Bo‘ldi avzoi zamona bila davron g‘alati...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bo‘ldi avzoi zamona bila davron g‘alati...
by Nodim Namangoniy

Bo‘ldi avzoi zamona bila davron g‘alati,
Rasm oyin ila atvori har inson g‘alati,
Muftiyu, a’lamu, qoziyu qalamdon g‘alati,
Kiyimu lafzu yozuv, lampau shamdon g‘alati,
Lampau pechkau kursiyu kayvon g‘alati.

Ko‘chayu ko‘yda fanor ravshanu yo‘llar sangin,
Beibo jumla tarantos ila izbosh nishin,
Behayo ko‘chada bebok ochib elg‘a jabin,
Teng o‘lub olim ila johilu, yolg‘on bila chin,
Bir-birisiga qilib har kishi bo‘hton g‘alati.

Yosh yigitlar kezibon lafkau har rasta aro,
Qo‘lida shishai may, og‘zida kufr ila navo,
Xar kabi hangrashibon shahrni aylab g‘avg‘o,
Yo‘q alar yuzlarida hech dami sharmu hayo,
Bo‘lubon har kabi o‘tgay hama xandon g‘alati.

El etib mansab uchun bir-biriga jangu talosh,
Yorilib fursati saylovda ko‘p ko‘z ila qosh,
Beribon rishva bo‘lur qoziyu alloma tarosh,
Pul olib makru hiyal birla qilur ayshu maosh,
Bo‘ldi ahvoli tamomi Namangon g‘alati…

Ba’zi da’vo cho‘zilur necha oyu necha yil,
Muddaiy birla bo‘lur xasmi bu ehmol ila sil,
Muftii mojinu sullohu vakil xayli dalil,
Pulu molini qilur g‘orat, o‘zin zoru zalil,
To‘ldurur aqcha bila kissayu hamyon g‘alati.

Xalqqa tuhmatu bo‘htonu xusumat bisyor,
Da’vii kizbu anoniyatu ifsod shior,
Haqqi mardumga qilib zu’mlig‘ ila inkor,
Qizitib mahkamalar ichra damodam bozor,
Bo‘ldi sullohu vakil zumrasi shayton g‘alati.

Ahli zindiqu zino egnida kimxobu samur,
Ostida ablahi xushgashtu tarantosu ko‘chur,
Ba’zisi rastayu shahr ichra bo‘lub gohi jujur,
Xamr ichib, mast bo‘lub, zohir etib kibru g‘urur,
Fisq joyig‘a borib, bo‘lg‘usi mehmon g‘alati.

Saylang ellikboshig‘a odami donolardin,
Munsifu ahli xirad ko‘ngli musaffolardin,
Sodiqulqavlu raso, mardi tavonolardin,
Na gado tab’i jafokor hayulolardin,
Gar yomon sizga bo‘lur dog‘ ila armon g‘alati.

Sa’y eting, mingboshi to sohibi ehson bo‘lg‘ay,
Xalqqa marhamatu lutfi farovon bo‘lg‘ay,
Fuqaroparvaru odil, o‘zi chaqqon bo‘lg‘ay,
Yurtning ahli bila bir tanu bir jon bo‘lg‘ay,
Bo‘lsa hayrot tariyqida shitobon g‘alati.

Axtaring qoziga bir ahli diyonat bo‘lsun,
Olimu xo‘b boinsofu fatonat bo‘lsun,
Elga anfosi ani subhi saodat bo‘lsun,
Naki bir omii sarmashqi zalolat bo‘lsun,
Toki bo‘lmang, fuqaro asru pushaymon g‘alati.

Topsangiz yaxshi kishi, qo‘ymay amaldor qiling,
Shar’i bo‘stonin ani davrida sarshor qiling,
Madad aylang ishiga, lutf ila isor qiling,
Gardani jonga ani so‘zini tumor qiling,
Sizga to bo‘lg‘usi ul yaxshi nigahbon g‘alati.

Oh, afsuski, bundog‘ kishini axtarmay,
Yaxshi insoflik odamni bu mansabg‘a demay,
Porau rishva olib saylagani bir chig‘atay,
Xo‘mgo‘zal, gungu sarang ablahu nodon mamay,
Ko‘rmagan bo‘yla kishi diydai davron g‘alati.

Yig‘ilib bir necha jallobi sharorat pesha,
Kam etib jangda olur paxtani beandesha,
Bexu bunyodu diyonatga urubon tesha,
Qolmayin zarrai insof alardin resha,
Qildilar dinu diyonatga nuqson g‘alati.

Ahli do‘konu saro fikri havo birla havas,
Domi bu ziynat ila zebi jahonga pobas,
Zikri savdoi Qiziljar bila Maskovu Adas,
Oxirat amrini yod aylamayin hech nafas,
Ayladi mo‘taqidi shar’ini vayron g‘alati.

Yaxshi ot uzra minib sallani xarrotiy qilib,
So‘fii xarkalla bas orqayu oldida yelib,
Goh mastona bo‘lub, har qadamida yiqilib,
O‘zin ul xomtama’ murshidu alloma bilib,
Buzdi olamni solib sho‘rishu to‘fon g‘alati…

Bu muxammaslar erur garchi maonidin dur,
Bir hikoyat erur xalqni aylar masrur.
Bo‘lsa gar zumrai ahbobg‘a nogah manzur,
Etmagay Nodimi mahzunni duodan mahjur,
Umrini zoye etib, ayladi xusron g‘alati.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse