Chimkant xatlari

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Chimkant xatlari  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

(sochqin fikrlar)

I

Bilmadim, nimagadir, “tasodif” (случай) degan so‘z, menga ko‘b oz, ko‘b xira, ko‘p tor bir ma’noni anglatadur; balki, kengrak narsalarni olg‘an vaqtimda “tasodif”ning rangi butun o‘chib, yuzi ko‘runmay, uning borlig‘i bilan yo‘qlig‘i orasida farq qolmaydur…

“Tasodif” men istagan ma’noni bera olmag‘andan keyin “nasib” (судьба) so‘zini qo‘llanishqa ehtiyoj seziladur.

Shundoq qilib, nasib bizni Chimkantga keltirib tashladi. Ulug‘ Qitoy yo‘li ustida, tarixiy jihatdan ahamiyatli bo‘lg‘an asarlari bilan birga buloqlarning sarin quchog‘ig‘a o‘runlashqan bu daryo, butun dunyo doirasida bir shuhratka ham ega bo‘lsa kerak. Nimaga desangiz, shu eski shaharning nihoyatida, Yettisuv temiryo‘lining yonida baland mo‘risi bilan ko‘runub yotqan darmana (santonin) zovudi, bizdan ko‘ra ko‘prak g‘arb o‘lkalariga ma’lumdur. Qora uy(o‘tov)larining oldig‘a g‘aram-g‘aram qilib darmana ko‘katini to‘plab qo‘yg‘an bir ko‘chma qozoq, kichkina do‘konining qaysi bir qutusig‘a bir necha siqim “darmana” degan narsani tashlab qo‘yg‘an bir sart, uning olamshumul ahamiyatini tushunadur, deysizmi? Turkistong‘a va uning qiymatli ma’danlariga doir yozilg‘an kitoblarni o‘qug‘an bo‘lsam, darmananing olamshumul ahamiyatidan ko‘broq gapirgan bo‘lur edim. Lekin, taassufka qarshi, ilmiy asarlar mendan ko‘b yomon qochadurlar. Shuning uchun o‘z so‘zlariga o‘zlari ishong‘an kishilarning rivoyatiga qarab, darmanani, Amriqodan boshqa, dunyoning hech bir joyida yo‘q deb, yurubman. Istaymankim, shu ishonchim to‘g‘ri chiqsunda, darmana yetishdiradurg‘an yovvoyi sahrolar tez vaqtda jannatka aylansunlar!

***

Chimkantning o‘zi haqiqatan jannatdak bir joy. Sahrolar diyorig‘a maxsus takallufsizgina temiryo‘l istansasidan shaharga qarab tushub kelayotub, O‘sh-O‘zgant orasidag‘i “O‘tuz adir”da ketayotqandak bo‘lasiz. Adirlarning orasida chuqurliqlar, ularning ko‘ksida to‘la ko‘mko‘k daraxtlarni ko‘rgach birdan bahrangiz ochiladir. Shu choqda qulog‘ingiz tagida Chimkantning bir xil yumshoq shamoli to‘qtamasdan “salom”ini takrorlaydir.

Yiroqdan, adirning tepasida bir butxona ko‘runadur.

  • Qandoq muhtasham narsa, bu? – deb bergan savolimga aravakash:
  • Burun vaqtda juda katta butxona edi, hozir qulub qildilar – deb javob berdi.

“Qulub”ni arabcha aytsak “qalb”ning jam’i bo‘lar edi shekilli. Faqat ilgarigi qalblar bilan hozirgi qalblar orasida qandoq zo‘r farq bor! Indamay orqa-oldimizg‘a, o‘ng-so‘limizg‘a qarab tomoshag‘a berilamiz.

***

Chimkantning mas’ul ishchilaridan biri bilan uyaz ijroqo‘mi (o‘zicha aytganda “otqaru” (“oqartuv” bo‘lsa kerak – I.M.) qo‘mitati”)ga kirdim. “Tubjoy xalq tilida gazetalar bormi, bersangizchi!” dedi rafiqam. Ijroqo‘mning shundoq ishlari bilan shug‘ullanaturg‘an bir musulmon xotuni: “bizda “Oq jo‘l”g‘ina bor, qozoq bo‘luslari uchun yozdiriladur, o‘zbakcha gazetalarni tubda olmaymiz!” dedi. Chiqdiq. Zotan, munda o‘zbaklar kamchilik tashkil qiladurlar ekan, bu to‘g‘rida juda g‘alati hangamalar eshitishka to‘g‘ri keladur. Oyniqsa, mana bu milliy jumhuriyatlar mas’alasi chiqqandan beri bir ota – bir onaning bolalari ko‘b “ehtiros”g‘a berilganga o‘xshaydurlar.

