Jump to content

Dumbasi tushib qolgan emish

From Wikisource
Dumbasi tushib qolgan emish (1919)
by Abdulla Qodiriy
334211Dumbasi tushib qolgan emish1919Abdulla Qodiriy

Kichkina feleto‘n

Eski shahar Oziq sho‘basiga bag‘ishlayman

Go‘sh…

Otingdan o‘rgulay go‘sh!.. Nega muncha o‘zingni bizdan aziz tutding? Biz sening qadringga yetmadikmi?..

Men o‘quvchining go‘sh haqindagi holini bilmayman. Lekin o‘zim go‘sh otini eshitsam, og‘zimdin kalaba-kalaba suvlar keladir. O‘zini qassob akalar qanorasida ko‘rgandami? Ko‘rganda vasliga yetolmay yurgan ma’shuqangga uchrashgan kabi hush boshingdan uchadir. Ixtiyorsiz ichingdan gulduros ila: «Ey, go‘sh!» degan so‘z tashqariga otiladir. Jonajoning, mehriboning bo‘lgan go‘shning ikki qadog‘ini zolim noinsof qassobning qanorasidan ajratib olmoqchi bo‘lub, qahramononasiga jekirib: «Go‘shning qadog‘i qancha?» Badbaxt qassob ovozini buzmay: «Go‘shning qadog‘i o‘tguz olti so‘m, mulla aka!» (Ul mulla aka!) O‘ttuz olti so‘m! Eshitgach daming ichingga tushib ketadir. Bir so‘z qaytarmay mazlumona go‘shga termula-termula o‘z yo‘lingga jo‘naysan. Do‘sting bo‘lgan go‘sh ma’yusona bir ravishda orqangdan qarab qolur. Mana lofchiga yozmoqqa hafasli bo‘lgan yoshlarga material!.. Ramazon iydidan beri jonvor go‘shning ishtiyoqida oh-voh ila kun kechirib, Oziq sho‘basining marhamatiga intizorlikda kelmoqda edim. To‘g‘risini aytmoqg‘a majburdirmanki, bu orada butun kechalar go‘sh ishtiyoqida uxlay olmadim. Ko‘z ilinganda ko‘rilgan tushka ham go‘shdan boshqa nimarsa kirmaydi.

Qoq o‘ttuz birinchi kun deganda xalq tilida: «Ertaga Oziq komiteti go‘sh berar emish», degan xabarlar yuriy boshlab, yuragim azbaroyi xursandlikdan tors yorilayozdi. Bu xabar halidan hali to‘g‘riligig‘a chiqib, dilim urmoqqa boshladi. Butun sabru qarorim qo‘ldan ketdi… Uy ichimizni endi surishtirishmay ham, yetti yashardan tortib to yetmish yashargacha go‘sh xursandligiga chiday olmay raqsga (tansaga) kelgan edi. Shu kun mahalla komitetidan go‘sh varaqasini olganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Ertagi go‘sh shodligi ila bu kun kechasi butun uy ichimizda uyqu o‘rniga ertaga oladirgan go‘shning qay holda tomoq qilmoq maslahati edi: Oyimga monti durust emish, yangamga somsa yaxshi emish, hammadan ham akamniki qiziq, ertaga qorindan boshqasini yesa o‘zini o‘zi shahid qilar emish, buni ham qo‘ying, dadamga bir six bo‘lsa ham kabob tuzuk emish, endi meni ham tilagimni eshiting: menga hammasi bo‘lsa ham noz qiladirgan o‘rnim yo‘q…

Erta birlan uy ichidan fotihani olib, yo xu yo man xuni tilimga jo qilib, qo‘lda kattakon xalta ila… nchi qassoblik do‘koni qaydasan, deb yo‘lga ravona bo‘ldik. Uydagilar nuqul go‘shning kalta biqinini, moyning esa nuqul dumbasini olmoqg‘a ta’kidlab, duolashdilar.

Endi yo‘lda go‘shning beriladigan miqdori haqinda rivoyatlar ko‘b. Birov jon boshiga ikki qadoq desa, birov bir qadoq, deydi. Ikki qadoq deganning og‘zidan o‘pking, bir qadoqlikni bo‘g‘ging keladir. Yog‘ xususinda rivoyatlar uch xil: birov jonga bir qadoq, ikkinchisi chorak qadoq, tag‘i bir shaytonrog‘i: «Yog‘ olaman deb ovora bo‘lmanglar, komitet qo‘ylari daladan kelishda dumbasini yo‘lda tushurib qo‘yibdir», dedi. Menga qolsa dumbasi o‘g‘irlangan bo‘lsun! Ishqilib go‘shi yog‘liroq bo‘lsa bo‘lgani.

Mana! Yigirma… nchi do‘konning oldig‘a yetdim. Odamlar o‘ttuz quloch deb, o‘ttuz birinchi qulochning boshlamasiga biz turdik. Lekin hali go‘sh kelgani yo‘q emish. Dumga turgan chog‘imda soat o‘n birlar chamasi edi. Oftob peshonadan uradir. Biz qovrilib, peshonadagi terni surib turamiz. Oradan bir soat o‘tdi, go‘sh yo‘q. Biz komitetdan koyishib, tag‘i bir soat turdik. Lekin hamon go‘sh yo‘q. Uzoqdan bir aroba ko‘rinib qolsa ana, ana, shu go‘sh, deb hovriqishib, bir birimizni ilgarig‘a qarab itarishib siqamiz. Ichimizdan allakim «dod, siqildim», deb yuborsa tag‘i orqaga qaytib orani bo‘shatamiz. Oradan tag‘i yarim soat vaqt o‘tib ketdi. Lekin hamisha yo‘q, yo‘q, yo‘q. Oftobning issig‘i quvvatlanib, qob-qora terga tushib ketdik. Holdan toyganlar: «Go‘sh, yog‘ yemagan o‘libtimi?..» deb raddan chiqib keta boshladilar. Oz fursatni ichida o‘ttuz qulochlik dumda menga o‘xshash o‘lugi bir pullardan besh olti kishi qoldik. Oradan tag‘i bir soat vaqt o‘tgach, kunduz soat ikkilarda uzoqdan go‘shlik aroba ko‘rinib qoldi. Tabi’iy, bu arobadagi go‘sh bizim uchun edi. Uzoq-uzoq «ux» tortishib qo‘ydik. Aroba do‘konning oldiga to‘xtagach, na ko‘z ila ko‘raylik, bir aroba qib-qizil o‘pkaga o‘xshash go‘sh — yigirma martaba ag‘darish-to‘ntarish qilganda chigitdak moy topish mumkin emas. Buning ustiga ustob terisi so‘yulib olingan bo‘lganidan go‘sh ustiga chang-tuproq o‘lturub allanichkalangan.

Go‘shka qo‘ygan muhabbatimning o‘rnini hozir bir nafrat oldi, ko‘ngil ag‘darilib qayt qilayozdim. Mana senga go‘sh! Bechora qo‘yning gavdasiga xitoban: «Ey, bechora qo‘y, sen nima gunoh qildingki, seni bu holga tushurib ozdirdilar», dedim. Ixtiyorsiz qo‘ylarga rahmim kelib, ko‘zim yoshlandi. Biz qo‘yning dumbasi ikkinchi arobadadir, deb o‘ylab o‘lturgan edik. Lekin ichimizdan kimdir birov: «Moy qani?» deb qassobdan so‘radi:

— Moyi yo‘q! — dedi qassob. Men ixtiyorsiz xaxolab kulib yubordim. Ertalabki shaytonning «Komitet qo‘yining dumbasi tushib qolgan», so‘zi esimga tushgan edi:

— Ha, badbaxt, rost gapirgan ekansan, — deb qo‘ydim. Go‘sh jonboshiga yarim qadoq emish.

To‘rt qadoq shaqir-shuqir so‘ngakni uyga ko‘tarib kelganimda uydagilarni ham tarbuzi qo‘ltug‘idan tushkan edi.

Julqunboy

«Ishtirokiyun» 1919 yil 11 avgust, 154-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"