Jump to content

Bazm-cholg‘i to‘dasi

From Wikisource
Bazm-cholg‘i to‘dasi (1926)
by Abdulhamid Choʻlpon
335250Bazm-cholg‘i to‘dasi1926Abdulhamid Choʻlpon

O‘zbekiston maorif kamisarligi tomonidan “Davlat bazm-cholg‘i (konsert) to‘dasi” tashkil qilinmoqchi bo‘lunub bu ishning ashulachimiz Muhitdin Qori Yaqubiyga topshirilg‘anini gazetalarda o‘qub edik. U to‘g‘rida maorif kamisari o‘rtoq Mo‘min Xo‘janing maxsus maqolasini o‘qug‘ach, u ishga mazkur kamisarlik tomonidan qanday jiddiy ahamiyat berilganligini ham o‘rgangan edik. Maorif kamisarligimiz so‘ng vaqtlarda ilm-madaniyat ishlarining boshqa xillari qatorida ingichka san’atlarga ham jiddiy ahamiyat bera boshladikim, buni ko‘rgach sevinmay va uni olqishlamay turolmaymiz.

Boshqa sharqli jumhuriyatlar bu yo‘lda, albatta bizdan ko‘prak ishlaylar. Buni ham quyunib, ham sevinib iqror qilishqa to‘g‘ri keladir. Yaqinda Tatariston jumhuriyati o‘z sahnasining 20 yilliq bayramini juda zo‘r tantanalar bilan o‘tkazdi. Bayramdan so‘ng Maskavga borib o‘yin qilg‘an tatar davlat dramasi haddan tashqari katta muvaffaqiyatlar qozondi, Maskavdagi tatarlar va boshqa Sharq xalqlarigina emas, hatto Sharqqa qiziqqan ovro‘polilar ham chinakam ko‘ngil qo‘ydilar. Ozarbayjon jumhuriyati o‘zining teatr bayramini mundan bir-ikki yil burun o‘tkazgan edi. Tunov kungina Ozarbayjon maorif kamisarligi tomonidan davlat opera artisti Bulbul o‘rtoq qo‘l ostida yuborilg‘an 7-8 kishilik shirin bir cholg‘i to‘dasi Maskavning Sharq doiralarini ancha qo‘zg‘olon qilib ketdi. Kechagina yana o‘sha Ozarbayjon maorif kamisarligi tomonidan mashhur xalq hofizi Sarobskiy1 yo‘ldoshlig‘ida yuborilg‘an 20-30 kishilik muhtasham bir cholg‘i to‘dasi Meyerxo‘ld teatrida Maskavning ovrupoli qismini ham ancha anglantirdi. Uch kunga deb tayinlangan, “bazm-cholg‘i” (konsert)lar yana bir necha “uch kun”larga cho‘zuldi. Bu so‘ngg‘i to‘dada Qofqosiya millatlarining uch katta shoxidan vakillar bor edi: gurji, armani, ozarbayjonlilardan. Cholg‘i to‘dasining chinakam usta ustozi do‘qtur Yivnasioni edi. Maskav gazetalarida “Qofqasiya jaz bandi” deb u to‘g‘rida ko‘pgina narsalar yozdilar.

Shunday bo‘lg‘andan keyin maorif kamisarligimizning so‘ngg‘i tashabbusini “hali ertarak” deganlar bo‘lsa, ularga “siz kech qoldingiz!” deyishga hammamizning haqiqimiz bordir, albatta!

Mana, qarshingizda mashhur Yusuf qiziq: biri Xudoyorxondan qolg‘an, yana biri ham kecha-ilgari kundan burunroq qoplang‘an ikki katta nog‘orani oldig‘a qo‘yub olibdir-da, bir qo‘lida “tak” cho‘pini urub, yana bir qo‘lida “tum” cho‘pini ko‘tarib turadir… Nog‘oraning bir tomonida – o‘ng tomonda yolg‘iz nayni juda alamli lirik qilib cholg‘uchi Abdulqodir naychi o‘lturadur. Uning pastida jumhuriyatimizning hozirg‘a qadar birgina bo‘lub kelgan hunarmand qo‘shnaychisi o‘lturadur: uning ismini aytib o‘lturush ham lozim emas: “qo‘qonli qo‘shnaychi” desak hamma biladir. So‘ng ularning yon-berlarida To‘qtasin g‘ijjakchi, Usta Olim changchi, Muhitdin Hoji tanburchi, Hayit Oxun tanburchi, Orifjon va Jo‘raxon yallachilar, katta o‘yunchilardan Otaxo‘ja Muhammad Bobo hofiz, uning yo‘ldoshi Xudoyberdi, o‘zbek xotinlaridan Tuhfanisa, Tojinisa, Xonchanisa opalar o‘lturadirlar.

Nahoyat o‘ng qo‘l tomondan hammadan chetda o‘zimizning Muhitdin Qori bilan Tamaraxon (Qamara bilan Tamara orasida menimcha farq yo‘q!) o‘lturadirlar.

Yaqindag‘ina Muxtoruva xonimning “ashula bazm”larida Toshkentning muhtasham “Kolizey”si 6 martaba to‘lib-toshdi. Yaqinda bizning shu bazm-cholg‘i to‘damiz ham Farg‘anada birinchi bazmini qurg‘an vaqtida ko‘plar xafa bo‘lub, so‘kib chiqib ketdilar. Nimadan xafa bo‘lub, kimni so‘kdilar: joyning torlig‘idan xafa bo‘lub, joyni tor solg‘anlarni so‘kdilar… Kechagina O‘zbekiston markaz ijroqo‘mining Samarqandda bo‘lg‘an to‘rtinchi yalpi majlisida to‘daning birinchi chiqishi bo‘ldi. Jumhuriyatning katta-kichik eran*lari hammasi bor edi. Haddan tashqari ko‘b qilinib tuzulgan pro‘g‘ram hech kimni to‘ydirmadi. Hamma barobar, hamma bir tilak bilan olqishladi. Yo‘ldoshboy akam chidamadilar, chiqib so‘zladilar, xursandlik bildirdilar: demak, ko‘plar xursand bo‘lg‘an! Firqa markazqo‘mining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Ivano‘f qizib-qizib Yusuf qiziqni chaqirar edi.

Yusuf qiziq chiqmadi. Chiqmas emish-da. Chunki bu bizning tariximizning tadqiqig‘a aloqador (etno‘g‘rafi) to‘da emish. Men Yusufjonni, uning o‘tkur hajvli – pochti dohiyona gaplarini juda yaxshi ko‘rsam-da, to‘daning asosiga qarshi bo‘lg‘um kelmaydir. Chinakam, bizning cholg‘imiz yo‘qolib ketishidan saqlanmog‘i lozim, kuylarimiz unutilish va buzulishdan asralmagi darkor. Ko‘pdan beri darkor bo‘lg‘an butun kech bo‘lsa-da tuzulibdir. Yashasun, yashnasun, bizning kutgan tilaklarimizni bersun.

Bizning vazifamiz – o‘shalarni tor burchaklardan keng maydonlarga olib chiqish, o‘sdirish, parvarish qilish, tarbiya berishdir. Ijtimoiy hududlar ichida parvarish topaturg‘an bolaning ijtimoiy hodisalarga begona qolishi mumkinmi? Yo‘q! Demak, bu kunning vazifasi o‘sha qari bolani parvarish qilmoq!..

Cho‘lpon

“Maorif va o‘qitg‘uchi” 1926-yil №6.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"