Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa...
by Xoʻjanazar Huvaydo

Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa,
Yor ila obod erur ul uyda ag’yor o’lmasa.

Goh ko’runub, goh qochar oshiqlarin kuydurgali
Ishq lazzat bermag’ay dilbarki ayyor o’lmasa.

Oshnoliqni uzub yor andin aylar ihtiroz
Ul kishikim yoridin birdam xabardor o’lmasa.

Ko’p balo o’qin otar oshiq sari, oshiq emas
Ko’ksin ochib yorini oldida tayyor o’lmasa.

Bo’lmag’ay ohu fig’on tong otqucha bedorlik,
Oshiqi dilxastani yori sitamkor o’lmasa.

Yeb yotib orom ila oshiqlig’i bekor erur,
Charbi shirin yeb ichardin kimki bezor o’lmasa.

Avval o’zung qil amal, so’ngra nasihat elga de,
Ey Huvaydo, so’zlama sanda amal bor o’lmasa.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse