Bir qamar siymoni ko‘rdim...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bir qamar siymoni ko‘rdim...
by Furqat

Bir qamar siymoni ko‘rdim baldayi Kashmirda,
Ko‘zlari masxur-u yuz jodu erur tasxirda.

Zarra-zarra zar sochar boshig‘a har kun oftob,
Subh kelgach, kecha yotib chashmayi iksirda.

Bir ko‘rib chohi zaqan Xorut ila Morut ikov,
Chohi Bobil ichra qolmishlar bo‘lak tadbirda.

Lam’ayi qiyg’och ko‘zidin aning barqi nigoh,
Tezlik javharlari gar bo’sa har shamshirda.

Qoshi uzra xolining asroridin bir nuqtadur,
«Surayi Nun» o’qudim payvasta har tafsirda.

Forig’ ermas hech kim ul dilraboning ishqidin,
Zulfiga dilbastalig’ har bir juvon-u pirda.

Aydim: «Ey, jon ofati, zulfingga bo‘lmisham asir!»
Aydi: «Bu savdoni qo‘y, umring o‘tar zanjirda!».

«Nuqta lab ustida bejodur», dedim, aydi kulib:
«Sahv qilmish kotibi qudrat magar tahrirda».

Aydi: «Ey bechora, qilding na uchun tarki vatan?»
Man dedim: «G‘urbatda Furqat bor ekan taqdirda!».


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.