Dardi sirimni kavlama

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Dardi sirimni kavlama
by Boborahim Mashrab

Ey sabo, gʻambodadurmen, bistarimni kavlama,
Chun shafaqoludaman, xokistarimni kavlama.

Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur,
Senki Majnun boʻlmasang, sardaftarimni kavlama.

Xonavayronlar bilur aftodalarning holini,
Eyki, mahram boʻlmasang, chashmi tarimni kavlama.

To kishiga dard tegmay, boʻlmadi bagʻri kabob,
Dilda darding boʻlmasa, dardi sirimni kavlama.

Hajr toshidin zarru ofat boshigʻa yetgan oʻzum,
Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama.

Yeti doʻzax oʻrtanur aftodalarning ohidin,
Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama.

Lomakonning shahrini bu hu bila sayr ayladim,
Jabrayil, borgʻil nari, bolu parimni kavlama.

Bahri rahmatga kirib, qildim vujudimni adam,
Maʼrifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama.

Durri daryoyi maoniy boʻldi chun Mashrab, vale
Diydabino boʻlmasang, koʻz gavharimni kavlama.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse