Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?  (1927) 
by Oybek

“Qizil O‘zbekiston”ning 37-sonida “O‘zbek yosh shoirlari” sarlavhasi ostida o‘rtoq “Ayn”ning bir maqolasi bosilib chiqdi, bu maqolada “Ayn” Cho‘lponni tekshirmoqchi bo‘ladi. Albatta, shoir va adiblarning asarlarini, ularning adabiyotda tutqan mavqelarini, keltirgan yangiliklarini, nuqsonlarini ilmiy bir meto‘d bilan tekshirish yaxshi. Lekin yosh adabiyotimizning ko‘rimli chechagi bo‘lg‘an Cho‘lpon haqida fikr yurittan o‘rtoqlar uni haqqila tekshirib ko‘rsata olmadilar. Ba’zi birlari shoirni “Yassaviy” qilib qo‘ysalar, ba’zilari – “Ayn” kabi – masalaga ilmiy nuqtai nazardan kelmasdan, “munaqqiq” va “munaqqid”lik qilmoqchi bo‘ladilar.

Biz bu maqolada Cho‘lponni tekshirish emas, balki o‘rtoq “Ayn”ning maqolasi ustida to‘xtalmoqchimiz.

“Ayn” maqolasining qisqacha mazmuni shundan iborat: Cho‘lpon yo‘qsil el shoiri emas, millatchi ziyolilarning shoiri. Cho‘lpon – badbin, Cho‘lpon – xayolparast.

Adabiyot ijtimoiy hayotning aks-sado(exo)si va davrning mafkuraviy ko‘rinishidir. Sinflik jamiyatda adabiyot, shoir va adiblarning haqiqiy fizionomiyasini ko‘rish uchun munaqqid, avvalo, jamiyat takomulining prujinasi bo‘lg‘an omillarini tayinlashi lozim. Chunki adabiyotning so‘nishi yoki porlashi, adabiyot sahnasiga bir shoirning chiqib qolishi tasodifiy (sluchaynost) emas. Umuman, dunyoda tasodif yo‘q. “Tasodif bizning nodonlig‘imiz natijasidir”. Shu tartibda ijtimoiy (sotsiyologicheskiy) meto‘d bilan qurollanib shoirlarning basharasiga qarash adabiy sirlarni ochib beradi, munaqqidni sehrli doiradan olib chiqadi.

Cho‘lponning “nuqson tomonlari, xususan, mafkurasi” to‘g‘risida gapirmakchi bo‘lg‘an “Ayn”da xuddi shu meto‘d yo‘q. He yo‘q, be yo‘q, qalamga yopishadi: “Cho‘lpon xayoliga berilgan”, “Haqiqatni xayol ko‘zi bilan ko‘radi”, deb xayoldan qochqan “og‘ir boshli” “Ayn” o‘zining ko‘kda uchishidan xabarsiz. Cho‘lponning yetishgan davrlariga qarag‘usi kelmaydi. Uning taraqqiyoti qadamlarini sanamaydi. Davrlarga bo‘lmaydi. Shoirlar xayol bilan ko‘kka uchsa, ha, shoir-da, deymiz. Ammo munaqqidning uchishi hammadan qiziq.

Cho‘lponda milliy parchalar yo‘q deb hech kim ayta olmas. Bu – fakt. Nima uchun ko‘ngliga milliy tuyg‘ular mahkam o‘rnashdi? Cho‘lpon nima uchun proletariat mafkuralik shoir bo‘la olmadi? Mana bu masalalarni yeshish uchun “Ayn” kabi masalaga yuzaki qarab ketish kifoya qilmas. Buning uchun marksizm ko‘zligini taqib olib, davrlarga yana chuqurroq qaramoq kerak. Marksistcha ijtimoiy meto‘d shunday yuzakilikka qarshidir. Hodisalarni atroflicha tekshirib, so‘ngra hukm beradi. Masalaga yuzaki, bir tomonlama qarash burjuaziya olimlarining ishidirkim, ular har vaqt eng buyuk masalalarni “irqiy xususiyatlar”ga yoki shunga o‘xshash juda ma’nosiz “faktor”larga bog‘lab qo‘yadilar.

Adabiyot – sinfiy. Sinflarning rangini qabul qiladi. “Har bir sinf o‘z manfaatlarining prizmasi orqali hayotiy faktorlarni idrok etadi. Bundan ma’lumki, san’atdagi har bir mafkura sinfiy bo‘ladi” (Lunacharskiy). “Ayn” ham shunday fikrlarni eshittan bo‘lsa kerak, Cho‘lponni sinfiy nuqtai nazaridan tekshirmakchi bo‘ladi. Faqat eplay olmay, sehrli doiralarga tushib ketadi.

3-4 misra she’r olib, mana, Cho‘lpon millatchilar, boylar shoiri, o‘rislarni yomon ko‘radi, deydi-da, “Cho‘lpon inqilobdan rozi” deb o‘zining fikriga o‘zi qarshi gapiradi. Cho‘lpon bir shaxsdir. Shaxs esa ijtimoiy muhit chizgilarining kesishgan nuqtasidir, desak bo‘ladi.

Cho‘lpon shu holda proletariat shoiri bo‘la olarmidi? Albatta, bo‘la olmaydi. Shu kungacha hech kim uni proletariat mafkurasining shoiri, degan ham emas. Mafkura bir oy yoki bir-ikki yil badalida o‘zgarib ketadurg‘an narsami? Bir-ikki kitob yoki bir qancha leksiya tinglab mafkurani o‘zgartirish mumkinmi? Yo‘q. Zehniyat (mirovozreniye) kurash va hayot bilan kasb etiladi va shuning-la o‘zgaradi. Shuning uchun bizda shu vaqtgacha haqiqiy proletariat shoirlari yetishmadi, shoirlarning quloqlaridan cho‘zib turib “yo‘qsillar shoiri bo‘l” dyeyish mumkin emas.

Bu kun inqilobning og‘ir kunlarini o‘tkazdik. Qalbdagi amal chechaklarining ochilishini ko‘rish uchun ishchi, dehqon ommasi har qanday to‘siqlarni yiqitib, erkin turmushg‘a chiqdi. Madaniy va iqtisodiy yuksalish davri boshlandi. Firqamizning rahbarligi ostida barobarlik va erkinlik asosiga qurilg‘an ideal jamiyat amallarini qurishg‘a boshladik. Marksizm va leninizmni qalblariga joylashtirib, kommunizm uchun kurashkuvchi minglarcha ishchi-dehqon bolasi yetishmaqda. Ishchi tuyg‘usini tarannum etadurg‘an yo‘qsul el shoirlari mafkurani kurashda, hayotda kasb etib kelayotqan yangi nasldan chiqadi.

Biz Cho‘lpondan bu narsani hozircha kuta olmaymiz. Cho‘lpon o‘zining muhiti, tarbiyasi va intilishlari e’tibori-la bundan uzoq. Yana qaytaramiz, mehnatkash ommaning tuyg‘ularini chinakam tarannum etkuvchi proletariat adabiyotining shoirlari inqilob va uning qizg‘in kurashida qo‘yilg‘an yangi unsurlardan o‘sib chiqadi.

“Ayn”ning maqolasida yana shunday tutanturiqsiz narsalar bor. “Cho‘lpon xayolparastdir. Chunki millatchilar, ziyolilar va shu mafkurani qabul qilg‘anlar uchun xayoldan shirin, xayoldan lazzatli narsa yo‘q, shunga o‘xshash Cho‘lpon ham ming qabat ko‘klarda yuradi”, deydir. Ana “Ayn”ning mantiqiy tushunchasi.

Demak, kimki millatchi bo‘lsa – xayolchi, millatchi bo‘lmag‘an kishi – xayolsiz. Ehtimol, millatchilar o‘z “g‘oya”lariga erisha olmay xayolot quchog‘iga otilg‘andirlar.

Lekin bir shoirni tekshirib turg‘an munaqqidning shoirdagi yaratuvchi xayoliy manbani millatchilikka bog‘lab qo‘yishi, menimcha, xato. Bashariy tuyg‘ular bilan toshqon proletariat shoirlarida xayol yo‘q deysizmi? Agar millatchilik bilan xayol bir-biriga bog‘liq bo‘lsa, butun shoirlar millatchi ekan-da. Dunyoda hech kim xayolsiz shoir va xayolsiz adabiyot tasavvur eta olmas, balki “munaqqid” “Ayn” tasavvur etmasa… shoir mantiqning qat’iy chizig‘idan chiqa olmaydurg‘an mutafannin emas-ku. Realniy faktlar tizmasi she’r hisoblanmas. Bunga hayot berguvchida shoirning oltin qanotliq xayolidir. “Millionlarga tushunarlik badiiy shakl” yarataturg‘an shaxslar ham quvvali yaratuvchi xayolga ega bo‘lg‘anlardir. Xayolning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida buyuk Leninning shu so‘zlari shoyon diqqatdir: “Xayol faqatkina shoirga kerak, deb bekorga aytadilar. Matematikada ham xayol lozim. Xayolsiz differensial ham jintigral (oliy riyoziyotning bir qismi – O.) masalalarini yeshish imkonsizdir. Xayol eng buyuk qiymatlarining kayfiyati (kachestvosi)” (“Yangi iqtisodiy siyosat haqida Lenin”, sahifa 176).

Qarang, adabiyotchi “Ayn” shu masalada ham fikriy no‘noqlik qilib yuzaki hukmlar beradi. Shoir – adiblarni tekshirish yaxshi. Faqat “Ayn” kabi emas, chuqur va ilmiy meto‘d bilan.

Cho‘lpon bizning hozirg‘i adabiy ehtiyojimizga javob bera olmas, deb undan qo‘l yig‘amizmi? Menimcha, bu narsa xato. Bu kun rus birodarlarimizga qarasak, ular Pushkinni qanday sevganliklarini ko‘ramiz. Pushkinni rus ishchisi, komsomoli, firqalisi, olimi – hammasi sevadi, hammasi o‘qiydi. Pushkin inqilobdan so‘ng ham Pushkin bo‘lib qoldi. Rus adabiyotida yuqori o‘rinni band qildi. Qiymatini zarra yo‘qotmadi. Balki hozirg‘i yo‘qsul yoshlar unga yana katta qiymat beradirlar. Uni o‘qub, asarlarining go‘zalligida cho‘mmak istaydirlar.

Pushkin yo‘qsul el uchun yozg‘an bir shoir emas. Ul pomeshchik va to‘ralar shoiri. Mafkurasi ham hozirgi zamong‘a muvofiq emas. Bo‘lmasa, uni nechun bu qadar sevish? Pushkin ko‘b go‘zal asarlar yaratti. Rus she’rining badiiy namunalarini berdi. Uning asarlari rus adabiyotining o‘lmas boylig‘ini tashkil etadi. Ish shunday ekan, ruslar nechun buyuk adabiy merosdan voz kechsinlar. Biz ham Cho‘lpondan qo‘l torta olmaymiz, Cho‘lpon yangi adabiyotda yangi narsalar yaratti. Muvashshah adabiyoti o‘rniga bu kunning badiiy zavqiga yarasha, yoqimli, go‘zal she’rlar o‘rtag‘a chiqardi. Bugungi yosh nasl uning sodda tilini, totli uslubini, texnikasini ko‘b sevadi. Undan ko‘b go‘zalliklar oladi. Cho‘lponning mafkurasi emas, balki yaratgan badiiy namunalari o‘quladi, voz kechilmaydi.

Oybek

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1927-yil 17-may.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Cho%E2%80%98lpon._Shoirni_qanday_tekshirish_kerak%3F