  • “Birlashingiz, butun dunyo yo‘qsullari!” qandoq ma’noli jumla!..

***

Tubjoylashdirish ishlari xususidagi markaz ijroqo‘m buyrug‘i, o‘lkaning hech qayu yerida, Chimkantdagidak “muvaffaqiyatli” o‘tkazilgan emas!

Uyaz ijroqo‘mida yuqorida aytib o‘tilgan bir musulmon xotun bor, sarkotibning unvoni (familiyasi) ham tubjoy xalqnikiga yaqinlashubroq eshitildi. Shoʻba mudirlari orasida tubjoylar bor. Qolg‘anlarning hammasi ham ovrupali o‘rtoqlarimiz! Bu yerda hatto, tubjoy xalq tilida yozilg‘an arizalarni qabul qilmaslar emish, degan gapni eshitdim. Lekin, sho‘rolar hukumatining 7 nchi yil davomida mundoq latifa (анекдот)larga ishonadurg‘an ahmaq yo‘qdur deb o‘ylayman!

***

Maorif ishlariga ham bir oz to‘qtalub o‘tayik. Kelgusi xatlarimda ham yana, ehtimol, to‘qtalurman. Nimaga desangiz, tubjoylashdirish mas’alasidagi haligi mo‘jiza – karomatning kalidi shu maorif eshonining, shu bilim pirining qo‘lidaku!

Katta ko‘cha (Sho‘ro ko‘chasi)dan o‘tub boramen. Yaxshigina bir binog‘a ko‘zim tushadur. “Belinskiy nomig‘a ochilg‘an o‘rta maktab”. Ochiq terazalaridan: viqor va diqqat bilan dars berib yotqan muallimlarni butun-butun e’tibor va diqqatg‘a aylanib dars tinglab yotqan ovrupali bolalarni ko‘ramen. Po‘chta ko‘chasi (Poltoratskiy ko‘chasi)ga burulg‘ach, unda ovrupali qizlar o‘turadurlar. (“Lunacharskiy nomig‘a ochilg‘an birinchi bosqich maktab”) Shunda: eski shaharda, men o‘turg‘an mahalladagi maktabdan har kun ertalabdan qulog‘img‘a kiraturg‘an “Apalamza al” dovushlarini eshitkandak bo‘lamen. “Apalamza al”, hali ham shu “Apalamza al”!

NEP (Yangi iqtisodiy siyosati)dan burun shaharda er va qizlar uchun 15, uyazda 5 maktab bo‘lg‘an. NEPboy kelgandan keyin maktablarni xalq yelkasiga og‘darish boshlang‘an. Buning natijasi hozir shu: shaharda erlar uchun 4, qizlar uchun 1, jam’i 5 maktab qolg‘an. “Shunga ham shukr” deydi, bir muallim.

Bu – faqat, o‘zbaklar orasidag‘i maorif.

Qozoq qarindoshlarimizning ko‘chmachilik hayoti maktablarni ko‘b-ko‘b ochishqa yo‘l bermaydur shekilli. Yo‘q esa, ishlaydurg‘an kishilari, oyniqsa, o‘z eliga jon kuydirub, hatto taassub darajasida berilib xizmat qiladurg‘an ma’rifatli yigitlari ko‘b.

Sirdaryo muzofotining qozoq ta’lim-tarbiya texnikumi ham Chimkantda, Toshkantdan bu yerga ko‘chirganlar.

Ovrupalilarning internatini ko‘rdim. Bolalarning kiyim-kechak vajhidan ahvollari juda xarob. Ularning ovrupali bolalari ekaniga ishong‘um kelmadi.

Shu choqqacha, biz ovrupolilarning maktab va internatini hamma vaqt boshqa xilda ko‘rub kelgan va shunga o‘rganib qilg‘an ekanmiz. To‘g‘risi, men hayron bo‘ldim va odamliq tuyg‘um bilan ular uchun astaydil achindim…

***

Chimkantning hozir mavsumi o‘tdi. Lekin, shundoq bo‘lsa ham qimizxo‘rlar juda ko‘b kelib turadurlar. Ketayotqanlar ham ko‘b. Kechagina Toshkantdagi maorif va matbuot ishchilaridan bir nechtalari munda edilar, Samarqand maorif xodimlari ham bor. Qisqasi: Chimkant, hali, odamni o‘ziga tortishda davom etadur. Erta-indin, kuz sharpalari kela boshlag‘ach shahar ham, ravnaqi keta boshlab, qurug‘an qirlari bilan dardlashib qolur, deydilar…

Chimkant, 17-iyun, 1924.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse