Jump to content

Epizodik ro‘llar ustasi

From Wikisource
Epizodik ro‘llar ustasi (1934)
by Abdulhamid Choʻlpon
334351Epizodik ro‘llar ustasi1934Abdulhamid Choʻlpon

(Artist G‘ulom Isomov)

Yong‘oq singari chanog‘idan bo‘rtib chiqib turgan ko‘zini menga tikib yonimda o‘lturadi. Juda kam kuladi bu yigit. O‘ltirgan joyida bir tizzasini balandrak ko‘ta­radi-da, uni ikki qo‘li orasig‘a olib, ikki qo‘lining barmoqlarini biri-biriga kirgizish bilan tizzasini bir nav’ kishan orasiga oladi. Sahnada ko‘p yillik xizmati bor emasmi? Omonsiz «grim» o‘z ishini qilg‘an: yuzida yuqoridan quyig‘a tomon zo‘r-zo‘r uzun-kalta ajinlar… Yuzining o‘zi ham grimga qobil: keng, tekis, uchlik va keng burni Qafqasiya odamlarinikiga o‘xshaydi. O‘ziga juda kelishib tushgan… Tiyotr ishlaridan va o‘z ro‘llaridan to‘xtab-to‘xtab menga gapiradi va gapirganda o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ini qur-qur ko‘tarib qo‘yadi. Sirk san’atkorlarining suyaksiz gavdasi kabi juda egiluvchi barmoqlari bor. Mayin ipakday gapiradi. Yengil xirgoyilarini aytmaysizmi. Ayniqsa, Qafqasiya xalqlarining kuylari tamoman deyarlik aksentsiz chiqadi. Suhbatbobligi ma’lum.
Men uning ro‘l tanlab rejisso‘rlardan xafa bo‘lganini eslayolmayman. Bu yigit «katta-kichik ro‘l yo‘q, yaxshi-yomon akto‘r bor» degan hikmatli gapni yaxshi bilaturg‘ang‘a o‘xshaydi. Rejisso‘rlar ham sahnada uning kim ekanini yaxshi biladilar, uning sahnaviy «maska»si ravshan. Shu uchun ro‘llar, aksari, o‘ziga bob chiqadi. Agar bob bo‘lmaganda ham, u o‘zi ishlab boblaydi. «Mushtumzo‘r» piyesasida juda epizodik bir ro‘l berdilar, yozuvchi u ro‘lni mensimagan, ya’ni unga hech narsa bermagan. Nihoyati bir qishloq muallimi yoniga kirib bir ariza yozdiradi, tamom. So‘z juda kam. G‘ulom Isomov ro‘lni ishlaydi, usta bir san’atkor kabi unga eng yaxshi bo‘yoqlarni beradi. Bir-ikki cho‘tka urish bilan bir qishloq choli yaratiladiki, u ko‘rganning esidan sira chiqmaydi. Chol juda qarig‘anidan miyasi aynib, aljirab qolg‘an. Uning shu xususiyatini Isomov taqlid qilib bo‘lmaslik darajada to‘la go‘zal va to‘g‘ri beradi.
Past rutbali Buxoro amaldorlaridan oqsoqol tipini bizning sahnamiz to‘la ma’nosi bilan Isomov orqali ko‘rgan bo‘lsa kerak. («Arslon» piyesasida.) Isomovning u oqsoqolini inqilobdan burung‘i hamma oqsoqollarning tipik bir namoyondasi qilib olganimizda ham yutqizmaymiz. Haqiqatda biz «Ars­lon»da to‘la bir oqsoqol tipini ko‘ramiz.
«Na’rangni tort, Xitoy»da qayiqchi cholni o‘ynaydi. Men u asarni ustoz Meyerxo‘ld tiyotrida ham ko‘rganman. Shuncha ko‘b massali ko‘rinishlarda Isomovning qayiqchisi o‘zini ajratib ko‘rsata oladi.
Xullas, sahnamizda epizodik va xarakter ro‘llar yetarlik darajada ko‘p, G‘ulom Isomov shu uchun mijoziga bob kelgan ro‘llarga boy (usta Marayim – «Rustam»da; Marayim tajang – «Yondiramiz»da; Markiz de Furlen Popoli – «Musofirxona bekasi»da; Pochta boshlig‘i – «Tergovchi»da; Kozimbek – «Tarix»da, Mister Gavker – «Shodlik ko‘chasi»da).
Yaxshi tiyotrlar yolg‘iz «katta» ro‘llarda o‘ynovchi akto‘rlar bilangina yashamaydi, ayniqsa, bizning buyuk elimizda!.. G‘arbda san’atkor taqdir etilmak uchun mutlaqo «yulduz» bo‘li­shi kerak yo go‘zal xotin… Bizda esa har kimning quvvati va qud­rati, iste’dod va hunariga yarasha joy va hurmat ta’min etilgan. U hurmatga sazovorlar orasida Isomov va uning qatoridag‘i san’atkorlar ham yaxshi va qiziqarli o‘run olganlar.
Epizodik deb atalgan ro‘llarda sahnaga bir nafas chiqib ko‘rinib, yana qaytish bilan butun piyesaga jon berib yuboradurg‘an ustalarni biz taqdim etamiz.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"