Bir yil
Jiddiy
O‘ychi o‘yini bitirg‘uncha, ishchi ishini qip qo‘yadi, depti bobolar. Shunga o‘xshash «Ittihodi islom» va «Ittihodi turk» deb jovrab, boshini qovushtirsa oyoqig‘a hayron bo‘lib yurgan axdi ittihodlar istihoradan bosh ko‘targach ko‘rdilarkim, arava laylak! «La havla valaquvvata» o‘qildi va ohistagina savol berildi:
Bu nima degan gap? Xudoyo tavba: qozog‘i o‘z oldig‘a xon, tojiki o‘z boshig‘a sulton, o‘zbegi o‘z jo‘nig‘a bek! Bas, bizning ittihodi falon otliq sassiqpopishagimiz qani? Bu jonivorning qanot-quyrug‘ini qaysi uying kuygur mutadi va uyimizga kim o‘t qo‘ydi?
Qopini yo‘qotqanlarning ishini qip qo‘yg‘an, albatta, biz edik. Zero, ko‘karmagan daraxtni, albatta, kesish va o‘rnig‘a yangisini ekish kerak edi. «Ittihodi falon» deb, do‘koniga viviska qoqqan bu benavolar yuz yillardan beri ko‘bchilikka qurig‘an arig‘dan suv bag‘ishlab, shamoldan luqma berar edilar. Bayi bu dunyo, puli oxirat bo‘lg‘an bu «ittihod» xo‘lyolari xudda vahimaning onasi va lofning ayni bemazasi edi.
Shubha yo‘qkim, o‘sha «ittihod» jinnilari bu kun ham bizga burchak-burchakdan fisq otarlar:
«Millatlarni qirq to‘qquzga bo‘lib, o‘zboshimchaliq ko‘yiga soldingiz va dard desa kuydirgi aytadigan qildingiz», deyarlar. Ushbu burchak ittihodchilarig‘a bizning beradirgan javobimiz bir: «Biz haqiqatni hayotdan oldiq. Hammadan ilgari shaxs o‘zini tanisin, so‘ngra boshqani! Zero, «O‘zini bilmagan o‘zgani bilmas», so‘zi turmush onasining dard chekib tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Biz millatlarni ozod o‘sdirg‘ach, doirasi g‘oyat tor bo‘lg‘an, ittihodi islom va yo turkgina emas, balki butun dunyo mehnatkash va dehqonlari ittihodi; eng avjida butun dunyo insonlari ittihodi vujudga keltiramiz!»
Ozod O‘zbekistonning bir yillik to‘yida oramizdag‘i o‘zbek, tojik va qozoqliq ig‘volarini alangalatib yurgan duvarak odamlarni yo‘qotmoq qasamini ichaylik.
Shilg‘ay.
«Mushtum», 1925 yil, 22-son.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|