Chidayolmas

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Chidayolmas
by Boborahim Mashrab

Ishq mazhabiga taqviyu toat chidayolmas,
Tasbehu sano, zuhdu ibodat chidayolmas.

Kim ko’rsa o’shal dilbari ra’noni bayakbor,
Betoqat o’lub, ayshi farog’at chidayolmas.

Faryodu fig’onlar qiladurman kecha-kunduz,
Hayratda qolib, qad ila qomat chidayolmas.

Adhamsifat ul kirsa kishi faqr yo’liga,
Osoyish ila xayri saxovat chidayolmas.

Arbobi muhabbatga yetib bo’yi sanamdin,
Aqli ketibon sabru qanoat chidayolmas.

Ey zohid, agar ko’rsang o’shal mohliqoni,
Zuhdu vara’u kashfi karomat chidayolmas.

Devona qilar ishqi sanam vasli chu Majnun,
Nomusu hayo, aybu qabohat chidayolmas.

Kim jomi muhabbat mayidin jur’aye ichsa,
Shohona hasham, izzatu hurmat chidayolmas.

Bu ishq elining har dam etar valvalasig’a,
Beshubha, biling, dasti irodat chidayolmas.

Mashrab, kelibon ko’ngul ila raqsi samo’ qil,
Ishq mazhabida obi tahorat chidayolmas.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse