Jump to content

Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz?

From Wikisource
Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz? (1923)
by Abdulla Qodiriy
334201Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz?1923Abdulla Qodiriy

Har kimning o‘ziga yarasha qo‘rqaturg‘an narsasi bo‘ladir. «Ishtonsizning cho‘pdan hadugi bor», degandek, shu vaqtda ishtonlik inson — haduksiz odam ehtimol yo‘qdir. Turkiston istatistiqa idorasining keyingi yiqg‘an hisobiga qarag‘anda, ishtonsizlar bana’ji ko‘payibdirlarki, biz ularni aynan quyida ko‘chiramiz:

Mustamlakachi — achchig‘lang‘an chog‘ida sirining ochilishidan qo‘rqadir.

Har turluk idora mudirlari — saylov yaqinlashsa mansabdan tushib qolishdan qo‘rqadirlar.

Yangi ko‘z ochqan hisobsiz o‘zbek shoircha va shoirachalari — ming mashaqqat bilan azoblanib yozg‘an she’rlarining gazetalarda bosilmay qolishidan qo‘rqadirlar.

Tutantiruqsiz maqola yozishg‘a o‘rgangan muharrirlar — to‘sundan tegib qolaturg‘an tanqid kaltagidan qo‘rqadirlar.

Boy va sovdagarlar — ayniqsa bularning qo‘rqunchlari poyonsizdir…

Chunonchi: do‘kon sovdasi yaqinlashsa, ijarani oshirib yuboraturg‘an yakanchilardan qo‘rqadirlar, qo‘llarig‘a ko‘proq pul yig‘ilib qolsa, mollar oshib, pul qursining tushib ketishidan qo‘rqadirlar, qo‘lida anchayin qog‘oz ko‘targan kishini ko‘rsalar «torg‘ovoy nalo‘g» tushmog‘idan qo‘rqadirlar, ro‘za oyi kirib zakot berish eska tushsa, mollar hisobini olishdan qo‘rqadirlar… Har holda bu durkum xalq uchun yer ham qo‘rqunch, ko‘k ham qo‘rqunch. Faqat qoro yerning ostig‘ina tinchdir!

Kambag‘al dehqon va ishchilar — kun sayin bozor bahosining birga bir ko‘tarilishidan qo‘rqadirlar.

Hukumat idoralaridagi poraxo‘rlar— poraxo‘rliq bilan kurash boshlang‘andan beri o‘zlarining soyalaridan ham qo‘rqadirlar.

Ko‘kdagi bulutlar — yog‘may desa Xudoning buyrug‘idan, yog‘ay desa yerdagi maxluqlarning chirting-pirtingidan qo‘rqadirlar.

O‘zbek xotunlari — erlarining kaltagidan, qizlari ko‘chaga chiqay desa onalarining turtugidan qo‘rqub, peslar moxovdan, moxovlar pesdan, ajivalar taraladan, taralalar ajivadan; qisqasi katta-kichik, yassi-yapasqi, qing‘ir-qiyshiq, uzun-qisqa hammalari ham qo‘rqoqdirlar…

Man nima va kimdan qo‘rqaman?

Ayniqsa, manim ishim juda ham qiyin: yozay desam, oshna-og‘aynining sho‘rtumshuqlig‘idan, yozmay desam «Mupggum» pochchaning jekirigidan qo‘rqaman.

Yana bundan boshqa qo‘rqaturg‘an ikir-chikirlarim:

— Eski shahar ko‘chalaridan yursam, betimga loy sachrashidan qo‘rqaman.

— Yog‘mur yoqqan kunlarida Eski shahar rastalarining ag‘nab ketishidan, sovdagarlarning to‘ng‘uz qo‘pishidan qo‘rqaman.

— Bilim yurtlari yonidan, boshlang‘ich maktablar qarshisidan o‘tub qolsam, istiqboldag‘i alvir-shalvir o‘zbek madaniyatidan qo‘rqaman!

Harholda manim ham qo‘rqunchlarim o‘zimga yetarlik…

Assalomu ala manittaba’l-xudo.

Julqunboy

«Mushtum» — 1923 yil, 1may, 7-son, 6-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"