Eng muhim bir vazifamiz

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Eng muhim bir vazifamiz  (1923) 
by Abdulhamid Choʻlpon

“Zarafshon” rafiqimizda o‘rtoq Ismoilzoda “Unutilg‘an bir vazifa” sarlavhasi bilan bir bosh maqola yozib, xotun-qizlarimiz borasida maorif tarqatish masalasidan jiddiy suratda bahs etadir.

Bizda maktab, o‘qush o‘qutish va bilimlik bo‘lush masalasi juda jiddiy harakatlar bilan yo‘lg‘a qo‘yula boshlag‘an choqda, shu bilimdan xalqning erkak-xotunini bab barobar foydalantirish haqiqatan muhim va muhimligi unutilg‘an bir masaladir.

Durust, o‘rtoq Ismoilzoda aytganidek, “Keyingi vaqtlarda gazeta betlarida maktab va maorifga doir bir ko‘b so‘zlar va ishlar yozilib o‘tdi. Buning natijasida bir ko‘b ishlar ham qilindikim,bunga bir chin ko‘nglimizdan tashakkur va taxsin etishdan boshqa bir narsa ayta olmaymiz”. Faqat, bu harakatlarning natijasida ishlangan ishlar bir tomonliq bo‘lub qoldi. Ya’ni:

“Bu qiling‘an harakat va faoliyat faqatgina ijtimoiyatimizning bir sinfi bo‘lg‘an erlar sinfi uchungina maxsus bo‘lub qoldi. Ijtimoiyatning eng nozik bir yeri va balki asos bo‘lg‘an xotun qizlarning ahvoli hech bir e’tiborg‘a olinmadi”.

Bu to‘g‘ri.

“Turkiston”»da Toshkentdagi maktab imtihonlari to‘g‘risida bir kichkina maqola yozilib, imtihonlar natijasida qiz maktablarimizning g‘ayri oddiy (ne normalno) davom etkanliklari aytilib o‘tkan edi. Son jihatidan ham zotan juda oz bo‘lg‘an qiz maktablarimizning yana buning ustiga g‘ayri oddiy davom etishlari umumiy maorifimiz uchun katta kamchilikdir. Buning oldini to‘qtovsiz olmoq darkor.

Bu to‘g‘rida markazdan ko‘ra mahallalar ko‘prak yomon holda bo‘lunalar. Ismoilzoda o‘rtog‘imizning gapiga qarag‘anda “Samarqanddek” viloyat shaharida birgina bo‘lsa ham muntazam qizlar maktabi yo‘q. Ilgarida ko‘zga ko‘rinarlik bo‘lub kelgan Bibixonim maktabi hozirda so‘ng kunlarini o‘tkazadur. Bu maktabda 20 nchi yilda 50 dan ortiq qiz bolalar o‘qug‘ani holda,endi yuksalishdan pastlashga yuz tutub, o‘quvchilari 7-8 ta qolg‘an.

Bu hol – bir Samarqandda emas, har yerda shundaydir. Bu haqda o‘ylamoq, tushunmak va quruq tushunmak bilangina qolmasdan jiddiy va amaliy chora ko‘rmak yana siz va bizning vazifamiz.

Q

“Turkiston” gazetasi 1923-yil 12-may.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse