Buyuk ziyofat

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Buyuk ziyofat  (1921) 
by Abdulhamid Choʻlpon

(Felyeton)

8-iyulda Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining Buxoro Jumhuriyatiga tayinlangan yangi saforat hay’ati tarafidan ozod va mustaqil Buxoro Jumhuriyati sharafiga katta bir ziyofat berildi.

Kech soat 9 da saforatxona qoshidag‘i aqchada maxsus hozirlang‘an joyg‘a Buxoro Jumhuriyat hukumatining butun hukumat va markaziy firqa a’zolari, ham nozirlari hozir bo‘lg‘on edilar.

Yuqori hukumat boshliqlari bilan saforat hay’ati a’zolari va boshqa mehmonlar yeb, o‘zaro xususiy musohaba qilib o‘turdilar.

Soat 10 da gilamlardan yasalg‘on sahnada ruschaga nasirat – tamosho boshlandi. Nasiratning birinchi qismi tubandagi prug‘ram bilan o‘tdi:

  1. “Nikoh ohangi”(“Verdi” operasidan 1-qit’a).
  2. Qizil qo‘shunning safar ashulasi.
  3. “Mazurka”(cholg‘u).
  4. “Qayg‘u”operasidan 1- qita.
  5. Bolalar ashulasi.
  6. Ey, mening do‘stim (jo‘r).
  7. Og‘rig‘an tovuq hikoyasi.
  8. Chaqmoq (musiqa va ashula).

So‘ngra favqulodda safirning noibi o‘rtoq Bodrov ushbu so‘zlar bilan majlisni ochdi.

O‘rtoq Bodrov: – Birodarlar! Bu choqg‘acha xususiy musohaba ravishda davom etib kelgan majlisimizni umumiy musohabaga aylantirishga ruxsat etamiz!

Bu yerga kelgan aziz va muhtaram mehmonlar ichida buyuk Afg‘onistonning vakili ham bordir.

Bizlar hozir, eski va ko‘chalash asosig‘a qurulg‘on turmush og‘darilib, yangi ozod bir turmushning asosi qurulub yotg‘on bir davrda turamiz. Bu ishda, bu yangi asosni qurush ishida Rusiya Sho‘rolar hukumati rahbarlik qilish sharafiga noil bo‘ldi.

Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati ham o‘z ishini xalqchillik asosida tuzub yotadir. Bu kungi yig‘in shu ikki hukumatning orasidag‘i do‘stliq ipini mahkamlasa kerakdir. Bu to‘planish, bizning buyuk a’molimiz tarafig‘a qaratib qo‘yg‘on katta bir qadamimizdir.

Shundog‘ zo‘r bir to‘planishda hozir bo‘lg‘on sizni ulug‘lab, so‘z navbatini Buxoro ishtirokiyun firqasi markaz qo‘mitasining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Tursunxo‘jayevga beraman.

Tursunxo‘jayev: – Buyuk mehnatkashlar Rusiyasining Buxorodag‘i yangi elchisini Buxoro mehnatkashlari otidan salomlayman. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatida yashag‘uchi mehnatkashlarning o‘zaro bo‘lg‘on munosabatlari fikr va idrok asosig‘a qurulg‘ondir. Buxoro ishtirokiyun firqasi o‘zining yo‘lida tushungan va anglag‘on holda harakat etmaqdadir.

Yosh Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatining firqa va sho‘ro ishlarida bir muncha kamchiliklar ham bordurkim, ularni to‘ldirishliqda, tuzatishlikda Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining va 3-baynalmilalning ko‘magida bo‘linishi onqadar. Buxoro ishtirokiyun firqasi yaxshi biladurkim, Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati Sharq mehnatkashlarining yo‘l boshlag‘uvchisidir. Bu jumhuriyat qo‘shini Rusiya Sho‘rolar jumhuriyatining ko‘magi bilan amir va mullolar saltanatini abadiy ravishda yo‘q qildi. Ish muning bilan bitdi, deb aytmaymiz, ishning qiyini va og‘iri dog‘i oldimizdadir. Oldimizda turli mone’ va sadlar va xoinona chiqishlar yo‘q emasdir. Biz har turli xoinona chiqishlarg‘a qarshi hozir turamiz va dog‘i butun qiyinliq va zo‘rlig‘i bilan sharq masalasi ham oldimizda turadir. Sharqda yashag‘uchi milyonlarcha xalqlar ajnabiy sarmoyasi qo‘l ostida ezilar. Ayniqsa, ulug‘ Hindiston o‘lkasi 300 million xalqi bilan bir to‘b ingliz mustamlakachilari qo‘lida ezilib turadir. Bu ezilganlarni qutqarmoq g‘arb mehnatkashlarining zo‘r vazifalari bo‘lg‘onidek, Sharq inqilobchilarining, ayniqsa, Buxoro ishtirokiyun firqasining ham katta vazifasidir.

Biz o‘zginamizda 3-baynalmilal bilan Rusiya ishtirokiyun firqasining rahbarligiga ishonamiz. To‘g‘ri va haqiqatni ko‘rsattuvchi shiorlarni tutub boraturg‘on elchilik hay’ati bilan yosh jumhuriyatimiz ham o‘z maqsadig‘a yetar.

Yashasin ishtirokiyun firqasi!

Yashasin Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati!

Markaziy inqilob qo‘mitasi raisi o‘rtoq Muhiddinov: – Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati vakilining bizning Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatiga do‘stlik bildirish uchun qilg‘on tashrifiga tashakkur aytamiz.

Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining bizning yosh jumhuriyatimizga ko‘rsatgan ko‘maklari uchun tashakkur bildiramiz.

Kichkinagina Buxoro jumhuriyatinda eng zo‘r bir kurashning tajribasi yurgiziladurkim, unda ijtimoiy asoslar uchun bo‘lg‘on kurashdir. Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati inqilob yoshidan beri mazlum millatlarga muayyan bir himoya siyosati ila qarab, shul siyosatni tutub keladir. Bu siyosat yo‘lida ikki taraf – sarvat ahli va mehnat ahli kurashib yotadir. Bu kurashda kichkinagina Buxoroning katta bir vazifasi, buyuk bir siyosat bordir. Ya’ni, Buxoroda Sharqni ezguchi hokimlarga qarshi katta kurash davom ettiriladir. Rusiyaning inqilobi munosabati eng ochiq in’ikos etgan bir kichgina Buxorodir. Eron va Hindiston, Sharqning buyuk qit’alari bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining aloqasi yo‘q kabidir. Bundog‘ buyuk siyosat, yolg‘iz, kichkina Buxoroda yurgizilmakdadir.

Buxoro ilgari ham mustaqil edi. Lokin uning xorijiy siyosatida Rusiya intrigasi (dosyesi) ish ko‘rar, Buxoro Rusiya safirining rizolig‘idan boshqa hech bir davlat bilan so‘ylasha olmas edi. Iqtisodiy jihatdan bo‘lsa Buxoroning hamma boyliti Rusiya fabrikalarig‘a ketar edi. Bu millat, bu Buxoro hukumati, ilgari bosh-oyog‘i bilan Rusiyaga bog‘liq edi. Buxoroni qul qilishliq siyosati urush yo‘li bilan olib borilmadi, urush muvaqqatiy bir hol edi. Qulliq siyosiy urush yo‘li bilan davom ettiradi. Rusiya hukumati Buxoro hukumatining boshig‘a eng yomon, insofsiz, sotilg‘uvchi kishilarni qo‘ydi va shular orqali turli ixtiloflar chiqartirib, mamlakatni o‘z bilganicha boshqarib keldi.

Endi biz Rusiyadan boshqa bir siyosat ko‘rub turamiz va kutamiz. Bir siyosat bo‘yincha kuchlik va zaif degan ikki narsa bo‘lmasg‘a kerakdir. Munda kuchlik kuchsizni ezmasligi kerakdir. Munda kuchsiz Buxoro ezilmasligi keraqdir. Chunki Sho‘rolar Rusiyasi kuchsizlarni himoya qilishni va’da qildi va shul siyosatni tutmoq istaydir. Ijtimoiy inqilobning natijasi ham shundadir. Sharkda istibdod ostida yashag‘uchi hukumatlar Rusiyaning haqshinosona siyosatini ko‘rub anglasalar kerakdir. Buxoro kichiqdir. Lokin Rusiya to‘g‘ri, haq siyosat tutsa, uning ahamiyati zo‘r bo‘lur, ya’ni Sharqda inqilob tug‘ar, ya’ni Sharq o‘zining haq mashrug‘i bo‘lg‘on ozodlig‘ig‘a yetishar.

Yashasin haq mashru’ siyosatini yurutgan va unga yetisha olg‘on hukumat va millatlar!

Yashasin u asosdag‘i Rusiya va Buxoro hukumatlari!

Umid qilamankim, Afg‘oniston bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati orasidag‘i muohada ham puxtalanur.

Afg‘oniston elchisining noibi Abdurasulxon: Taassuf qilamanki, ruscha va turkcha bilmayman. Shuning uchun o‘zimdan ilgari so‘zlaganlarning so‘zlarini onglay olmadim.

Birodar Muhiddinov Afg‘oniston, Buxoro va Rusiya ittifoqidan gapirdi. Haqiqatan Afg‘onistonning bu jihatdan ahamiyati buyukdir. Jug‘rofiy jihatini qaraylik: bir tarafi – Hindiston, ikkinchi tarafi – Xitoy, uchinchi tarafi – Balujiston orqali Arabiston, bir tarafi – Eron va bir tarafi – Buxoro – Turkiston. Afg‘oniston mana shularning o‘rtasidadir.

Endi Afg‘onistoniing shul mamlakatlar bilan bo‘lg‘on aloqasig‘a kelsak. Hindistonda Afg‘onistonning ta’siri ko‘b kattadir. Hindistonda 12 qadar afg‘on qabilalari bordir. Bunlar qaryalar va kichik-kichik bekliklar tashkil etmaqdadir.

Eronga kelsak, bu ikki mamlakat va xalk orasida ayirma yo‘qdir, bir eronli afg‘onistong‘a kelsa “yot yerga keldim” demas. Bir afg‘onli Eronga borsa ham shundog‘dir. Xitoy ham Sharq mamlakatlarining yeri bo‘lg‘oni uchun sharqli Afg‘onistong‘a yaxshi qarar. Turkiston bilan Afg‘oniston ham yaxshidurlar. Afg‘on xalqi bilan Turkiston xalqi zabon, madaniyat va din jihatlaridan birdirlar. Ham shul jihati-da bordirkim, Turkiston xalqi umumturklarning bir qismidir. Turklar esa yillardan beri sharqchiliqning umumiy asoslari, umumiy maqsadlari yo‘lida kurashib kelar. Xulosa, Afg‘onistonning atrof, yon-verisi bilan aloqasi ko‘b yaxshidir.

Endi biz Buxoro bilan bo‘lg‘on aloqag‘a kelsak, Buxoro bilan Afg‘onistonning aloqasi dilu dimog‘ aloqasidir. Bundog‘ bo‘lg‘ach, ikki mamlakatning orasi ko‘b yaqindir. Tabiiydirkim, dilu dimog‘ning qabul etgan narsalarini butun a’zo qabul etar. Shuning uchun Buxoro va Afg‘oniston bilan Rusiyaning ittifoqi jahon ittifoqi kabi buyuk bir bog‘lanish sanalsa mumkindir.

Yashasun Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati!

Yashasun ozod va mustaqil Buxoro jumhuriyati!

Yashasun butun hurriyatlar!

Nozirlar sho‘rosi raisi Fayzullaxo‘ja: – Yosh Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatiga ko‘rsattan ixloslari uchun Rusiya mehnatkashlariga va Rusiyaning jumhuriyatimizdagi yangi elchisiga qulluq qilaman.

Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati Buxoro xalqini amirlarning asrlik saltanatidan qutulishig‘a yordam qildi va endi mamlakatning ta’mirot, iqtisodiy taraqqiy etishlariga yordam qilib turadir. Buning uchun Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining haqiqiy egasi mehnatkashlariga qulluq qilaman.

Buxoro xalqi o‘zining ishtirokiyun firqasi va inqilobiy vakillari orqaliq feodal (darabchilik) davridan ijtimoiy davrga ko‘chmakdadir. O‘zini g‘arbni ezgan zo‘r bonqalar tasallutiga yo‘latmasga tirishadir. Shul ulug‘ ishlarni vazifa qilib bo‘yniga olg‘on Buxoroning inqilobiy hukumati o‘z xalqining va Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining ko‘magi bilan ul og‘ir vazifalarning uhdasidan chiqar.

Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati bilan Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatining orasida yangi aloqa va munosabat boshlanmoqdadir. Yangi saforat bilan ham, boshqalari kabi birga va barobar ishlarmiz deb, umid qilamiz. Mundan so‘ng oradag‘i ba’zi bir onglashilmovchiliklar bo‘lmas. Har ikki taraf birodarliq va birlik asosida ishlarlar.

Yashasun birodarliq va u asosga qurulg‘on Rusiya sho‘rolari bilan Buxoro Sho‘rolarining ittifoqi!

Yashasun inqilob ishidagi samaralik xizmat!

Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining favqulodda safiri o‘rtoq Yurenev: – Biz Sharqdag‘i rahbarimiz bo‘lg‘on Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyati orqali butun Sharq bilan aloqa bog‘larmiz. Biz Sharq xalqi bilan qancha yaqinlashsak, Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyatining shaybasini shuncha mahkamlagan bo‘lurmiz va shuncha tezlik bilan dunyoga namunasini yuzaga chiqara olurmiz. Biz Buxoro Jumhuriyatiga yordam qilmoq bilangina kifoyalanmasdan, ikki oradag‘i muohadani yuzaga chiqarish, tajriba yo‘li bilan uni hayotta tatbiq qilinmag‘on. Munda ikki taraf ham aybdor emas, aybdor – ahvolning og‘irligidir.

Bu yerda ulug‘ Afg‘onistonning vakili bor. Uning Afg‘oniston bilan Hindistonning munosabati to‘g‘risidag‘i so‘zlari to‘g‘ri. Lokin Rusiyaning Afg‘oniston to‘g‘risidag‘i siyosati, uningsiz ham do‘stona va yaqin edi. Biz, ya’ni Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati Afg‘oniston bilan bu yerda, to‘g‘ri, birlashmadik. Biz Afg‘oniston bilan ma’lum muohada noma bo‘yincha birlashdik. Afg‘oniston, Buxoro va Rusiya hukumatlari orasidag‘i munosabat yaqin orada dog‘i rasmiylashur, Buxoro bilan Afg‘oniston munosabatining yaxshilanishig‘a biz ko‘mak etarmiz. Men, Buxoro jumhuriyati tarafidan berilgan bu ziyofatda bo‘lub ko‘rdimki, Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyati bilan Rusiya Sho‘rolar Jumhuriyati orasida iqtisodiy munosabat ko‘b yaqin bo‘lishi kerak ekan.

Bizning Rusiyada yurgan ko‘b asoslar bu yerda yurmaylar. Yursalar-da, butkul emas. Shuning uchun bizni munda “egalik etadur” deganlar to‘g‘ri aytmaslar.

Siyosiy ahvolning ketishiga qarab yuramiz. Fayzullaxo‘ja o‘rtog‘imiz aytganday, endi mundan so‘ng anglashilmovchiliklar bo‘lmas. Orada faqat bir-biriga yordamgina bo‘lishi mumkindir. Biz rasmiyatta qattig‘ yopishamiz. Bir-birgina narsani aytamizki, qaysi taraf ko‘prak yordam eta olsa, rasmiyatga qaramay, tezrak ishda va amalda ko‘rsatsun.

Bizning oramizda Xiva jumhuriyatining vakillari yo‘q. Lokin tez zamonda bo‘lishi aniqdir. Eron va Anqara inqilobchi hukumatlarining vakillari ham yaqin zamon ichida bizning oramizda bo‘lsalar kerak. Ajnabiy matbuotning so‘zlari tamoman yolg‘ondir, “Buxoro Rusiyaning olami”, derlar va bu ochiq yolg‘ondir.

Men Buxoro ishtirokiyun firqasining boshlig‘ig‘a tashakkur aytamanki, ul bizning asoslarimizning bir ekanligini aytdi. Ham haqiqatda shundog‘dir va bir ikki hukumatning ishlari ko‘b xalqlarning hayoti bilan aloqadordir.

Men ziyofatga kelg‘an butun qo‘noqlarg‘a qaytadan tashakkur etaman.

So‘ngra bir pardalik “Boboylar” ismli ruscha kulgi pyesa o‘ynalib, kechasi soat 2 larda ziyofat tamom bo‘ldi.

Abdulhamid Sulaymon (Yunusov).

“Buxoro axbori” gazetasi,

1921-yil, 15-iyun, № 45.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse