Endi yanglishmayliq

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Endi yanglishmayliq  (1927) 
by Abdulhamid Choʻlpon

(Okrug ijroqo‘mi e’tiborig‘a)

Samarqand poytaxt bo‘lg‘anidan beri dev odimlari bilan o‘smakda. Ayniqsa, bino solish ishlari juda qizg‘in ketayotibdir. Shaharga sharq tarzi me’moriysida chiroyli-chiroyli bir necha bino tushdi. Yana bir nechasi tushib turibdir. Yangi binolardan biri – eski shahardagi kino binosidir. Uning joyi chinakam muosir bir kino binosi bo‘ldi. Eski shahar xalqining bir necha yilgi kino ehtiyojini u bino qoplay oladi. Albatta, u bino eski ta’birimizcha, 16 chaqa bilan bitkan binolardan emasdir. Unga bir necha ming so‘m sarf qilindi, qancha mehnat to‘kildi, lekin binoni qilg‘an va ko‘brak qildirg‘anlar bir narsani unutdilar. U esa, u binoni ham kino, ham teatrga yaratmoq mas’alasi edi. Bizning mamlakatlarda yoz fasli juda uzun bo‘lg‘uchi edi; kuz bilan bahorning ancha vaqtlari xalqqa ochiq havoda tafarruj qilmoq imkonini berar edi. Muni shu mamlakatda bir oz yashag‘an har kim bilsa kerak edi, shu yerda tug‘ilg‘anlarni qo‘yabering endi!

Yolg‘iz, nima bo‘libdirki, shu jihatni bino soldirg‘uvchilar anglamabdirlar. Xalqning kinoga bo‘lg‘an ehtiyoji ularning ko‘zlariga filday bo‘lib ko‘rinibdir-da, teatrga bo‘lg‘an ehtiyoji qilday ham ko‘rinmaydir. Yo‘qsa, u joyni yoz fasllari uchun eski shaharda birdan-bir kino va ham teatr joyi qilg‘an bo‘lar edilar. Muning uchun dunyoni puli ham ketmas edi. Bir ming – yarim ming ortiqroq sarf qilinsa, sahnasi kengayar, shu bilan eski shahar san’atning boshqa bir bo‘lagida ham qozong‘an bo‘lar edi. Endi, eski shahar xalqining teatrga bo‘lg‘an ehtiyoji aniq bilingan vaqtda, yo yangi yozliq teatr binosi solishg‘a to‘g‘ri keladi, yoki haligi “kino – tovuq katagi”ni buzub kengaytirishga majbur bo‘linadi.

O‘tkan yil agar yanglishmasam, may oylarida shu bino solina boshlang‘an edi. O‘sha vaqtlarda eski shaharda kino “bilaman”i bo‘lib yurgan bir bola (kino jarchisi) eski shaharda soling‘usi yangi binolar to‘g‘risida o‘rtoq Ma’ruf Rasuliy bilan so‘zlashmak uchun siyosiy maorif markaz idorasig‘a bir-ikki daf’a kelgan edi. O‘shanda kino binosidag‘i sahnaning bir oz kengaytirilib solinishi lozimlig‘ini men qaytib-qaytib aytdim. U bola o‘zini shu ishlarga juda usta deb tushunganidanmi bilmadim, bir necha og‘iz o‘rischa so‘z aralashdirib… gapni boshqa yoqlarg‘a burdi va natijada shuncha pul sarf qiling‘ani holda quruq kino binosig‘a ega bo‘lib qolindi, kulli bir foyda qo‘ldan chiqdi…

Endi, yaqinda Samarqandga 1000 kishilik teatr binosi solmoq uchun muhandislar orasida plon musobaqasi e’lon qilindi. Albatta, butun ittifoq doirasida bo‘lg‘an bu ishga teatr muhandislari ham aralashar, teatrning o‘ziga muvofiq plan tayyorlanar. Shunday bo‘lsa ham kelgusida bo‘lmog‘i ehtimol yanglishlardan saqlanmoq uchun, okrug ijroqo‘mi va boshqa aloqador idoralarning ishlariga mana bu narsani hozirdan tushirib o‘tmakchi bo‘laman:

Bizning O‘zbekistonda zotan durust bir teatr binosi yo‘q edi. Toshkentning dongli “Kolizey”si ot o‘yun uchun soling‘an, u teatrga yaramaydi. Inqilobdan so‘ng eski Buxoro bilan eski Toshkentga bittadan ikkita yaxshi bino tushdi: ular chinakam teatrga atab soling‘anlar, lekin u ikki bino ham teatr muhandislari maslahatidan tashqari soling‘ani uchun buzuq soling‘anlar. Toshkentdagining sahnasini juda yaramas qilg‘anlar, Buxorodag‘ining tag‘in katta kamchiliklari bor. Holbuki, teatr binosining eng muhim joyi sahnadir; zolni yaxshilab, keng qilib, “ming kishilik” deb hovliqqanimiz bilan sahnamiz yaramas bo‘lsa, tor bo‘lsa, noqulay bo‘lsa, u bino teatr binosi bo‘lolmaydir. Musobaqaning plonlari kelganda shu jihatni esda tutib, chinakam har tomoni mukammal bir teatr binosi soldirishg‘a harakat qilmoq kerak. Bu uchun teatr muallimlari va teatr ahllarining bino solish ishlariga yaqindan aralashmoqlari lozim. Shuni Samarqand okrug ijroqo‘mig‘a eslatib o‘taman.

Cho‘lpon

“Zarafshon” gazetasi,

1927-yil, 18-avgust.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse