Bo’lg’ali ko’nglim sanga tokim asiru mubtalo...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bo’lg’ali ko’nglim sanga tokim asiru mubtalo...
by Avaz Oʻtar

Bo’lg’ali ko’nglim sanga tokim asiru mubtalo,
Shavqu zavqingdin ishim chekmak fig’on subhu maso,
Toqatu hushu qaroru sabr o’lur mandin judo,
Orazu xolingni birdam ko’rmasam, ey dilrabo,
O’yladurmankim, ko’runmas ko’zima oqu qaro.

Fikri zulfidin sanga yuzlansa ming savdo, ko’ngul,
Rahm qilmas holinga naylay dili xoro, ko’ngul,
Qilmayin o’zni bori olam aro rasvo ko’ngul,
Boshing ol, ket, o’z payi vaqtingg’a ey, shaydo ko’ngul —
Kim, emassan xasta jonning hech dardiga davo.

Ko’nglum o’lsa dog’kim, ahbob, ermas besabab,
Vasl aro ul yor ag’yori bila ayshu tarab,
Rashkdin jonimg’a har dam yuzlanur yuz ming taab,
Gar firoq ayyomining bilman hisobin ne ajab,
Kim yuzing hajrida kunduz kecha yanglig’dur mango.

Bir yo’li rahm aylabon holimg’a, ey mah, qil nazar,
G’am hujumi kun-bakundin aylar ahvolim batar,
Tushganidin hajr aro boshimg’a ming oshubu shar,
Barq emas olamg’a yuz qo’ymishdur ohimdin sharar,
Ra’d emas gardung’a chirmonmish fig’onimdin sado.

Hodisoti dahrdin topmoq uchun tokim amon,
Sarv ila gul soyasida aylabon o’zga makon,
No’sh etarsan ayshu ishrat bodasini har zamon,
Umr yeldek o’tmasun debsan magar, ey bog’bon,
Kim yaqosi choksiz gul butmamish bu bog’ aro.

Ayb qilmay man hazin afg’onu zorin, ey nasim,
Arz et ul gulga borib holimni borin, ey nasim,
Ko’rmaguncha toki oning gul uzorin, ey nasim,
Necha oqg’ay ko’z yoshim yetkur g’uborin, ey nasim,
Farzi ayn erur yoshorg’on ko’zga solmoq to’tiyo.

Ey Avaz, ul sho’xning sun’i samaddur novaki,
Har sori otilsa rad qilmoq ne haddur novaki,
Berguchi joningg’a hazzi beadaddur novaki,
Ey Navoiy, xasta ko’nglungg’a madaddur novaki,
Rost andoqkim, zaif elga berur quvvat aso.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse