Jump to content

Chiqti tun kish bo‘rkini egri qo‘yub qosh ustina...

From Wikisource
Chiqti tun kish bo‘rkini egri qo‘yub qosh ustina...
by Fazliy
333257Chiqti tun kish bo‘rkini egri qo‘yub qosh ustina...Fazliy

Chiqti tun kish bo‘rkini egri qo‘yub qosh ustina,
Sham’dek o‘tlar tutashti shavqidin bosh ustina.

Gar tazallum zohir etsam solma chin qosh ustina,
Surma gavhar mavjidek tig‘i g‘azab bosh ustina.

Ikki zolim qoshlaring bosh endurub qatlim uchun,
Ro‘baro‘ o‘lturdilar bir yerga kengosh ustina.

Baski gulgun to‘n kiyib raxsh uzra javlon aylading,
Qon o‘lub chiqti jigar pargolasi yosh ustina.

Ko‘zni husnung xonidin o‘z yoshi qildi benasib,
Bo‘lsa betoli’ yatim burni qonar osh ustina.

Notavon ko‘nglumda g‘amlardur sanamlar javridin.
Qo‘ydilar yuz tog‘ni bir dona xashxosh ustina.

Tira dillarga jamoling tobidin yuz xiraliq,
Javr o‘lur xurshed partav solsa xuffosh ustina.

Er qattig‘ ko‘ngli ashkimdin muloyim bo‘lmadi,
Sud qilmas har necha yomg‘ur yog‘ar tosh ustina.

Shahsuvorikim erur ko‘k toqidin kursi anga,
Sahl himmatdur agar o‘ltursa Ko‘ktosh ustina.

Shohlardur xirmani ehsonidin ummidvor,
Ore har yerda gadolar g‘avr etar josh ustina.

To abad bo‘lg‘ay muxallad davlati Sulton Umar,
Soya soldi ra’fati Fazliyi qallosh ustina.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.