Bo‘yinga osilgan Anna

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bo‘yinga osilgan Anna
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon

Nikoh o’qilg’andan keyin yengiltakkina bir osh-suv ham bo’lmadi; kuyov-qayliq bir qadahchadan “shampan” ichib kiyimlarini almashtirdilar-da, vokzalga jo’nadilar. O’yin-kulguli to’y bazmi va ziyofatli cholg’ular va raqslar o’rnig’a ikki yuz chaqirim yerdan mazarda tunab kelishi ko’p odamlar ma’qul ko’rardilar, ularning aytishlaricha: Modest Alekseevich muhimgina daraja (rutba)ga ega va ko’p ham yosh emas bir odam bo’lg’anlig’idan, uncha to’s-to’palon to’y ham yarashmasidi; undan keyin, 52 yashar bir to’ra endigina 18ga kirgan bir qizg’a uylanib turg’anda, cholg’i eshitishning o’zi ham odamg’a malol keladi. Yana odamlarning aytishlaricha: Modest Alekseevich taqvodor bir odam bo’lg’anlig’idan, nikoh ustida ham birinchi mavqini din va axloqqa berilganligini o’zining yomon qayliqqa anglatish maqsadi bilan bu mazar ziyoratini ataylab qo’zg’atg’an edi.

Kuyov-qayliqni uzatmoqda edilar. Xizmatdoshlari va qavm-qarindoshlaridan iborat bir to’da, qo’llarida qadahlari bilan, qichqirmoq uchun poezdning jo’nashini kutib turardilar; shular o’rtasida kelinning otasi Petr Leontich ham boshida “selendir”, ustida muallimlar “frag”i, o’zi o’lgudek mast va rangi oppoq oqarg’an qo’lidag’i qadah bilan hadeb terazaga tomon intilar:

– Anyuta! Anya, Anica, bir og’izg’ina gapiray! – deb yolvorardi.

Anya terazadan turib unga tomon egildi, ul esa kechagi ichkan aroqlarining sassig’i bilan qizining dimoqlarini yorib, qulog’iga havo pudadi – chunki nima degani anglashilmasidi, – hamda u ko’krak va qo’llarig’a barmoqlarini tekkizib cho’quntirdi; bu vaqtda uning nafaslari qaltirar va ko’zlarida yoshlari yiltirardi. Anyaning akalari bo’lgan gimnaziya talabalari – Peta va Andryushalar otalarining orqasida turib uning fragidan tortar va qizarib-bo’zarib:

– Otajon, bas… Otajon bo’ldi… – deb pichirardilar.

Poezd yurgach Anya otasining tentiraglana-tentiraglana va arog’ini chayqaltira-chayqaltira, vagon bilan birga biroz yugurib va qonini va shunda uning yuzlari na qadar ayanchli, pok va xira bo’lg’anini ko’rdi.

– Ur-ra! – deb qichqiradi ota.

Kuyov-qayliq yolg’iz qolishdi. Modest Alekseevich kupening uyoq-buyog’iga qaradi, narsalarini tokchalariga joyladi va kulimsirab turib, yosh qaylig’ining qarshisig’a o’turdi. Bu o’rta bo’yli, anchagina semiz, ishma, qorni qapqayg’an, ayrisoqol va mo’ylovsiz bir odam bo’lib, uning qirma, dumaloq, keskin chiziqli jag’i odamning tobonig’a o’xshardi. Uning yuzidagi eng qiziq alomati mo’ylovining yo’qlig’i edikim, uning endigina qirdirilg’an yalang joyida asta-sekin semiz, dumba singari kilkillab turg’an yanoqlarig’a ulanib ketardi. Ul o’zini ulug’sifat tutar, yurish-turushlari shoshilish emas, salmog’ida, qiliqlari yumshoq edi.

– Shu topda bir voqeani esimga tushurmakdan o’zimni men ushlolmayman, – dedi ul, kulimsirab turib. – Mundan besh yil burun Kosorotifg’a ikkinchi darajali muqaddas Anna nishoni tekkach, tashakkur arz qilg’ali general hazratlarining yonlarig’a kirgan ekan, u kishi iltifot qilib debdilarki: “Demak, siz uch Annag’a ega bo’ldingiz: bittasi ko’kragingizda, ikkitasi bo’yningizda”. Bu yerda shuni aytib o’tish lozimki, o’sha vaqtlarda Kosorotofning uyiga uning Anna degan urushqoq va tentakchalish xotini endigina qaytib kelgan edi. Umid qilamanki, bir kun kelib menga ham Anna nishonining ikkinchi darajasi tekkanda, mening haqimda ham o’sha so’zlarni aytmoq uchungina general hazratlari hech bir bahona topolmayajaklar.

So’ngra uning jindekkina ko’zlari kulimsiradilar. Kelinchak ham kulimsiradi, lekin bu odamning har bir minutda munga yaqinlashib kelib o’zining do’rdoq va ho’l lablari bilan uni o’pmagi mumkin ekanini, bu narsaga qarshi kelmakka endi o’zining haqi bo’lmag’anini o’ylab kelinchak besaramjon bo’lardi. Ishma vujudlik uning yumshoq qimirlashlari uni qo’rqutar, unga ham qo’rqinch, ham og’ir kelardi. Er o’rnidan turdi shoshmasdang’ina bo’ynidag’i nishonini oldi, ustidagi fragi bilan jiletini yechib kechalik yaktagini kiydi.

Annaning yoniga kelib o’lturarkan:

– Mana xolos, – dedi.

Kelinchak shu topda esladikim, nikoh marosimi juda og’ir o’tdi: pop ham, mehmonlar ham ishqilib ibodatxonada hozir bo’lganlarning hammasi: shunday go’zal, sevimli qiz nima uchun bu xunuk odamg’a tegar ekan a, nima uchun? deganday qilib unga mungli-mungli tikilganday bo’ldilar. Ishlarning munchalik yaxshi bitkanini o’ylab bugun erta bilangina ichiga sig’may sevingan narsa, nikoh vaqtig’a kelib so’ngra mana bu vagonda o’zini gunohkor, aldangan va kulgu bo’lganday seza boshladi. Mana, boy odamg’a erga tegdi, shunday bo’lsa ham qo’lida puli bo’lmadi, nikoh ko’ylagi nasiyaga tiktirildi, hozir ham otasi bilan ukalari uni kuzatishga chiqqan vaqtlarida, bu ularning yana bir pulsiz bo’lg’anlarini o’zlarining ko’rinishlaridan payqadi. Bechoralar bugun kechqurun issig’-missig’ qilishalarmikan? Ertaga-chi? Hamda unga negadir shunday tuyulardikim, otasi bilan akalari hozir uyda bu bo’lmag’ani uchun och turarlar va onalari o’lgan kunning erta kechasi qanday siqilish bilan o’tkazgan bo’lsalar, hozir ham o’shandaq siqilish kechirmakdalar.

“Oh, naqadar baxtsizman men! – deb o’ylar ul. – Nega men bu qadar baxtsiz bo’ldim ekan?”

Xotin bilan o’ynashishdan xabarsiz ulug’sifat odamlarda turg’an kelishmas mamila bilan, Modest Alekseevich kelinchakning beliga qo’l uzatib yelkasini qoqdi, kelin bo’lsa bu vaqtda o’z onasini va uning o’lgan vaqtlarini o’ylardi. Gimnaziyada uni xat va imlo muallimi bo’lgan otasi – Petr Leontich, kelib onasi o’lganidan keyin ichkilikka – mubtalo bo’lib qolib shu orqali oila yo’qchiliq torta boshladi; bolalarning oyoqlarida na etik, na kalish, otani sud mahkamasiga chaqirtirdilar, sudya pristav kelib ro’zg’or jihozlarini xatlab ketdi… Qanday sharmandalik, yo esrik otasig’a qarashqa, ukalarining yirtiqlarini yamashqa, bozor-ucharni qilishqa majbur bo’ldi; odamlar uning chiroyini, cho’rilig’ini va go’zal qiliqlarini maqtag’an vaqtda, uning o’ziga butun dunyo uning arzimas shapkasini va siyoh bilan bo’yalg’an va yelkalaridagi yirtiqlarini ko’rayotqanday tuyulardi. Kechalari esa to’xtamas ko’z yoshlari hamda yaqinda shu ichkilikka berilgani tufaylidan otani gimnaziyadan ham haydadilar, u munga chidolmas onamg’a o’xshash o’lib qoladi”, – degan o’jar tashvishlar. Mana vaqt, tanish-bilish xotinlar shoshilib-pishilib, Anya uchun yaxshi kuyov aqtara boshladilar. Ko’p o’tmay manna shu Modest Alekseevichni topdilarkim, bu odam yosh ham emas, chiroylik ham emasdi, lekin puli ko’p edi. Uning bankada yuz ming so’m puli bor, muning u ota- bobolaridan qolg’an ko’p yer-suvlari bo’lib ularni ijaraga qo’yardi. O’zi taqvodor, general hazratlarining oldilarida obro’si baland; odamlarning Anyaga tushuntirishlariga qarag’anda gimnaziya direktorig’a va hatto mutavallisiga Petr Leontievichni bekor qilmasin deb bir parcha qog’oz olib berish unga hech gap emas…

Kelinchakning o’ylari hali shu ikir-chikirlar ustida edikim, birdaniga odam ovozlari bilan birga derazadan urib kirgan musiqiy tovush eshitildi. Bu – poezdning yarim stantsiyada to’xtashi edi. Platformaning u yog’ida – odamlar orasida garmon bilan birga arzon chiyyilagich bir skripka chalinmoqda; baland-baland qayin daraxtlari va teraklar orqasidan oy nurlariga g’arq bo’lgan dacha aholisi raqs kechasi o’tkazayotgan bo’lsa kerak. Platformada dacha odamlari bilan birga yaxshi havoda yayrab ketmoq uchun kelgan shahar odamlari sayr qilishardi. Butun shu dachali yerlarning egasi bo’lg’an Arnaf degan boy ham shu sayirchilar ichida edi; ul novcha bo’yli, qoraturuq kelgan bir odam bo’lib turqi armaniga o’xshaydi, ko’zlari bo’rtib chiqib turg’an va o’zi antiqa kiyim kiygan. Ya’ni: kalta ko’ylagining yoqa tugmalari yechilgan, oyog’ida ofitser nusxa shporli etik, yelkasiga, etaklari yerda sudralib yuradigan bir yag’murliq chakmon tashlang’an… Uning ketiga uzun tumshuqlarini quyi solib, ikkita olg’ir ov iti elchigan edi.

Anyaning ko’zlarida hali ham ko’z yoshlari yiltirar, lekin ul endi mana, na pul va to’yni eska olmasdan, o’sha gimnazist va ofitserning qo’llarini qisar, quvnab- quvnab kular va:

– Omonmisiz! Kayfingiz nechuk? – deb tez-tez ular bilan so’rashardi.

Ul vagondan pastga tushdi va nihoyat darajada go’zal ko’ylagi va ishlyapasi bilan hammaning ko’ziga darrov qoqiladig’an bo’lib oldinda to’qtadi.

– Nimaga bu yerda to’qtab qoldiq? – deb so’radi ul.

– Bu yer to’qnash keladigan joy, pochta poezdini kutib turibmiz, – deb javob qildilar.

Artinifning o’ziga tikilganini bilgach, ul noz qilib ko’zini suzdi, ovozini baland chiqarib frantsuzcha gapira boshladi: uning o’z ovozi o’ziga juda chiroylik eshitilganligidan, muning ustiga musiqa ovozi ham kelib va oyning aksi ham hovuzg’a tushib turganlig’idan, uning ustiga dong’i chiqqan donjuan (xotinparast) va sho’x mashhur Artinif unga tamakor va qiziquvchi bir ko’z bilan tikilganidan, muning ustiga u yerda hammani kayfi choq bo’lg’anlig’idan kelinchak birdaniga o’zida bir xursandliq sezdi, so’ngra poezd jo’nab, boshqa yerdagi tanish ofitserlar qo’llarini peshonalarga olib borib yana askariy salon began edilar, ul «polka» kuyiga ashula boshlab yubordi; uning ashulasiga jo’r qilib allaqaylarda daraxt orqasida askariy orkestr ham o’sha kuyni vangillamoqda edi; shunday qilib ul, shu yarim stantsiyadan; hech narsaga qaramasdan, albatta, bir kun baxtli va ma’sud bo’lishig’a ishong’ani holda o’z kupesiga qaytib kirdi.

Kuyov-qayliq mazarda ikki kun tunagach, shaharga qaytib keldilar. Ular poshsholiq kvartirada yashardilar. Modest Alekseevich xizmatig’a ketkanda Anya royal chalar, yo bo’lmasa zerikib siqilg’anidan yig’lar, yoxud yumshoq kursiga yonboshlab roman o’qur, moda jurnallarini ko’rardi. Ovqat vaqtida Modest Alekseevich taomni ko’p yeyar, siyosat, mansablarga yangi tayin qilg’anlar va boshqa mansablarga jildirilganlar va in’omlar to’g’risida gapirar, mehnat qilish kerakligi, oila hayotining bir zavq-safodan iborat bo’lmasdan, balki bir vazifa ekanini, so’mning tiyindan hosil bo’lg’anini hamda o’zining hammadan balandga din bilan axloq qo’yganlig’ini sezardi. Va qo’lidag’i pichog’ini xuddi qilich singari ushlab turib:

– Har bir odamning o’ziga yarasha vazifasi bo’lmog’i lozim, – derdi.

Anya uning gaplarini eshitib qo’rqar, ovqatini yeyolmas, shuning uchun aksari dasturxondan och holda turib ketardi. Ovqatdan so’ng eri uxlag’ali yotib xurragini qo’yar, Anya bo’lsa otalarinikiga ketardi. Otasi bilan ukalari unga allanechuk qiziq bir qarash bilan qarashar, go’yo bu kirib kelmasdan bu burunroq pul-mol deb sevmagan, sovuq va dim bir odamg’a tekkani uchun uni so’kib o’tirg’anday ko’rinishardi, uning shildiram ko’ylaklari, bilak uzuklari va umuman butun xon oyimlarcha ko’rinishi ularg’a malol kelar va haqoratday bo’lib tushardi; bor vaqtda alar xijolat tortib va bu bilan nima to’g’rida gaplashmakni ham bilmasdilar; lekin har holda yana uni sevmakda davom etalar va usiz ovqat qilishqa ko’nikilmas edilar. Anya ham ular bilan birga o’turib karam sho’rva ichar, shirbirinch va ham sham hidli qo’y yog’inda qo’g’urilg’an kartoshka yer edi. Petr Leontich qaltiroq qo’llari bilan shisha ichidagi aroqni stakanga quyg’ach, katta ishtaha bilan, lekin jirkanib turib, tezgina ichib yuborar, undan keyin yana bir istakan, uning orqasidan yana bir… Petya bilan Andryusha, yirik-yirik ko’zli arvaq rang zahil bolalar, istakanni olib qo’yib o’zlari ham gangiganli holda:

– Qo’ying otajon… Bas endi, otajon… – deb yolvorardilar…

Anya ham bezovta bo’lib otasig’a «endi bundan buyog’i ichmang» deb yalinar, otasi esa birdaniga qizib ketib ovqat stolini mushtlar:

– Mening ustimdan kuzatmakka hech bir kimsaga yo’l qo’ymayman! – deb qichqirardi. – Hoy bolalar! Hoy qiz! Hammangni ko’chaga haydab chiqaraman!.

Lekin ovozida bir zaiflik va yuvoshliq asari bo’lg’onlig’idan hech kim uning po’pisasidan qo’rqmasdi. Ovqatdan so’ng uning yasanmoq odati bor edi: rangi oppoq, jag’lari ustarada kesilgani holda ul ingichka bo’ynini cho’zib, yarim soat qadar oyna qarshisida o’zini tuzatar; dam sochini tarar, dam o’zining qora mo’ylovlarini tarar, ustiga atir sochar, chiroylik yoqalar bog’lar, so’ngra tsilindr shapkasini kiyib xususiy darslarga ketardi. Agar dam olish kuni bo’lsa uydan chiqmasdan har xil ranglar bilan yozuvlar yozar, yoki vishshillab va irrillab ovoz chiqaraturg’an fesgarmoniyani chalardi, bu asbobdan ul tekis, ohangdor unlar chiqarishqa urunar, u ham quvulib xor qilar, yo bo’lmasa bolalardan koyib ularg’a:

– Juvonmarglar! Bo’yning uzulgurlar! Asbobni buzib qo’yibsiz! – deb baqirardi.

Kechqurunlari Anyaning eri o’zi turg’an hovlidagi yashovchi o’z xizmatdoshlari bilan karta o’ynag’ani o’turadi. Karta o’yini vaqtida to’ralarining xunuk, bemaza yasang’an, xizmatchi xotinlar singari qo’pol momilali xotinlari ham to’planishar, shunda o’sha xotinlarning o’zlariga o’xshagan xunuk va bemaza qiliqlarining bazmi qizirdi. Modest Alekseevichning Anya bilan birlikda teatrga borgan vaqtlari ham bo’ladi. Tanafus chog’larida ul o’z xotinini bir qarich ham o’zidan ajratmas, o’zi qo’ltiqlagani holda yo’laklar foyelarini aylantirardi. Birov bilan salom- alik qilishsa, darhol Anyaning qulog’iga «statskiy sovetnik» darajasidagilardan… general hazratlari qabul qilib turadi»… Yoki «davlati kata.. o’z qo’rg’oni bor» deb pichiraydi. Bufet yonidan o’tarkan Anyaning bir shirin narsa yegisi keldi; ul shokolad bilan olma somsani yaxshi ko’rardi, lekin o’zida pul yo’q edi, eridan so’rag’ali uyaldi. Eri bitta noshvotini olib qo’lida siqib ko’rdi, so’ngra botinolmasdan:

– Nechchi pul? – deb so’radi.

– Yigirma besh tiyin, – dedilar.

– Joyida! – degach noshvotini yana joyig’a qo’ydi, lekin hech narsa olmasdan bufetni tashlab ketish bir oz o’ng’aysiz bo’lg’anlig’idan bir shisha «siltir» suv olib hammasini o’zi yolg’iz ichib edi, ko’zlaridan yoshlar chiqib ketdi va shunda Anya uni chindan ham yomon ko’rib ketkan edi.

Yo bo’lmasa, Modest Alekseevich, birdaniga qip-qizarib ketib Anyaga:

– Mana bu kampirga salom ber! – derdi.

Anya:

– Men tanish bo’lmasam u bilan? – deb e’tiroz qilsa ul:

– Baribir Davlat palatasi boshlig’ining xotini bo’ladi. Salom ber deyman men senga! – g’uduranib beradi. – Boshing uzilib tushmasin.

Anya salom berar, darhaqiqat uning boshi joyida qolsa ham, lekin o’zi juda qiynalardi. Eri nima desa shuni qilar, so’ngra shunga munchalar aldandim men tentak! – deb o’zidan xafa bo’lardi. Anya bunga puli uchun tekkan emasmidi? Holbuki hozir uning, ya’ni erga tegmasdan burung’i qadar ham puli yo’q. Ilgari otasi 10 tiyin, yigirma tiyin bo’lsa ham berib turardi, endi bir chaqa ham yo’q, eridan o’g’irlab yo so’rab olishg’a botinolmasdi, chunki eridan qo’rqar, uning yonida qaltirab turardi. Anyaga shunday tuyulardikim, uning shu odamdan qo’rqushi burundan bor. Huu… Bolaliq vaqtlarida xuddi qora bulutqa yoki otxonag’a o’xshab odamning ustiga yurib keladigan eng haybatlik va qo’rqinch narsa, uning nazarida hamma vaqt gimnaziya direktori bo’lardi; oilada doim gapiriladigan, negadir hamma undan qo’rqadigan yana bir narsa general hazratlari edi; ulardan boshqa yana o’sha xil qo’rqunch narsalarning daraklaridan yana o’nlarchasi mavjud, ular orasida mo’ylovi qirilgan, zabtlik va omonsiz gimnaziya muallimlari bor, endi mana, nihoyat, taqvodor Modest Alekseevichkelib qo’shuldi, odamning hatto basharasi ham direktorg’a o’xshab ketadi. Anya xayolda bu narsalar hammasi birga qo’shulib kattakon va qo’rqunch bir ayiq suvratida, uning otasi singari zaif, ezilgan odamlarning ustiga shaldirib kelishardi; qiz bechora bir narsa deb gapirgali botinolmas, qo’pol va dag’al mamilalar bilan uni suygan va jonini olaturg’an quchoqlashlar bilan uni «bulg’agan» vaqtlarida o’zini zavq olg’anday qilib ko’rsatadi.

Faqat birgina martaba Anyaning otasi uning eridan ellik so’m pul so’rab keldi, bu pul – tilanmasa hech bir bo’lmayturg’an bir qancha berilmakchi ekan, lekin qanday azoblar bilan olindi u pul!

Modest Alekseevich o’ylab turg’andan keyin:

– Yaxshi, bersam berayin sizga, – dedi, – lekin hozirdan tang qoldirib qo’yayinkim, to shu ichishingizni tashlamas ekansiz, sizga mundan buyon hech qanday yordam bo’lmaydi mening tarafimdan. Davlat xizmatida bo’ling’an bir kimsaga bu xil zaiflik ajabdir. Men sizga oy o’rtasida ma’lum mashhur bo’lg’an bir kayfiyatni bayon qilmasdan olmayman, ul ham chunonchi shundan iboratkim, bu ibtilo chindan qobil kishilarni nobud qildi vaholanki, basharti kishilar shul balodan imtina qilg’an bo’lsalar, ehtimol, mazkur vaqt kelganda mansablarga sohib bo’lg’usi edilar…

Shundan keyin: «kamina bandalari duoda jonlarini»…. «soyai davlatlarida»… «ushbuning barobarida arz qilurmankim»… degandek sertakalluf jumlalar sizilib ketdi, bechora Petr Leontich bo’lsa tahqir ostida ezilib shu topda o’zida bir oz ichib kayf qilmoq uchun juda zo’r ishtiyoq sezardi.

Aksari yirtiq etik va juldur shimlar kiyib opalarinikiga mehmon bo’lib kelaturg’an bolalar ham, shu xilda va’z-nasihat aytmoqqa majbur edilar.

Modest Alekseevich ularga ham:

– Har bir kimsaning o’ziga yarasha vazifasi bo’lmog’i lozim! – derdi. Lekin pul bermasdi. SHu bilan birga, «bu narsalar qora kunda asqotadi» deb Anyaga uzuklar, bilaguzuklar va mayda tumorlar olib berardi. «Hamma narsa joyidamikan?» degan fikr bilan, tezda-tezda xotinning sandig’ini ochib, taftish ham qilardi.

II

Bu orada qish keldi. Mavlud (rojdestvo) oyidan ancha burun mahalliy gazetada dekabr oyining 29 nchi kuni dvoryanlar klubida o’yin kechasi «barpo qilinmog’i» xususida e’lon bosilib chiqdi. Odatda bu xil o’yin kechalari qish faslida serob bo’lardi. Modest Alekseevich har kecha karta o’ynab bo’lg’andan keyin o’zi mushavvash nazarlari-la qor-qor Anyag’a qarab qo’yib to’ralarning xotinlari bilan pichirashar, so’ngra, allanarsalarni o’ylanib, kechgacha u burchak bilan bu bu burchak orasida yurinardi. Nihoyat bir kun kech tunda ul Anyaning yonig’a kelib:

– Sen o’zingga o’yin kechasi uchun bir ko’ylak tiktirishing kerak. Uqdingmi? Ammo lekin Mariya Grigorevna, Nataliya Kuzanovalar bilan kengashmasdan ish qilmag’il, – dedi.

Va qo’lig’a yuz so’m pul berdi. Anya pulini oldi; lekin o’yin kechasi uchun ko’ylak buyurarkan, hech kimdan maslahat so’rag’ani yo’q, faqat o’z otasi bilangina gaplashishni va o’z onasining, agar ul bo’lg’anida, o’yin kechasiga qanday kiyinib borishini esiga tushmakka tirishdi. Uning marhuma onasi o’zi hamma vaqt so’nggi moda bilan kiyinar, Anya uchun ham ko’p harakat qilar, uni xuddi bir qo’g’irchoq kabi yasantirardi; unga frantsuz tilini va «mazurka» kuyiga o’ynashni juda yaxshi ta’lim began edi hamda (chunki ul o’zi erga tegmasdan burun besh yilcha murabbiya bo’lib xizmat etkan edi). Anya ham onasig’a o’xshag’an, eski ko’ylakni buzib yangi qilish, qo’lqoplarini benzinda yuvish, bir xil qimmatbaho ziynat asboblarini hayitg’a olish, shu bilan birga, yana onasig’a o’xshab, ko’z suzush, fransuz tiliga o’xshatmoq uchun «r» harfini halqumdan chiqarib gapirish, chiroylik jilvalar qilish, kerak joyida juda xursand bo’lib ko’rinish mungli va sirli qarashlarni yaxshi bilardi. Qora soch bilan qora ko’z, tejaglik hama doim pardoz tuzanishdan qolmasliq unga otasidan o’tkan udum edi.

O’yin kechasiga jo’nashka yarim soat qolg’anda, Modest Alekseevich, Anyag’a qarab turub bo’ynig’a nishonini osmoq uchun kelib uning uyiga kirgan edi, u yerda o’z xotinining chiroyini hamda yangi harir liboslarining porloqlig’ini ko’rib og’zi ochilib qoldi; so’ngra «o’zida yo’q» bo’lib turub, ayri soqollarini silay-silay:

– Kuydurmajonsan, lekin xotin! Baloyijonsan! – dedi. So’ngra birdaniga tantanalik bir ovozg’a ko’chib davom etdi: – Anyuta! Seni men baxtli qilg’an edim, endi bugun meni sen baxtli qilmog’ing mumkin. O’tinaman sendan, general hazratlarining rafiqalarini ziyorat qil! Xudo haqqi, Anyuta! U kishi tufaylik xudoylik mansabi tegib qolsa ham ajab emas!

O’yin kechasiga jo’nadilar. Mana: dvoryanlar klubi, uning odam muntazir turadig’an katta eshigi. Dahliz: kiyim iladigan qayiqlar, qalin po’stinlar, yugurishib yurgan xizmatchilar, yarmi ochiq ko’krakli ko’ylak («dekolte») kiygan va shamollashdan qo’rqib yuzlarini yelpig’ich bilan to’sqan xonimlar, chiroq gazlaridan sallotlardan chiqqan boy. Anya erining qo’ltug’ida, zinadan yuqori chiqarkan, musiqa ovozini eshitib, juda ko’p chiroqlar orasida porlamoqda bo’lg’an vujudini kattakon tosh oynada ko’rgach, ajib bir sevinch va hamda… bir kun oydin kechada yarim stansiyada kelib kechkan saodat sharpasini his etdi. U shu topda mag’rur, o’ziga ishong’an, umrida birinchi martaba o’zini qiz deb emas xonim deb sezgani holda, yurushlari va harakatlarida istar-istamas marhum onasiga taqlid qilib borardi. Umrida birinchi marta o’zini boy, erkin deb sezardi. Hatto shu er bilan birga bo’lishi ham uni xijolat qilmasdi, nega desangiz, klub bo’sag’asini xatlar- xatlamas, ul savqitabiiy quvvati bilan angladikim, bu qarri erning birga bo’lishi shuni hech biri pastlatmaydi, balki aksincha unga erkaklarni qiziqtiradig’an shirin bir sirlilik beradi. Katta zalda musiqa ovozi vang’illab, o’yin esa allaqachon boshlang’an edi. Sovuq poshsholiq kvartiradan qutulib bu yerda yorug’liq, turli-tumanlik, salqi shovqin-to’palon ta’siriga tushgach, Anya keng zalni bir qur ko’zdan o’tkazdi-da «oh qanday yaxshi!» deb o’yladi va darhol ko’pchilik orasidag’i oshnalarig’a; ilgarilari o’yin kechalarida va sayillarda uchratqan odamlarig’a; butun shu ofitser, muallim, advokat, mulkdor, to’ra, general hazrat va Artiniflarg’a; kambag’allar foydasig’a ul-bul sotmoq uchun hayrat bozorchasidag’i ko’shklar va shipanglarg’a kirib o’z mavqelarini egallagan, juda yasang’an, «dekolte»ga zo’r bergan chiroylik va xunuk… yuqori jamiyat xonimlarig’a ko’zi tushdi. Gimnaziyada o’qug’an vaqtlarda Starokifit ko’chasida tanishqani va shu topda familiyasining unutqani bir odam yelkasida epolitlari bor haybatlik bir ofitser birdaniga allaqaydan kelib chiqib muni o’ying’a da’vat qildi, bu ham erini tashlab u bilan birga maydong’a otildi va shundayoq Anyag’a o’zi qattiq bo’ronda yelkanlik qayiqchada suzub ketayotganday, eri bo’lsa qirg’oqlarda qolib ketkanday tuyuldi… Ul qo’ldan-qo’lga o’tub, musiqadan va g’avur-g’uvurdan mast bo’lib, rus tiliga frantsuz tilini aralashtirib, «r» harfini halqumidan chiqarib, kulib na erini, na boshqa birov va na boshqa bir narsani esiga olmay, «vals»ni, «polka»ni, «kadril»ni hammasini hirs qo’yib, berilib o’ynadi. Uning erlar qoshida muvaffaqiyat qozong’ani aniq edi, zotan boshqacha bo’lushi ham mumkin emasdi, ul talvasadan bo’g’ulg’anday bo’lar, qaltirab-qaltirab qo’lidagi yelpig’ichni mijiqlar va yomon chanqardi. Otasi Petr Leontich, eski, taklari buzulg’an va benzin hidli fragi bilan kelib kichkinagina tarinkachada qizil marojna uzatdi.

So’ngra katta zavq bilan qiziga qaragach:

– Bugun juda ham ochilibsan, – dedi. – SHoshilibroq er qilganing uchun hech qachon bugungiday afsus yeganim yo’q edi.. Nega munday qilding? Sen bu ishni bizni deb qilding, bilaman, lekin.., – shu yerda qaltiroq qo’llari bilan yonidan bir o’ram pul olib dedi, – bugun darslarimning haqqini oldim, eringga qarzimni qaytarayin.

Qizi tarinkachani otasining qo’lig’a tutqazdi-da qo’ltug’idan olg’an bir odam bilan birga, o’yinga kirib ketdi va otasining «parket» ustidan siyg’anib borib bir xonimni qo’ltig’iga olg’anini va u bilan o’yin maydonig’a tushkanini o’z jo’rasining yelkasi ustidan zo’rg’a-zo’rg’a ko’ra oldi.

– Ichmasa, qanday sevimli odam! – deb o’yladi ul shu topda. Mazurkani yana o’sha haybatlik ofitser bilan o’ynadi. Ofitser xuddi askar chapani kiygan qo’tos kibi, viqorli va og’ir bosib yurar, ko’kragi va yelkasi bilangina o’ynar, zo’rg’a-zo’rg’a oyoq depsar sira o’ynag’usi kelmas, lekin Anyaning yong’inasida qanot qoqib talpinar go’zalligi va ochiq bo’yinlari bilan uning qitig’ini keltirardi; Anyaning ko’zlari jangarilik bilan yonar, harakatlari uning hirsi g’alaba qilg’anini ko’rsatardi; ofitser borgan sari loqaydlashar va qo’llarini Anyaga tomon xuddi bir podsho kibi iltifot bilan uzatardi.

Ko’pchilik orasida bularga:

– Ofarin-ofarin, – derdilar.

Bora-bora haybatlik ofitser ham chidolmadi: unga jon kirdi, unda bir hayajon boshlandi, endi Anyaning fusuniga uchib o’ying’a astoydil kirishdi va bo’z yigitlarday yengil harakat eta boshladi; Anya bo’lsa faqat yelkasi bilangina o’ynar, firibgar qarashlar bilan boqar, go’yo cho’risini qul bilib, o’zini malika hisoblardi va shu topda unga shunday tuyulardikim, go’yo hammaning ko’zi bularda, hammaning havasi kelgan, hamma kuyadi. Haybatlik ofitser munga endi qulluq qilib turgan ediki, birdaniga xalqning orasi ochilib, erkaklar qo’llarini tashlag’anlari holda allaqanday g’alati bir vaziyatda to’qtaldilar… Muning sababi, general hazratlarining, ikki yulduzliq frak kiygani holda, Anyaga tomon kelayotqan edi. SHubhasiz, general hazratlari Anyaning yoniqa borardilar, nega desangiz, ko’zlarini to’ppa-to’g’ri unga tikib, qant shimirgan odamday kelardilar, shu bilan birga, chiroylikkina xotinlarni ko’rgan vaqtlardag’i odatlarini qilib, lablarini kavshardilar.

– Juda xursandman, juda xursandman… – deb gap boshladi ul. – SHunday xazinani bizdan berkitibyotqani uchun eringizni qamoqqa buyuradiqan bo’ldim endi men. – Ul Anyaga qo’l berib turib davom etdi, – men sizga rafiqamning iltimosini eshitdirgali keldim: siz bizga yordam qilishingiz kerak… SHundak… Sizga husningiz uchun mukofot tayin qilmoq kerak… Amerikadagi singari.. Shundak… Amerikaliklar singari… mening rafiqam sizga muntazir.

Shunday qilib ul Anyani shiyponga olib keldi. U yerda yuzining pastki yarmi haddan ziyoda katta bo’lganligidan og’ziga kata bir tosh solib olganday ko’rinadigan qari bir xonim o’tirgan edi.

Ul kishi dushmanlari bilan pinqillab, qo’yga o’xshashroq qilib:

– Bizga yordam etangiz! – dedi. – Hamma chiroylik xotinlar hayrat bozorida ishlashayotirlar, faqat siz o’zingizgina negadir qochib yuribsiz. Nega bizga yordam qilay demaysiz?

Shundan keyin u xonim ketib, uning o’rniga piyolachalari qator chizilgan kumush samovarning yoniga Anya o’tib o’tirdi. O’sha kundan boshlab savdo-sotiq ham avj oldi. Bir piyola choy uchun Anya kam deganda bir so’m olardi, haligi haybatlik ofitserlarga esa uch piyola ichirdi. Yozda Anya ko’rgan g’alati kiyimda emas, el qatori frak kiyib qavargan ko’zli va bo’g’ma kasalli Artinif keldi. Ko’zlarini Anyadan uzmasdan bir qadah shampanni shimirgach, yuz so’m chiqarib berdi, keyin bir piyola choy ichib yana yuz so’mliqni uzatdi – shularning hammasini ul bo’g’ma kasal ta’siri bilan indamasdan qilardi. O’z tabassumlari va qarashlaridan bu odamlarga katta bir zavq va nashadan o’zga narsa yetmaganiga xo’b ishongan Anya yog’lamatil bilan o’tgan-ketganlarni chaqirib ularning pullarini olardi. O’zining faqat shu g’avur-g’uvurli porloq, kulib turuvchi hamda chilgisi, o’yin va xushtorlari bor hayot uchungina yaratilganini ul endi anglar, ustiga bosib kelib boqmoqchi bo’lgan va shu bilan muni qo’rqitib kelgan eski qo’rquv, endi shu topda unga hazilakam bir narsa bo’lib ko’rinardi; ul endi hech kimdan qo’rqmas, faqat onasining bo’lmaganiga va o’zi bilan birga bu kunlarni ko’rib sevinmaganiga afsus yeyardi.

Rangi o’chgan, lekin hali o’zini tetik ushlagan Petr Leontich qizining yoniga kelib, bir qadah konyak so’radi. Otasining yarashmagan bir so’z aytib yuborishidan qo’rqib, Anya qip-qizarib ketdi (shunday kambag’al, shunday sodda otasi borligi uchun hali ham xijolat tortardi) lekin otasi, konyakni ichdi yonidagi bir to’da pul orasidan bitta o’n so’mliqni olib tashlagach, hech narsa demasdan, sipoliq bilan u yerdan yiroqlashdi. Bir oz o’tgach, Anya otasining o’z jo’ra xonimi bilan grand-rond degan o’yinda yonidag’ilar bilan qo’l ushlashib aylanishganini ko’rdi. Lekin bu safar ul, o’zining jo’ra xonimini qattiq hijolatqa solib, uyoq-buyoqqa tentiraklanar va allanarsalar deb shovqin solardi. Shunda Anya mundan uch yilcha burun otasining bir o’yin kechasida shunaqa tentiraklanib shovqin solg’anlarini esladikim, natijada uni o’z uyiga mirshablar olib borib qo’yg’anlar. Ertasi kuni esa gimnaziya direktori muallimlikdan haydamakchi bo’lgan edi. Bu esdalikning shu topda kelishi qiziq!

Ko’shk va shiyponlardagi samovarlar o’chib, xorib-charchagan xayriyachi xonimlar tushkan pulni og’zida toshi bor keksa xonimga o’tkazgach, Artinif Anyani qo’ltuqlab, hay’at bozorida ishtirok qilganlar uchun dasturxon yozilgan zalga olib o’tdi. Dasturxonga ko’p emas, faqat yigirma qadar odam o’tirgan, lekin shovqin katta edi. General hazratlari qadah ko’tarib munday dedilar: «Bu nozu ne’matlar bilan to’la dasturxon ustida bugungi bozorning barpo qilinmog’ig’a sabab bo’lgan bechorahol dasturxonlarning rivoji uchun qadah ko’tarmoq beshak bo’lmasa kerak». Birdan general turib: «Qarshisida to’plar ham ojiz qolaturg’an bir kuch»ning (ya’ni xotin-qizlarning) sharafiga qadah taklif qilgach, hamma erkaklar cho’qishtirmoq uchun qadahlarini xonimlar tomong’a uzatdilar. Xursandchiliq, kayf-safo juda joyida edi.

Anyaning uyiga uzatqan vaqtlarida tong otqan va oqsoch xotinlar bozor qilishqa chiqqan edilar. Ul juda xursand, xursandligidan mast-behush, yangi ta’sirlarga g’arq bo’lgan, xorib tolgan bir holda uyiga kelib naridan-beri ust- boshini yechdi-da yotog’iga o’zini tashlab darhol uyquga ketdi…

Kunduz soat ikkiga yaqinlashganda oqsoch xotin kirib uni uyg’otdi va Artinif janoblarining ziyorat uchun kelganlarini ma’lum qildi. Anya tezgina kiyimlarini kiyib mehmonxonaga chiqdi. Artinifdan keyin ko’p o’tmay hayrat bozorig’a ishtirok etgani uchun qulluq qilg’ali general hazratlarining o’zlari keldi. General tillari bilan bokal tatib va lablarini kavshab turib Anyaga qaradi va uning qo’lini o’pdi, so’ngra mundan so’ng ham kelib turishqa ruxsat so’ragach qaytib ketdi. Anya esa hayron bo’lib xuddi afsunlangandek hayotidagi o’zgarishning, ajib o’zgarishning muncha tez bo’lg’anig’a ishonolmay mehmonxonaning o’rtasida turib qoldi; xuddi shu vaqtda eshikdan eri Modest Alekseevich kirib keldi… Endi ul odam muning oldida Anya o’zi ko’rib yurgan va kuchli odamlar bilan katta odamlar oldidag’i qiladig’an odatini qilib mulozamat, xushmuomalalik, qullar va xizmatkorlar ta’zimi bilan to’qtagan edi; Anya bu ishi uchun o’ziga hech narsa yetmasligiga ishong’ani holda, xursandliq, achchiq va nafrat bilan har bir so’zini dona-dona chiqarib turib dedi:

– Chiqing bu yerdan, hayvon!

Shundan keyin Anyaning hech bir bo’sh kuni bo’lg’ani yo’q, negakim ul bugun shahar tashqarisida bo’ladigan tafarrujga ertaga ot yo arava sayohatlarig’a, indinga teatru o’ying’a ishtirok qilardi. Har kun tongg’a yaqin uyga kelar, eri bilan bir yotoqda yotmasdan joyini yerga solib mehmonxonada yotar, so’ngra guldastalar ostida qanday uxlag’anini ta’sirlik qilib hammaga aytib berardi. Unga ko’p pul kerak bo’lardi, lekin endi bu to’g’rida eridan sira qo’rqmasdan uning pullarini o’z puliday ishlatardi; pul kerak bo’lsa eridan so’rab yoki talab qilib o’turmas, faqat xat yuborar yo bo’lmasa «ushbuni topshirg’uvchig’a 200 so’m berilsin» yoki «to’qtovsiz 100 so’m to’lansin» deb bir parcha qog’oz yozardi.

Pasxa bayramida Modest Alekseevichga ikkinchi darajalik Anna nishoni tegdi. SHu to’g’rida qulluq qilg’ali generalning yoniga borg’anida, general, o’qib turg’an gazitini bir chekkaga olib qo’yib kursiga mahkamrak o’rnashdi.

So’ngra, o’zining qizil tirnoqli oq qo’llarig’a qarab turib:

– Demak, endi sizning Annangiz uchta bo’ldi: biri ko’kragingizda, ikkisi bo’yningizda, – dedi.

Modest Alekseevich qattiqroq kulib yubormayin deb ehtiyot yuzasidan ikki barmog’ini lablariga qo’yib turib:

– Endi kichkinagina bir «Vladimircha» dunyoga kelmaganini kutishka to’g’ri keladi. U holda o’z tarbiyalariga olmoqlarini so’rashga jur’at qila olaman.

Ul bu so’zlari bilan IV nchi darajalik Vladimir nishonini qasd qilgan edi va shu ondayoq – bu qadar hikmatlik va o’tkur kinoya topqanini qanaqa qilib hammaga aytib berajagi to’g’risida o’ylab ketdi, so’ngra yana shunaqa hikmatlik biror narsa topib aytmakchi bo’lg’an edi, general hazratlari yana gazita o’qushqa tushdilar va «bas» deganday qilib boshlarini tebratdilar.

Anya bo’lsa hamma vaqt uch otli izvoshlarda kezar, Artinif bilan ovga chiqar, bir pardalik pesalarda o’ynar, kechki ovqatni boshqa joylarda qilar, o’zlarinikiga juda kam kelardi. Ovqatini ular o’zlari qiladilar. Petr Leontich ichkilikka burung’idan ko’proq berilgan, pul degan narsa yo’q va fisgarmoniya allaqachonlar qarzga sotilib ketkan edi. Bolalari yolg’iz o’zini ko’cha-ko’yga chiqarmaylar, yo’qolib netmasin deb hammalari kuzatib yurardilar; bir kun Straokiev ko’chasida izvosh chopishlari vaqtida ular Anyaga duch keldilar: Anya ikki ot qo’shulgan, lekin chekkadagi ot yolg’iz chopib borish uchungina bo’sh qilinib bog’langan va kucher kursisida Artinifning o’zi o’tirg’an izvoshda edi. Petr Leontich boshidan «tsilindr» shapkasini oldi, so’ngra ularga allanima deb qichqirmoqchi bo’lgan edi, Petya bilan Antosha darhol uni qo’tuqqa olib:

– Qo’ying otajon… Bas, otajon… – deb yolvorishdi.

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse

Translation:

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse