Bir-birin degan kishi payvandi jon bo‘lmoq kerak...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Bir-birin degan kishi payvandi jon bo‘lmoq kerak...
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Bir-birin degan kishi payvandi jon bo‘lmoq kerak,
Talx so‘zini qo‘yib shirin zabon bo‘lmoq kerak.

Do‘stu dushman o‘rtasida farqi shuldur, ey ko‘ngul,
Lutfu shafqat birla doim mehribon bo‘lmoq kerak.

Doimo istab rizosik xotirini ovlabon,
Aylanib ahvoliga ham rozdon bo‘lmoq kerak…

Hoziru g‘oyibda aylab yod yaxshi vasf ila,
Zohiru botinga bir jism ichra jon bo‘lmoq kerak.

Beg‘araz ulfatchilik aylab hamisha ro‘zu shab,
Bu emish sharti muvaddat yak zabon bo‘lmoq kerak.

Har necha mufsid eli qilsa aroda vasvasa,
Bovar etmay daf’atan bo imtihon bo‘lmoq kerak.

Bu zamona oshnosi bul ajab har rang erur,
Yaxshiga yaxshi, yomonlarga yomon bo‘lmoq kerak.

Til bila sidqu muhabbat, dilda yuz kibru nifoq,
Bu tariqa oshnodin badgumon bo‘lmoq kerak.

Hayrato, dahr ahlidin mehru vafo tutma umid,
Bo‘ldi lozim bu arodin benishon bo‘lmoq kerak.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse