yigirma ming so’m pul topib oldilar.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse

Translation:

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse