Jump to content

Eski kitoblar savdosini qo‘lga olaylik

From Wikisource
Eski kitoblar savdosini qo‘lga olaylik (1935)
by Abdulhamid Choʻlpon
335393Eski kitoblar savdosini qo‘lga olaylik1935Abdulhamid Choʻlpon

Eski kitoblarning ahamiyatini so‘ylab o‘ltirishga hojat yo‘q. Umuman, hamma madaniy meroslar ichida eng katta o‘rin tutkan kitoblar ekani barchaga belgilik.

Jumhuriyatimizning turli burchaklarida, har kimlarning qo‘lida bekinib, ortiqcha matax bo‘lib yotgan qimmatli asarlar juda ko‘p. Bular egasini topolmay chang-tuproq orasida ko‘milib yotadi. Holbuki, kundan-kunga soni o‘sib turgan ilmiy xodimlarimiz uchun ular juda kerak. Undan tashqari, saviyasi o‘sib, madaniy darajasi ko‘tarilib turgan omma ham yangi va eski kitoblarga talabgor.

Ittifoqning boshqa qismlarida eski kitoblar savdosi davlat muassasalari qo‘liga olingan. Bular qimmatli asarlar tushganda darhol ilmiy tashkilotlar, kutubxonalar va muzeylarga topshiriladilar. Shu bilan birga ommaviy talabgorni ham qondirib turadilar. Chunonchi Moskvada nuqul eski kitoblar olib sotilaturgan o‘nlarcha davlat magazinlari bor. Bizda ham eski kitoblar boyligining zo‘r ekaniga qaramay, butun O‘zbekistonda loaqal bir kioska ham yo‘q. Shuning uchun bu ish allaqanday savodsiz odamlar, to‘g‘risi chayqovchilar qo‘lida qolib kelmoqda.

Bizning fikrimizcha, O‘znashr bu ishga ayrim ahamiyat berib “bukinist” do‘konlar ochmog‘i yoki o‘z katta magazinlarida ayrim burchaklar tashkil qilmog‘i kerak. Ehtimol ba’zi o‘rtoqlar: “O‘znashr yangi kitoblar savdosini qanchalik yo‘lga qo‘yib ediki, endi eski kitoblar bilan mashg‘ul bo‘lsin?” deb aytarlar.

Hech bo‘lmaganda, O‘znashr tajriba uchun Toshkentning o‘zida bunday bir magazin ochishi mumkin. Buning ustiga yana, albatta, bu masala ahamiyatli bo‘lgani uchun, Maorif komissarligi ham ko‘maklashmay qolmasa kerak. Ayrim kutubxonalar bu ishga qiziqqanlari uchun ular ham aralashib turarlar. Demak, jamoat kontrolligi va yordami har jihatdan ta’min etilajaqdir.

Bunday bir magazin ochilganda qadimgi bosma va yozma asarlarni tanish, ularni kerakli kishilar va muassasalar qo‘liga to‘plash mumkin bo‘lganidek, so‘nggi vaqtlarda chiqib tarqatilib ketgan va qaytadan bosilmagan kitoblarni ayriboshlab turish uchun ham imkoniyat hosil bo‘ladi.

Binobarin, Maorif komissarligi va “O‘znashr”dan bu ishga e’tibor qilib, “sahhoflik” (bukinist) magazinlar ochish to‘g‘risida chora ko‘rmaklarini so‘rayman.

A.Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, N.Alimuhammedov, S.Siddiq.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi,

1935-yil, 27-may.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"