Bording olamdin, yetishgach tangridin farmon, bolam...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bording olamdin, yetishgach tangridin farmon, bolam...
by Roqim

Bording olamdin, yetishgach tangridin farmon, bolam,
Ne iloj aylay meni bechora bilmon, jon bolam,

Sendin, ey nuri ko‘zum, yuz voykim, ayrilg‘ali,
Ashk o‘rnig‘a oqar ikki ko‘zimdin qon, bolam,

Mehnatu dardu balou xayli g‘am aylab hujum,
Qildilar boshimni oxir yer bila yakson, bolam.

Toqat etmay furqating o‘tig‘a yig‘lab zor-zor,
Kechau kunduz qilurmen tinmayin afg‘on, bolam.

Motamingda qattig‘ un birla o‘kursam, bo‘lg‘usi
Ohu nolamdin zaminu osmon larzon, bolam.

Sovurub boshimg‘a tufroqlar, qilib siynamni chok,
Sensizin bo‘ldim xarobu besaru somon, bolam.

Oh, bilmasmen bu dardimg‘a ne chora aylayin,
Xonumonimni firoqing ayladi vayron, bolam.

Sanchilur bag‘rimg‘a har soatda yuz ming xori g‘am,
Bo‘lg‘ali guldek taning yer ostida pinhon, bolam.

Ne yemak bor menda, ne ichmak, ne rohat bir zamon,
Bu yomon holimg‘a tomu tosh bo‘lur giryon, bolam.

Ne tirik sonidadurmen, ne o‘liklar sonida,
Ko‘rsa el holimni, albatta, bo‘lur hayron, bolam.

Har kishi tug‘di anodin o‘lgusidur oqibat,
No‘sh etib bir-bir ajalning sharbatin inson, bolam,

Bahru kon naqdini xarj aylab qutulmoq istabon,
Topmamish hech kim ajalning dardiga darmon, bolam.

Mumkin ermas jonni qutqarmoq ajal jallodidin,
Ne gado qolg‘ay jahon mulknda, ne sulton, bolam.

Yaxshi odingni xalopiq der edi Sayyid Murod,
Oh, naylay bemurod etdi meni davron, bolam.

So‘rg‘ali dardi dilimni nogihon kelgaymu deb,
Gul yuzing istab boqarmen telmurub haryon, bolam.

Olsa jonimni ajal.jallodi minnatdormen,
Sensiz olamda tirik bo‘lmoq emas imkon, bolam.

Mushkil erdi sensizin birdam tirik bo‘lmoq manga,
Shukrkim, o‘lmakni hajring ayladi oson, bolam.

Bo‘lsa yuz jonim oyog‘ingg‘a nisor etgay edim,
Kelsang erdi so‘rg‘ali holimni nogohon, bolam.

Har saharlarda turib yig‘lab manga budur tilak,
Haq sening qilg‘ay makoning ravzai rizvon, bolam.

Tongla mahsharda karam aylab xudovandim sanga,
Hamdam etkay jannat ichra hur ila g‘ilmon, bolam…

Baski yig‘larmen ukush g‘am birla ashkim selidin,
Boshima yemrulgudekdur kulbai eHzon, bolam.

Ko‘rsa Roqim nogahon tushda agar diydoringi,
Qolmag‘ay mahsharg‘a tekru ko‘nglida armon, bolam.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse