Dardi dilim ango dedim...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Dardi dilim ango dedim...
by Ogahiy

Dardi dilim ango dedim, dema oni mango, dedi,
Kim manga oshiq o‘lsa ul lozim erur ango, dedi.

Yuz uza ikki nargising, vah, ne balo qaro, dedim,
Ko‘nglung-u joning olg’uchi ikki qaro balo, dedi.

Lablaring og‘zima yetur jon topoyin ango, dedim,
La’li tabassum aylabon yo‘qmu o‘lum sango, dedi.

Quchmoq erur beling hazin ko‘ngluma muddao, dedim,
Yo‘qmu uyoting ushbu so‘z degali, beibo, dedi.

Husnungga aylayin nazar man sori bir qara, dedim,
Yoshurubon yuzin, ket, ey masxara, behayo, dedi.

Bo’sayi lab savob uchun ayla mango ato, dedim,
Qosh-u qapog’ini chetib, qo‘y, bu so‘zing xato, dedi.

Vah, erkan etmagung hech vafo mango, dedim,
Zohir o‘lubdurur qachon husn elidin vafo, dedi.

Xasta ko‘ngulga qilg‘asan muncha nedin jafo, dedim,
Dema jafo oni saning dardingadur davo, dedi.

Ogahiy komini nedin aylamagung ravo, dedim,
Kom topormu jonin ul qilmog’ ucha fido, dedi.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse