Jump to content

Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz

From Wikisource
Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz (1925)
by Vadud Mahmud
334537Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz1925Vadud Mahmud

Adabiyotimizning klassik davri san’at va unga tegishlik masalalarda o‘ziga maxsus tarzda taraqqiy va qonunlarga egadir.
Buyuk adib va shoirlarimiz fikri hayot e’tibori bilan islom diniga va uning javhari bo‘lg‘on islomiy tasavvufga mansub bo‘lg‘onidan hayotga va turli tazohurotiga nazarlari tabiiy o‘laroq shu manzumai fikriya doirasida bo‘lur edi.
Bu hukmimiz umumiyat e’tibori bilandir, chunki sharqning eng buyuk kishilari eng buyuk mutasavvuflaridir va bashariyatning «urfoni koinot» haqida topg‘on yo‘llarining eng muazzami va bu kunga qadar ko‘pchilikka nufuz e’tibori bilan eng umumiy va hayotiysi tasavvufdir.
Yo‘qsa uzun islomiy madaniy-adabiy hayotimiz muddatida manzumai fikriya e’tibori bilan hayotg‘a va uning natijasi o‘laroquning turli tazohurotiga boshqa va o‘zlariga xos nuqtai nazar egalari yo‘q emas edilar.
Bu «islomiy» nazar istar «inna min al-she’ri la-hikma»sidan va istar maydonda bor adabiy asarlarning ko‘rsatilishidan ma’lum bo‘ladir: she’rdan maqsad hikmatdir, ya’ni xalqning foydasidir. Boshqacha aytganda san’at san’at uchun emas, balki san’at hayot uchundir.
Bu da’vomizning isboti uchun ko‘b uzoqlarg‘a borishg‘a hojat yo‘qdir. Bizda she’rning ikki jabhasi bordir. Chunki «ishqi»miz ikki jabhalidir: haqiqiy, majoziy.
Haqiqiy ishq ruhi umumiyga hulul dardidirki, eng yuksak va orifona bir amaldir.
Majoziy ishq esa oddiy va nafsoniy ehtirosdirki, umumiy va tabiiy bir mayldir.
Ko‘ruladirki, bu ikki turli ishq ham mabdai va ham g‘oya e’tibori bilan hayotiy va insoniydir. Chunki inson bir mavjud va ham shuurlik bir mavjud bo‘lg‘oni sifati bilan o‘zining yaratilishini va yashashining g‘oyasini tushunmak va bilmak istaydir. Tabiiy bir maxluq bo‘lishi e’tibori bilan esa jismoniy ehtiros va havaslarga ham bog‘long‘ondir.
Bu ikki «mayl»kim natijada ikki «ishq»ni vujudga keltirdi, ikki «she’riy jabha»ni ham maydong‘a otdi. Birisida «haqiqiy ishq» tarannum etildi, ikkinchisida esa «majoziy ishq» raqslari o‘ynaldi.
Turkda «Hikmat» sohibi Yassaviy, «Lison ut-tayr» nozimi Navoiy, «Layli-Majnun» muallifi Fuzuliy, «Mabdai nur» egasi Mashrab, «Ilohiylar» egasi Oshiq Poshsho, «Ilohiy tarannumlar» sohibi Amiriylar shu ishq shoirlari edi.
Yuksak fikr va buyuk g‘oya egalari eng buyuk odamlardirlar. Buyuk mutasavvuflar, insoniyatparvarlar, hakimlar eng buyuk zotlar bo‘lg‘onlaridan ularning asarlari tabiiy o‘laroq bashariyatning yuksak fikr va buyuk g‘oya sahifalaridir.
Shu qisqagina muqaddima bilan turk adabiyotini fikr va ma’no jihatidan ikki jabhaga bo‘lgandan keyin maqolamizning tilagi bo‘lg‘on adabiyotning go‘zalligi va yasalishi bahsiga kelamiz.
Turk adabiyoti fikr va g‘oya jihatidan shu qadar yuksak bir manzumai fikriyaga mansub ekan, shakl e’tibori bilan qanday holda edi?
Bu masala birinchi boqishda ko‘rungani kabi yengil emasdir. Turk adabiyotining shakl jihatilan vaziyatini maydong‘a otish ayrim tatabbularga bog‘liqdir.
Eskidan qolg‘on turk, so‘ngra boshqalardan qabul qilingan ajamiy shakllar, birinchi xilning takomul ravishi, ikkinchisining o‘zgarishi, bu kungi xalq adabiyotida asl turk shakllarining holi fors va arab shakllarining Turkiston va Turkiyadagi yangi adabiyot davridagi holini o‘rganish turk adabiyoti mabhaslarida ishlanmagan mavzulardan biridir.
Vazn masalasi ham shunga o‘xshashdir. Asl turk vaznining bu kungi holi aruzning Turkiyada Homid, Fikrat va Yahyo Kamol, Turkistonda Muqimiy bilan yangi adabiyotchilarimiz qo‘lidag‘i vaziyat jiddiy tekshirilaturg‘on mavzulardir.
Shunday bo‘lsa ham bu maqola sig‘dirg‘anicha bu masalalardan bahs etsak va shu to‘g‘rilarda umumiy fikrlar yurutsak, balki kelgusi tatabbular uchun bir boshlang‘ich yasag‘on bo‘lurmiz.
Bizda yangi adabiyot Turkiya adabiyoti taqlidi bilan boshlang‘ondir. Shuning uchunda bizning adabiyotimiz bilan Turkiya adabiyotining umumiy sajiyasi mushtarakdir. Ruhda va shaklda Turkiston, Qafqozyo, Qrim doimo Turkiyaga ergashadir. Bu ham tabiiydir. Chunki avvalan til mushtarakdir, so‘ngra tarixiy madaniyat mushtarakdir va oqibat Ovrupo madaniyatiga qarshi bu kungi vaziyat mushtarakdir.
Navoiy asrida chig‘atoy adabiyoti kuchli bo‘lg‘onidan Turkiya adabiyoti bizning adabiyotdan ko‘b mutaassir bo‘lg‘on edi. Bu kuni esa g‘arb turk adabiyoti biznikidan kuchli, madaniy va adabiy hayotga molik bo‘lg‘onidan biznikilar ularga ergashmakdadirlar.
Bizda yangi adabiyot kuchli shaxslar bilan boshlanmadi va hali kuchli namoyandalar bermadi.
O‘zbek yangi adabiyotining nasri, tilini endi yangi-lab kelayotg‘on Fitrat bilan, ishini ko‘bdan boshlab endigina maydong‘a otishg‘a muvaffaq bo‘lg‘on A.Qodiriydan boshqa hech bir nimaga molik emasdir.
She’rda bo‘lsa Cho‘lpondan boshqa tilga olarliq va ishini ko‘rsata olg‘on kishimiz yo‘qdir. Buningda kamchiliklari hali juda ko‘bdir.
Bizda she’rning shu nazm qismiga ko‘brak qiziqqan va shoir otini shu mazmunda olmoq istaganlar ko‘brak bo‘lg‘onidan bu maqolamizni she’rning shu manzum qismiga hasr qilmoq istadik. O‘zbek nasri to‘g‘risida boshqa vaqt yozarmiz.
Bizda yangi adabiyot — borishidan ko‘rinadirki— «san’at hayot uchun» degan shiorni tutgandir. Chunki manzuma va mansur asarlarning har qaysisida jamiyatning takomuli ta’qib qilinadir va g‘oyasi ko‘rsatiladir. Shuning uchunda u jamiyatning xato va sahvlaridan bahs qiladir va tuzatilishini istaydir. Demak bu kungi adabiyotimiz jamiyatimizning islohi uchun xizmat qiladir.
Eski tasavvufiy adabiyotimiz o‘zining axloqiy dasturlari va hikmatlari bilan eski jamiyatimizni tarbiyalamak istar ekan, bu kungi jamiyatimiz adabiyoti ham boshqa asriy asoslarga tayanib, yana o‘shal jamiyatni islohi uchun boradir. Bu e’tibor bilan eski va yangi turk adabiyotining samimiy bir robitasi bordir.
She’r texnikasi e’tibori bilan, ya’ni shakli nazm, til, tarzi bayon jihatidan bo‘lsa hech aloqasi yo‘q darajada eskidan ajralg‘ondir. Eski nazm: devoi yo‘li, g‘azal, qasida, masnaviy, murabba’, muxammas, musaddas, tarji’, tarkibbandlar, ruboiy kabi shakllardan iboratdir.
Bu kun bu shakllarning devon yo‘li bilan murabba’ va masnaviyga o‘xshash qit’alardan boshqa hech birisi ishlatilmaydir. Boshqalarining o‘rniga g‘ayri mukarrar turli ittirodsiz shakllar ishlatiladir.
Eski til islom ruhini tarannum etganidan islomiy istiloh va ta’birlar bilan to‘ldirilg‘on va arab-fors madaniyatining o‘rtag‘a otg‘on fikr va qoliblarini o‘ziga ko‘b olg‘on edi.
Bu kungi til bo‘lsa u eski islomiy ruhdan ayrilg‘onidan bittobe’ uning istiloh va ta’birlarini, fikr qoliblarini tashlab oz bo‘lsa ham asriy fikrlar, ba’zi bir qoliblar — so‘zlar olmokda va shu yo‘l bilan bormoqdalar. Bu yangi tilning bir xususiyati, muhovara tiliga yoqlashmoq tamoyuli borlig‘idir. Eski tarzi bayon va sanoye’i she’riya qonunlaridagi eski tashbeh, istiora va tarjilar, tamsil yoki nasihat yo‘llari tashlanib tabiiylikka yaqin-yasama san’atlar — tasannu’dan uzoq, bir oz ramziy (simvolicheskiy) ifoda o‘run olmoqdadir.
Bu eski va yangi adabiyotning xususiyatlaridan ko‘rildiki, yangi adabiyot eskidan nazm texnikasi e’tibori bilan ancha ayri va asl xususiyatlarga molikdir. Faqat ko‘raylik qani, bizning shoirlar bu xususiyatlarni qancha o‘zlashtirganlar va qancha muvaffaq bo‘lg‘onlar.
So‘zimiz she’rning texnikasi ustidadir. Ayta olamizkim, shoirlarimiz va shoir bo‘lg‘uchilarimizning eng katta ahamiyatsiz qaragon va diqqat qilmag‘on nuqtalari shundadir.
Ularning mavzulari bilan olg‘on shakllari, qabul qilg‘on vazn va ohanglari, so‘z tuzishlarining aloqasi yo‘q hukmidadir.
Bu robitalarni eski she’rga usta Fitrat bilan yangi she’rimizning birinchi namoyandasi Cho‘lponning oz-moz rioya qilg‘onini ko‘ramiz.
Fitratning manzum — she’ri uch-to‘rtdan oshmag‘onidan uning to‘g‘risinda bir hukm bermak u qadar to‘g‘ri bo‘lmas. Lekin Cho‘lpon to‘g‘risida yuqoridagi hukmimiz o‘runsiz emasdir. Ya’ni u she’rnint texnika jihatiga bir oz ahamiyat beradir. Ko‘brak diqqat qilsa edi va shu kamchiliklarini to‘ldirsa edi, yangi adabiyotimiz ustiga jiddiy ta’sir ijro qilg‘on bo‘lur edi.
Da’volarimiz quruq bo‘lmasin, bir oz katta yozuvchilarning fikrlari bilan ham tanishaylik:
Amriqoning mashhur hikoyanavisi va shoiridan bo‘lgon Edgar Po‘ «Tayna tvorchestva» degan maqolasida bir doston qanday yozilg‘onini hikoya qiladir: u, she’rda ilhomni tamomila rad qilmasa ham, unga eng ahamiyatsiz o‘run beradirki, mana shu bizga kerakdir. Uningcha, she’r tamomila muhokama, hisob va o‘lchak natijasidir.
Edgar Po‘ aytadir:
«Men hammadan burun berilaturg‘on «ta’sir»ni atroflicha o‘ylamoqni ortiq ko‘raman. Shu bilan doimo nazarda tutilishi kerak bir narsa borki, uda asolat — orginalnostdir, har kimki buni nazarda tutmasa ko‘b gunoh qilg‘on bo‘ladir. Boshlab o‘zimdan: «Odamning yuragiga, aqliga, joniga ta’sir qilatirg‘on narsalardan nima va qandayini tanlab olish kerak?» deb so‘rayman. Bir yangi va kuchli ta’sir ajratg‘ondan keyin shunga qanday qilib muvaffaq bo‘lishni o‘ylayman. Bir oddiy mundarija va bir xos ohang (ton) vositasi bilanmi, aksinchami yoki mundarija va ohangning xosligi bilanmi? Bundan so‘ng matlub ta’sirga yetishmak uchun kalimalar bilan voqeaning jarayonini uyushtirishga tirishaman.
Ko‘pchilik yozuvchilarni, ayniqsa shoirlarni — ular allaqanday yuqoridan kelaturg‘on ilhomning ta’siri ostida yozadirlar, deb ehtirom qiladirlar. Holbuki, bu zotlar kelib shoir va yozuvchilarning musvaddalarini bir ko‘rsalar edi va ularning yorimchiq va ishlanmagan fikrlarining chizilganini va ular bilan bir qatorda butun fikrlarining hali ishlanmagan bir holda yotg‘onini, ayrim, mukammal tasviriy parchalarning ko‘zdan tushurib qoldirg‘onini, uning o‘rniga allaqanday so‘zlar keltirib, bir-biri bilan zo‘rlab uyushdirilg‘onini ko‘rsa edilar, ijodiy kuchning yuzdan to‘qson to‘qquzini hisob va o‘lchamning tashkil qilg‘onini tushunar edilar».
Edgar Po‘ o‘z da’vosining shohidi o‘laroq «Qarg‘a» degan dostonining yozilish tariqini ko‘rsatadilar va: «Bu dostonning hech bir satri ilhom bilan bo‘lmadi, yolg‘iz riyoziy yo‘l bilan, ya’ni o‘lcham va sanash bilan bo‘ldi» deydir.
Bu dostonchi nazarda tutg‘oni yuqorida aytganimizdek muayyan ta’sirdir. Va shu tilakga erishmak uchun tirishadir. Boshlab manzumasining hajmini belgilamakchi bo‘ladir. Chunki uning tilagi bo‘lg‘on «ta’sir»ni tugal bera olish uchun manzumaning bir o‘tirishda o‘qilib bitishi lozimdir. Bir majlisda o‘qilmasa, bo‘linib-bo‘linib o‘qilsa «umumiy ta’sir» yo‘qoladir. Manzumaning birligi butunligi qo‘ldan chiqadir. Holbuki, shoirning tugal bir ta’sir ijro eta olmoq uchun hech bir vositani qo‘ldan chiqarmasligi kerak. Bu bir o‘tirishda o‘qilaturg‘on asarning albatta uzun bo‘lmasligi shart. Shuning uchun bu yozaturg‘on narsasini yuz baytdan oshirmasliqqa tirishadir.
She’rning boshqa shakllarini qo‘yub nechun dostonning qabul qiling‘onig‘a kelaylik.
Edgar Po‘ deydirki: «She’rdan ta’sir, asosan, go‘zallik vositasi bilan beriladir. Go‘zallik va go‘zal narsani his etganda insonning ruhi yuksaladir. Menimcha, go‘zallikning eng birinchi zamini dostondir. Agar bir haqiqat bermak istasak yoki bir «ehtiros» ko‘rsatmakchi bo‘lsoq buning eng yaxshi zamini ayrim parchadar bilan «nasr»dir.
Go‘zallikni o‘zimning maydonim qaror bergandan so‘ng «tarzi bayon»ning ton masalasi bilan shug‘ullandim. Tajriba bilan «tarzi bayon»ning qayg‘uli bo‘lishini qaror berdim. Har bir go‘zallikning eng yuksak martabasida ko‘z yosh so‘raydir. Shuning uchun (melanxolik) «savdoiy» bir tarzi bayon — doston uchun eng muvofiq bir tarzdir. Hajm, zamin (shakl) va tarzi bayon belgilashach, san’atkorona bir injalik (xudojestvennaya tonkost) izlay boshlaydiki, butun dostonning ochg‘ichi bo‘lsin. Artistona ta’sir berish qiliqlarini bir ko‘zdan kechirgandan keyin biladiki, uning eng birinchi shay usuli (pripev) «tarji’» usulidir. Bu pripevning umumiyligi meni tahlil qilib o‘tirmasdan qabul qilishg‘a va yaroqli bilishga qanoat qildirdi. Tarji’band musta’mal namunalarda yolg‘iz rubobiy (liricheskaya) manzumalar bo‘lishi bilan taxdid etilgan emas, balki unda berilaturg‘on ma’no va sadoning yak ohang (monotonnost) bo‘lishi bilan ham ta’sirni kuchaytirmak istaydilar.
Buning ustiga ayniyat (odnoobraziye) va takror hislari vositasi bilan ham zavq olinadir. Holbuki, man bu asarga turlilik ham kiritayin va bu bilan ham ta’sirni kuchaytirayin dedim. Shuning uchun sadoning yak ohangligiii saklab turib, ma’nosini esa o‘zgarta bordim. Ya’ni bandimni o‘z holiga qo‘yib turib uning mavqeini va sifatini o‘zgarta turdim.
Bu qarorlar bo‘lg‘ondan keyin endi «tarji’band»ni topish qolg‘on edi. Ma’lumki, yuqoridagi muhokamalarim natijasida uning qisqa bo‘lishi lozimdir. Shuning uchun tarji’band o‘laroq bir so‘z oldim. Bu so‘zning takrorlanib turishi uchun dostonning qitalarga bo‘linishi va har qit’aning oxirida bu tarji’bandning takrorlanishi kerak edi. Tabiiy, bu so‘zning ham ohangdor, ham ma’nidor bo‘lishi lozim edi. Bu muhokamalar «hech vaqt, mumkin emas, bo‘lmaydir» ma’nosida bo‘lg‘on (never more) so‘zini olishga meni majbur kildi. Bu kalimaning yana bir ortiqlig‘i uslubning qayg‘uli bo‘lishiga ma’no tomonidan yaqin bo‘lishidir.
Endi mavzuga o‘taylik:
Barcha qayg‘ili masalalardan eng umumiysi va eng qayg‘ilisi qaysisi? Tabiiy o‘lum qayg‘isi emasmi? O‘lum go‘zallik bilan birlashganda shoirona bo‘lmaydirmi; go‘zal xotunning o‘lumi! Bundan keyin boshimda bir oshiq va bir ma’shuq mazmuni jilvalandi.
Endi qaror berdimki, oshiqning ma’yusona hasratlariga qarshi mash’um sanalg‘on va yak ohang tovush chiqaraturg‘on qarg‘a og‘zidan shu «never more» javobi chiqsin. Shunda qarg‘aning har bir javobida yana boshqa bir ta’sir berish imkoni borlig‘ini sezdim. Shunday qilib endi man asarimni boshlamoqchi bo‘ldim. Boshdan ta’sirni sekin-sekin kuchaytirish menga ma’qul ko‘rindi. Va shuning uchun avvalo, istinod nuqtasini belgilamakchi bo‘lib eng yuksak ta’sirni tayin qilmoqchi bo‘ldim va dostonimning eng oxiri bo‘lg‘on «qit’a»ni qo‘lga qalam olib eng avval yozdim.
Eng oxirgi parchadan boshladim, chunki avvalo eng kuchli ta’sirni belgilash kerak edi. Bu muayyan bo‘lg‘ondan keyin dostonni turlandirmak yo‘li ochildi. Ikkinchidan, har qit’aning qofiya, vazn va hajmini qat’iy suratda belgilash mumkin bo‘ldi va taassurning eng yuksagi bel-gilangandan so‘ng bu taassurdan oshirmasliq va unga zarar beraturg‘on sabablardan uzoq bo‘lishliq kerak edi».
Bundan keyin Edgar Po‘ uzun tahlillarga davom qilib voqeaning o‘tish vaqtini belgilaydir va uning qorong‘u va bo‘ronli kechani olg‘onini, qarg‘aning tashqaridagi gurultilardan qochib kelib terazaga qanoti bilan urganda ochilib uyga kirganini va kirib «Pallada»ning misdan yasalg‘on qora haykali ustiga o‘tirg‘onini va bu haykalning «bir olim»niki bo‘lishi bilan oshiqning olimligi va qoraligi bilan mavzuning qoraligi orasidagi munosabatlardan bahs qila boshlaydir. Va eng so‘nggidan aytadirki: «Har qancha bu yasama planim va qo‘rsatgan o‘lchaklarim ochiq va ma’lum bir narsadan bahs qilsalar ham yana menim ko‘nglim hammasining ichida yashirin, munda majbur fikrningda bo‘lishini istadi va shuning uchun bir-ikki umumiy va yashirin fikr ham berdim».
Bu yuqoridan beri uzundan-uzoq taqdim qiling‘on fikrlardan maqsad yolg‘iz qobiliyat degan kuchning qanday ishlanganini va yasamaliqlar orqasida jilvalanganini ko‘rsatmakdir. Bu fikrlarga o‘zbek yosh adabiyotining ehtiyoji buyuqdir.
Bu kungi adabiyot o‘z tarixidan tamoman uzilgan bir holda boradir. Eskidan bir narsasi bor edimi, yo‘qmi, tili qanday holda edi, ishlangan edimi, yo‘qmi, ne darajaga qadar ishlangan edi, ortiqliq va kamchiligi kayerida? Adabiy oqim jarayonlari bor edi. Ularning bir-biridan ayirmalari qanday va ne darajada edi, bu kungi adabiyot nega eskini tashladi, o‘zining bu ishidan zarar ko‘rdimi, forvda? Bu masalalar jiddiy bir adabiyot tug‘dirish davriga erishilgan bo‘lsa, keng bir suratda maydong‘a tashlanaturg‘on va ochilaturg‘on mabhaslardir.
Qisqagina shuni aytaylikkim: Turk tili asosan boy til bo‘lishi bilan va turk millatining og‘zida necha ming yillardan beri yurub, ikki ming yilga yaqin adabiy yo‘lg‘a kirdi va beshinchi asr hijriydan boshlab o‘nlarcha buyuk shoir va adiblarga ega bo‘lub, ilmiy va adabiy ishlanib keldi; sharq turk adabiyotining oltun davrlari bo‘lg‘on Navoiy, Umarxon davrlari bilan g‘arb turk adabiyotining Fuzuliy, Boqiy, Nadim, Lola davri va asrimizda Homid, Nomiq va Fikrat kabi eng buyuk shoir va san’atkorlar qo‘lida ham keragincha ishlandi va turk tili shuning uchunda asriy bir holga kirdi.
Sharq turk adabiyotining oltun davrlaridan so‘ng ishlanmay qolg‘onini da’vo qilaturg‘onlar bo‘lsa ham, bu fikr to‘g‘ri emasdir, tekshirmaslik va yuzaki qarashdan kelgandir. Chunki yarim asrgina ilgari yashagon Muqimiy, Furqat kabi o‘nlarcha shoir va san’atkorlar tilni shu qadar ishlatganlarki, bu kungi yosh adabiyotimizning holi ularga yetishiga ko‘b zamon kerakdir. Buning ustiga bu kungi «Farg‘ona» xalq ashulalaridagi tilning ravonligi, soddaligi, samimiyligi o‘z-o‘zidan va boshlang‘ich (pervobitniy) bir holda emas, balki uzun muddatlar ishlanganlik orqasidag‘ina erishilgandir…
Navoiyning til va uslubi ma’lumdir. Shuning uchun undan misol ko‘rsatmay sharq turk she’rining ikkinchi oltun davri boshlig‘i bo‘lg‘on Umarxonning bir muxammasini ko‘raylik, Navoiydan qancha farqi borligi o‘z-o‘zidan bilinib qoladir:

Sahar chamanda qulog‘imga bong avd yetar,
Bashorati karim vojibul vujud yetar.
U kechakim to‘lun oy sag‘rig‘a javd yetar,
Falak sitorasidin sharbati shuhud yetar,
Savod sarmadima ko‘zlarimga dud yetar.

Buni ko‘rsatmakni ikkinchi bir sababi ham bor. Yuqorida Edgar Po‘ning tahlilini ko‘rdik. Amiriyning shu g‘azalini o‘shanga qarab bir oz tahlil qilaylik: Umarxonning mavzui tasavvufning yuksak nuqtasi bo‘lg‘on umumiy ruhga fano bo‘lish, quyulish, koinot ruhi bilan birlashish mavzuidir. O‘shaning hasratidir. Edgar Po‘ ta’sirni go‘zallik orqasida berish kerakligini aytadir. Faqat bir o‘lum masalasi chiqaradir va go‘zallikni unga qo‘shish uchun «go‘zal bir xotunning o‘lumi» degan mavzuni oladir. Holbuki, ko‘ringiz o‘zining qo‘yg‘on «go‘zallik orqali ta’sir, berish» qonuniga Umarxonmi muvaffaq bo‘lg‘on, Edgar Po‘mi? Mavzu orasidagi tafovutni ko‘ringiz, Umarxonning ham qayg‘usi, hasrati bor, lekin «bir xotunning o‘lumi uchun» emas, koinotning umumiy ruhiga quyilish hasratidir. Ko‘ringiz mavzu naqadar buyuk, naqadar oliydir.
Siz qanday talaqqiy etsangiz etingiz, bunisi aniq-ki, insonning erishgan eng yuksak daraja fardiyatchilik (individualizm) emas, o‘zining fardiyatini yo‘qotib, jamiyat hayoti yashashida, undan o‘tsa hindning sigirni timsol (simvol) qilib olg‘on hayvon do‘stligida, ya’ni butun jonli narsalarni so‘yishda, bundan ham o‘tsa jonsiz narsalarda o‘ziga mushtarak hayot tasavvur etishda va ularning umumiy ruhlarini sezish uchun intilishdadir.
Tasavvuf mana shu eng so‘nggi nuqta maslagidir.
Umarxon shu falsafaning bir namoyandasi bo‘lg‘onidan saharning nasimi, udning surudi. oyning nuri, yulduzlarning so‘zlari, kechaning qorongulig‘i unga gapiradir. Ularning so‘zlarini sezadir. Ruhlari bilan sirlashadir.
Bu mavzuni olg‘onlan keyin bunga muvaffaq bir shakl topqonmi, yo‘qmi? Albatta! Chunki muxammasni olg‘on. Muxammas Edgar Po‘ning tahlilidan ma’lum bo‘ladirki, band-bandga ajralg‘on va har qayusida bir-birovig‘a aloqador, faqat ayri-ayri mavzular ishlata turg‘on, ya’ni butun fikrlar berilib, tugatib bir-birovidagi robitani mahkam bog‘lab borish uchun eng mukammal shakldir. So‘zlarning terilishi, kalimalarning ohangdorlig‘i, harflarning sado beraturg‘on, titrayturganlarining olinishi ko‘rsatadirki, Umarxon haqiqiy bir san’atkordir.
Edgar Po‘ (peletoche)dagi oxirgi «riy» undan ilgarigi ust cho‘zgini baland va og‘ir va cho‘ziq tovush berish uchun maqtaydir.
Umarxonda ham aynan shu holni ko‘rmaymizmi? Buni bir tasodif asarimi deymiz. Shu qadar yuksak fikr sohibi va shuncha hunarmand bir shoirni harfning sadosi, kalimalarning ohangi, vaznning tilidan xabarsiz demak mumkinmi?
Umarxondan uch yuz yil ilgari kelgan Navoiy kalimaning, tovushning ma’no bilan kelishmagi kerakligini shunday yaxshi tatbiq qilg‘on ekan nechun Umarxon undan o‘tkazmasun!
Ko‘ringiz Navoiy nima qilg‘on? Majnunning g‘amining tasvirida: .

Ko‘ngliga o‘guldi qo‘hi anduh,
Anduhi yig‘ildi qo‘h to ko‘h.

Shu baytda «o‘» tovushining ugultisi, «g»ning gumbirlashi, «h»ning sochilib ketishi va bu tovushlarning takrori haqiqatan tog‘ning yiqilib, ustiga sochilib, maydalanib ketishiga, yiqilib daralarning to‘lub, baqirib ketishiga o‘xshamaydirmi?

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Bu_kungi_she%E2%80%99rlarimiz_va_san%E2%80%99atkorlarimiz