Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub  (1910) 
by Abdurauf Fitrat
Fitratning bu maktubi ilk bor 1910 yili Istanbulda chiqadigan «Ta’rufi muslimin» («Musulmonlar ta’riflari») nomli «diniy, siyosiy, tarixiy, falsafiy va ahvoli olam»dan bahs qiluvchi haftalik majalla sahifalarida, (1328/1910 yil, 25-adad, 2-jild; 8 dekabr, payshanba) e’lon qilingan.

BUXORO VAZIRI NASRULLOHBEY PARVONAChI AFANDI HAZRATLARINA OChIQ MAKTUB

(Ey Vazoratpanoh, biz tartiboti jadidaga muhtojmiz)

Aniqdirki, hech qaysi millat hech bir zamonda bizda bo‘lganidek yurti xaroblik, xalqi falokat, ayonlari pastkashlik, idora ahli fasod, zolimlarning qon so‘rishi, ajnabiylar kalakalari, istiqbolining mushkulligi kabi illatlarga mubtalo bo‘lmagan! Butun mamlakat va millatni shu ahvolga keltirib qo‘ydikki, dunyodagi eng qiyin va tashvishli kunlarda yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga ma’yus tortib, qon yig‘lamoqdalar. Har qancha ko‘z va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham bu qadimgi islom millatining faryodi va bu muqaddas mamlakatimizning xarobligiga achinmay turolmaysiz. Lekin bu jimgina achinishdan ne foyda? Bu ketma-ket kelayotgan musibatlararo Siz kabi komil shaxsning harakatsiz achinishi va sukut holati qachong‘acha davom etadi? Bu kun mazlum islom millatining eng oydin fikrli ziyolilari jaholat va g‘aflatning ikki otiga minib o‘z kamsitilishining payini qirqish uchun chopmoqdalar. Muqaddas va mehribon ona vatanimizning o‘z haqini tanigan farzandlari zulm temir panjasidan tortib uni fano sahrosiga tomon tortmoqda. Bu kun zalolat va gumrohlik zanjirining asiri bo‘lgan bizning holimizg‘a Hazrati Rabb’ ul-izzatning rahmi bo‘lib yuborilgan Sizsiz va bizning tojdor oliy hazrat padari mehribonimizni hozirgi va kelgusi mushkulliklardan Sizgina xabardor eta olasizki, (amir) bizning ishlarimizni nazoratiga Sizni jalb etgan. Ya’ni Hazrati Xoliqning karami va adolatparvar podshohimizning lutfi Sizni nafaqat bu umri parishon va istibdodpesha bo‘rilarga o‘lja bo‘lib, qo‘ruvchisiz qolg‘an qo‘ylarg‘a mehribon cho‘ponlikka emas, balki ularning ishlarini tanzim qilish, tartibga solish uchun yuborg‘andir. Biz Sizning ishga tayinlangan kuningizni o‘z hayotimizning muqaddimasi deb bildik va ishga ma’mur bo‘lib kirishgan kuningizni o‘z milliy bayramlarimizdek nishonladik. Taassufki, bugunga qadar intizor ko‘zlarimizni qanchalar tikmaylik, istiqbolimizning saodati uchun tashabbus bo‘ladigan biror ishni Sizdan ko‘rmadik.

Ey, mehribon ona Vatanning barkamol farzandi!

Ey, Buxoro ezilgan millatining besabot tarafdori! Siz umr bo‘yi o‘zining noz va tantanalarga boy og‘ushida Sizni tarbiyalagan aziz va muqaddas vataningizning ishlarini xaroblik va parishonlikning qora kunlariga uloqtirib qo‘yib, uning ostidan o‘t yoqib kelayotgan balolarga mubtalo qilib, nega jim o‘tiribsiz?! Hamisha haq dinimiz va shar’iy Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning adolatlari soyasida tinchlik o‘rnatib kelingan vatanimiz kimsasizmi yo xarob holdami qoldi! Ming xil xavfu xatarlarga duchor bo‘ldi! Soatma-soat Sizga umidvor tikilgan ko‘zlarimiz yumilmoqda. Sizdan yordam va najot amallarini kutishdan tolmoqda. Siz nega jim o‘tiribsiz? Shu mazlum islom ummatining umidi, hayotimizning barakoti Sizning say’-harakatingiz va himmatingizdir. Bu baxtsiz islom millatining xizmati va muqaddas shar’iy Dinimizning mustahkamlanishi, albatta, Sizdan lozimdir. Bu muqaddas xizmat yo‘lida bir dam bo‘lsin sustkashlik qilishga Sizning haqqingiz yo‘q! So‘zingizning nufuzi va ulug‘vor ta’siri bo‘lgani holda bu kufroni ne’mat xabaridan ojizligingizning ma’nosi nima? Nima sababdandirki, siz o‘zingizdan lozim xizmatlarni oshkor, ochiq qilmaysiz? Turli firqalar orasida ulug‘ ishlarning tashabbuskori bo‘layotgan o‘sha himmat arboblarining Sizdan ne ustunligi bor? Ne mone’lik borki, tartiboti jadida vositasi bilan milliy saodatimizning yangi istiqbolli yo‘llarini ochib, qadrimiz va taqdirimizni a’lo darajada sharaflay olmaysiz? Bir zoti komilning haqqi uchun Vatanimiz hamdo‘st va hamdin kishilarga to‘la bo‘lsa qanchalar savob?! Bir millatning hayoti uchun qayg‘urub, Allohning fazlu karamiga sabab bo‘lmoqdan qaysi shuhrat ortiqroqdir? Raiyat orasida Sizga nisbatan ixlos va muhabbat bor, bu Yaratganning karamidirki, Sizni favqulodda nufuz sohibi qilib boshimizga yubordi. Oliy hazrat tojdor padari buzrukvorimiz, adolatparvar podshohimiz bizni tarbiyat va tanzim etmak amrini Sizga bergan. Ne to‘siqki, Sizni bu muqaddas xizmatdan qaytarsin?! Magar boshqalar g‘aflatda qolg‘an bo‘lsalar, Sizda g‘aflat qilmang. Boshqalar g‘aflatining tashvishi Sizning g‘aflatingizchalik bo‘lmaydi. Nauvzibilloh, bunday muqaddas vazifani bajarishda sustkashlik qilsangiz ertaga intiqom olg‘uchi Allohning huzurida nima deb javob berasiz?!

Nushiravon namo‘rd ki nomi neku go‘zosht (Nushiravon o‘lmadi, chunki yaxshi nom qoldirdi).

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse