Jump to content

Baxtsiz kuyov

From Wikisource
Baxtsiz kuyov (1915)
by Abdulla Qodiriy
334099Baxtsiz kuyov1915Abdulla Qodiriy

Teyotr risolasi

Turkiston maishatidin olingan to‘rt pardalik foji’a

O‘YNOVChILAR:
Solih — 25 yashar, kuyov bo‘ladurg‘an yigit.
Abdurahim — 45 yashar, Solihning amakisi.
Fayziboy — 50 yashar, Solihning qaynotasi.
Domla-imom — 50 yashar.
Ellikboshi — 35 yashar, yangi fikr.
Boy — 45 yashar, Solihga pul beruchi, ijaraxo‘r.
Rahima — 16 yashar, Solih oladurg‘an qiz.
Pristuf va mirshab

BIRINChI PARDA

Mehmonxona, o‘ngda kiradurgan eshik, so‘lda bir teraza, qozuqlarda chopon, salla, belbog‘ va shunga o‘xshash nimarsalar, mehmonxonaning ostiga namat solingan, Solih kichikroq ko‘rpacha ustida oldiga dasturxonda non, bir choynak choy qo‘yub, nondan yeb, choydan ichib o‘lturar, bir ozdan so‘ng Abdurahim kirar.
ABDURAHIM — (kirar yo‘talub)
SOLIH — (Abdurahimga qarab, sakrab o‘rnidan turub) Assalomu alaykum, keling, amaki (Abdurahimni muloqotiga uch-to‘rt qadam yurar).
ABDURAHIM — Vaaleykum assalom (qo‘l olishub, esonmi, omonmi so‘zlari bilan hol-ahvol so‘rashurlar).
SOLIH — Qani, amaki, ko‘rpachag‘a o‘lturing! (qo‘li bilan iiyurat qilur).
ABDURAHIM — Xo‘b, xo‘b, choying ham bor ekanmi? O‘zing ham o‘ltur (o‘lturarlar), omin, Alloh ishingg‘a rivoj bersun, Allohu akbar (fotiha o‘qurlar).
SOLIH—Xush kelubsiz, amaki nechuk xudo yarlaqadi, kelin oyim, ukalarim, eson-omon yurubdilarmi? Qani, nong‘a marhamat qiling (choy quyar).
ABDURAHIM — Xushvaqt bo‘l, Xudog‘a shukr, hammalari salomat, yangang senga ko‘b salom deb yubordi, bu kun seni to‘g‘ringg‘a bir gap chiqib qoldi. Senga ma’lum qilay. yana o‘zingni ko‘b vaqtdan buyon ko‘rganim yo‘q edi, ko‘rib ham kelay, deb keldum (non tanovul qilur).
SOLIH — (choy berub) Juda yaxshi, men ham sizni sog‘ingan edim.
ABDURAHIM — (piyola qo‘lida) Uyingg‘a borub kelsang bo‘lmaydimi? Necha zarur gaplar bo‘ladir, borasan deb ko‘z tutaman, bormaysan, har kuni bormasang ham besh-olti kunda bir borub tursang, ishing qoladurmi?
SOLIH — Aytkaningizdek necha bora bu kun borayin deb o‘ylayman, o‘zingizg‘a ma’lum, birovning xizmatkori bo‘lgandan keyin qiyin bo‘lur ekan, boraman degan kunim xo‘jayin ish buyurub qo‘yadir, borolmay qolaman. Kecha-kechasi, hovlig‘a borub yotib kelsam bo‘ladur-ku, hovlida yolg‘uz o‘zim yotkani zerikaman, yana orasi uzoq yo‘l, bul yerda birga ishlaydurg‘an og‘a-inilar bor, har kechasi birga gaplashib yotib, birov-birovimizg‘a o‘rganishib qolganmiz, ulardan ajragim ham kelmaydur.
ABDURAHIM — Xayr, undoq bo‘lsa, sendan so‘raydurgan gapim bor, agar xo‘b desang aytaman (piyolani bo‘shatub, Solihga berub). Menga choy berma, uyda juda ko‘b ichib keldum.
SOLIH — Xayr, qani nima gap ekan, so‘ylang eshitay?
ABDURAHIM — So‘zim shulki, ota-onangning o‘lganlarig‘a to‘rt yil bo‘lub qoldi, shundan buyon shu xo‘jayiningda xizmatda yurubsan, qancha oqcha yig‘ding?
SOLIH — Oqcha yig‘olganim yo‘q, topkan pulim o‘z harajatimga ketub turibdur.
ABDURAHIM — Solih bolam, aytaber, o‘ylamaki amakim mendan so‘rab olur deb, oqchang o‘zingg‘a buyursin, ko‘rqma!
SOLIH — (Erga qarab, ozroq o‘ylab) Uch yuz so‘mg‘a yaqin oqcha yig‘dim.
ABDU RAHIM — Balli-balli, barakalla o‘g‘lum, shul zamonda xo‘b yig‘ibsan-da (bir oz so‘zdan to‘xtab). Men seni sirtingdan necha vaqtdan buyon, otangning oshnasi Fayziboy bilan qizini senga olub bermakchi bo‘lub so‘ylashub yurar edim. Bugun erta bilan mening uyimg‘a Fayziboy kelib, agar Solihga qizimni olub beradurgan bo‘lsangiz, vaqtliroq harakat qiling, bo‘lmasa bir boshqa sovchi kelub turubdir, qizimni Solihga olub bermasangizlar, kelub turgan sovchig‘a quda bo‘lub qolsam ham ehtimol, dedi. Men unga bo‘lsa, Solihdan so‘rab, kechqurun javob beray, deb munda keldim, men sendan qancha oqchang bor, deb so‘raganimning sababi shul edi, mana, alhamdulilloh muncha oqchag‘a molik bo‘lubsan. Uylanib, uyingda ota-onangning chiroqlarini yoqsang, alarni arvohlari mendan ham ko‘broq sendan xushnud bo‘lur edi, yana o‘zing hovlida yolg‘uz yotolmayman deysan, xotun olgandan so‘ng zerikmay, hovlida yotadurgan bo‘lasan. Fayziboyni o‘zing yaxshi bilasan, dasturxonlik, obro‘lik, ham qizig‘a ko‘b mol qiladurg‘an odamdur. Endi menga, xo‘b, bo‘ladi, deb javob bersang, ertaga mahalladan ellikboshi va domla-imomni olub, Fayziboynikig‘a borub, fotiha ham, olug‘-solug‘larni gaplashib, birato‘lasiga to‘y bo‘ladurg‘an qilub kelaman, qani, nima javob berasan.
SOLIH — (Erga qarab, sukut qilur).
ABDURAHIM — Uyalma, bu so‘zim shari’atda bor gap.
SOLIH — (Abdurahimga qarab) Yo‘q, amaki, uyalganim yo‘q, hozirda xotin olaman, degan o‘y ko‘kragimda yo‘q, hozir vaqti emas.
ABDURAHIM — Nega undoq deysan, xotun olmoq farz va sunnat emasmi, xotun olmoqni vaqti-bevaqti bo‘ladurmi? Har kimg‘a vaqti bo‘lmasa ham sendek yigitg‘a zarurdur, xususan senga ham farz, ham qarzdir. Chunki uyingda hech kiming yo‘q, yana ikki-uch yil yursang, uyingni tom-devorini shikast-rextlarig‘a qaramasang, vayron bo‘lmog‘i muqarrardir. Uylangan vaqtingda uylaringg‘a qarab turarsan, mundan ham foydang bor.
SOLIH — Xo‘b, tuzuk, so‘zingiz to‘g‘ri. Bu so‘zlaringizg‘a juda ishonaman, lekin zamonamizda yomon bid’at, isroflar taraqqiy topkan, uncha-muncha oqchag‘a bu vaqtda uylanmak qiyin, meni oqcham boyagi aytkanim. Sizg‘a xo‘b, xotun olaman, uylanaman desam, Fayziboy mendan zamonag‘a muvofiq oqcha olsa, ul vaqtda men qarzdor-abgor bo‘lub qolsam, ish qanday bo‘lur, hozir avf etasiz, amaki?
ABDURAHIM — Voy, qo‘rqoq ekansan-ku, hozirgi zamonda qaysi bir yigit qarzdor bo‘lmay uylanyapti, ozroq qarzdor bo‘lsang, boshing omon bo‘lsa, sahalda qarzingni uzub qo‘yasan, yana Fayziboy ko‘b katta to‘y qilmayman, deydur, zamonani to‘yidek sendan ko‘b oqcha ketmasa kerak, bu senga xo‘b qulaydur, xo‘b deyaver.
SOLIH — (oz o‘ylab turub) Xayr, qarzdor bo‘lub qolamanda, o‘zingiz bilasiz amaki, sazangiz o‘lmasun? Otam o‘rnig‘a otamsiz, nima qilsangiz ixtiyor o‘zingizda.
ABDURAHIM — Ana endi o‘zingg‘a kelding, barakalla, balli, men bukun Fayziboyg‘a xabar beraman, ertaga ellikboshi, domlaimom bilan fotihag‘a ham olug‘-solug‘ga kelamiz deb. U l ham mahallasini kattalarig‘a xabar berub, taraddud qilib turar, Allohu akbar (o‘rnidan turub). Menga javob, vaqtlikroq Fayziboyg‘a xabar bermasam bo‘lmaydur.
SOLIH— (o‘rnidan turub) Ketasizmi amaki?
ABDURAHIM — Shundoq, endi omon bo‘l, mendan xo‘jayiningg‘a salom degin, xayr (chiqib ketar).
SOLIH — (bir-ikki qadam yurub) Xayr, bo‘lmasa mendan uydagilarg‘a salom ayting (xomushlik bilan o‘rniga kelub o‘lturar, xalqga qarab). Qanday gap bo‘ldi, shul zamonda kambag‘al kishini to‘yig‘a bir yarim ming so‘m ketub turgan ish, boshimda otam-onam yo‘qki, meni g‘amimni yesalar va men uchun harakat qilsalar. Oh yaratkan xudoyim, o‘zing ishimni to‘g‘rilamasang, men yetim bandangning kori og‘irdur (deb ko‘z yoshi qilub cho‘ntagidan dastro‘ymolini olub, ko‘zini artar).

Parda tushar

IKKINChI PARDA

Fayziboyning mehmonxonasi, so‘lda kiradurgan eshik, o‘ngda ikki daricha, mehmonxona ostiga namat, sahnani uch tarafida rasmiy ko‘rpacha, bir qozuqda qo‘l sochuq, bir tokchada bir padnus non, yana bir padnusda tarelkalarda shirinlik mevalar, ustiga dasturxon yopilgan, yana bir tokchada to‘rt dona to‘n to‘yda beriladurgan, bir ozdan so‘ng mahallasining domla-imomi bilan Fayziboy kirar.
DOMLA-IMOM — Ha-ha, ish katta-ku, nima gap, men ham aytdim, bir gap bor-ku, Fayziboynikida, deb (tokchadagi to‘nlarga qarab), to‘y bo‘ladurg‘ang‘a o‘xshaydi, tokchada to‘nlar.
FAYZIBOY — Qani yuqorig‘a o‘lturing, taqsir, gaplashurmiz (to‘rga o‘lturarlar).
DOMLA-IMOM — Omin, Alloh ziyoda qilsun, Allohu akbar (fotiha o‘qurlar). Qani, gapiring?
FAYZIBOY— Ojizag‘a Abdurahimboy ellikboshi bilan fotihag‘a kelmakchi. yana olug‘-solug‘ qilinsa ham ixtimol, shu sababdan sizni chaqirub keldimki, yurt ko‘rgansiz, yurtdagi olug‘-solug‘larg‘a tushunub qolgansiz, meni tarafimdan gaplashsangiz deb.
DOMLA-IMOM — Ha, ha, ha, juda yaxshi bo‘lubdur, xudo ziyoda qilsun, Abdurahimning o‘g‘lini kuyov qildingizmi?
FAYZIBOY — Yo‘q, o‘lub ketkan akasining o‘g‘lini.
DOMLA-IMOM — Tuzuk, tuzuk Sobirboyning o‘g‘li Solihnimi?
FAYZIBOY — Shundoq, taqsir.
DOMLA-IMOM — Yaxshi qilubsiz. Mehnatkash, yetimlikda qattig‘chilikni ko‘b ko‘rgan yigit (shul vaqtda eshikdan Abdurahim ila ellikboshi kirurlar, salom berishub, domla-imom, Fayziboy o‘rinlaridan turub, kelganlar bilan ko‘rishurlar, Fayziboy mehmonlarga to‘rdan joy ko‘rsatub o‘tkuzar).
ABDURAHIM — (domla-imomga) Taqsir, bir fotiha o‘qub qo‘ying.
DOMLA-IMOM — (qo‘lini ko‘tarub) Omin, to‘y ustig‘a to‘ylar bo‘lsun, Allohu akbar (hammalari fotiha o‘qurlar).
FAYZIBOY — (o‘rnidan turub) Xush kelubsiz, mehmonlar.
HAMM ALARI — Xushvaqt bo‘ling, balli, rahmat.
FAYZIBOY — (mehmonlar oldiga dasturxon solib, tokchadagi padnuslarni kelturub qo‘yar, yana samovor padnusni, piyolalarni kelturub qo‘yub, samovor keltirmoqga chiqib ketar).
DOMLA-IMOM — (nonlarni sindirib qo‘yub) Qani, mehmonlar, nong‘a marhamat qilinglar (hammalari non tanovul qilurlar).
DOMLA-IMOM — (Abdurahimga qarab) Juda yaxshi g‘ayrat qilubsiz, eshitib, ziyoda xursand bo‘ldum.
ABDURAHIM — Shundoq bo‘ldi taqsir, men g‘ayrat qilmasam, Solihning hech kimi yo‘q, bir yoqda hovlisi buzulub ketmoqda, xotun olub bersam, uyig‘a qarab, hovlisini buzmasdan o‘lturar, deb o‘yladum.
DOMLA-IMOM — Shundoq, ko‘p savobg‘a dahldor bo‘lubsiz (Fayziboy samovor olib kirub quyub, choy quymoqqa boshlar, pardaning oxirigacha, o‘lturganlarga oz-ozdan choy quyub berib turar).
DOMLA-IMOM — Ellikboshi, bir fotiha qilub qo‘ysak, yaxshi bo‘lur edi (Fayziboyga qarab), siz nima deysiz?
ELLIKBOShI — Juda yaxshi bo‘ladi.
FAYZIBOY — O‘zlaringiz bilasiz.
DOMLA-IMOM — Qani bo‘lmasa, qo‘lingizlarni ko‘taringlar (hamma.pari qo‘llarini fotihaga ochurlar) Omin, Alloh har ikkisining umrini uzoq qilib, qo‘shaqarutsun, serfarzand, serdavlat qilsun, Allohu akbar.
ELLIKBOShI — (Fayziboyga qarab) Fayziboy aka, sizg‘a bir-ikki kalima so‘z aytaman, agar xo‘b desangiz?
FAYZIBOY — Xo‘b, qani, eshitay, so‘ylang (hammalari tinglarlar).
ELLIKBOShI — So‘zim shulki, sovchigarchilik olug‘-solug‘i so‘ylashilmasa, chunki kuyov bo‘lmish yigit o‘zingizg‘a ma’lum, yetim, ham kambag‘al. Yana olug‘-solug‘ shari’atda yo‘q gap. Olug‘-solug‘ qilinsa, kuyovdan ko‘b oqcha olinsa, qarzdor bo‘lub qolsa, yaxshi emas, deyman. Keraklik narsalarg‘a ozroqqina oqcha olub, nikohlab bersangiz, shari’atdagi ish bo‘lur edi.
FAYZIBOY — Olug‘-solug‘ bo‘lmasa to‘y-to‘y bo‘ladimi? Mening ham boshimda bir qizim bor, orzu-havaslik dunyo, yaxshilab orzu-havas qilsam, degan niyatimda bor. (Domlaga qarab) Taqsir, bu kishining so‘zlari durustmi?
DOMLA-IMOM — Bu kishining aytkanlaridek qilsangiz xalqqa kulgi bo‘lasiz. Olug‘-solug‘ qilinmasa bo‘lmaydur. (Ellikboshiga qarab) Olug‘-solug‘ yurtning rasmi, buni qilmang demoqingiz ayb gap!
ELLIKBOShI — Men shari’ati mustafo bo‘yincha ish tutilsa deb edim, gunoh o‘tkan bo‘lsa, afv etasizlar. Olug‘-solug‘ so‘ylashilsa, so‘ylashilsin. (Abdurahimga) Abdurahim aka, siz nima deysiz?
ABDURAHIM —O‘zlaringizdan gap qoladimi? Solihg‘a juda ham og‘ir bo‘ladurg‘an bo‘lmasun.
FAYZIBOY — (domlaga) Taqsir, qani, olug‘-solug‘ni yurtda xo‘b ko‘rgansiz, ham eshitgansiz, so‘ylang?
DOMLA-IMOM — Bo‘lmasa sovchigarchilik birla katta to‘yni bir qilub so‘ylaymizda, chunki yengilroq bo‘ladur.
FAYZIBOY — Yo‘q, boshqa-boshqa so‘ylansun.
DOMLA-IMOM — Hammasini bir qilaveramiz, osonroq bo‘ladur. (Abdurahim va ellikboshiga qarab) Men so‘ylay, sizlar yaxshilab tinglab turinglar, har ikki to‘yda besh yuz so‘m pul, o‘n besh qo‘y, bir ot, to‘rt botmon bug‘doy, to‘rt botmon brinch, kajavada mayiz, turshak, o‘n yashuk har xil qand va shirinlik, yigirma quyum holva, uch ming dona katta non, qozonda nisholda, qizlarig‘a o‘n bosh-oyoq kiyim, kimxob, duxoba, shohi, atlas, movut, chidagan, chit va boshqalar; har biridan ko‘ylak, kamzul va mazkurlarg‘a loyiq qimmatbaho ro‘mollar, yana uch dona paranji shohi, duxoba, adras, uch dona kavush-masxi, qavm-qarindoshlarig‘a, o‘zlarig‘a, zaifalarig‘a bosh-oyoq kiyim.
ELLIKBOShI — Yo‘q, domla, juda oshirub gapurdingiz, yigitning holi o‘zingizg‘a ma’lum, jabr bo‘ladurgan bo‘lmasun.
FAYZIBOY — (domlaga qarab) Juda kam aytdingiz, men munga rozi emasman. Yurt urfi qayda, ha, ha, yana necha narsalarni qoldurdingiz. (Ellikboshiga) Yana sizning oshirub yubordingiz, degan so‘zingizg‘a hayronman.
DOMLA-IMOM — (Elshkboishga) O‘zingizning xabaringiz bor, Ahmadboy o‘g‘ullarig‘a qanday to‘y qilub, xotun olub berdilar. Bu ul odamning to‘yini uchqunidek ham emasku!!!
ELLIKBOShI —Undoq isrofchi boylarni qo‘yabersangizchi, taqsir, hollari o‘zingizg‘a ma’lum, har kimdan qarzdor bo‘lub turub, qo‘llaridagi birovning oqchasini to‘y tomoshag‘a isrof qilib, puldorni pulini topib berolmay, sinib, mulk-ashyodan ajralub yotkanlarini ko‘rmadingizmi? Ularning to‘yshi to‘y demang, oxiri aza-ku, taqsir.
ABDURAHIM — (Fayziboyga) Kamayturing. Solihni bilasiz, hech nimasi yo‘q, yetim, mundaqanggi oshuqcha olaman demang!
FAYZIBOY — Hali men munga ko‘nmayman, domla juda kam aytub qo‘ydilar.
DOMLA-IMOM — (Fayziboyga) Mayli, kam bo‘lsa ham, chunki kuyovingiz yetim yigit, shuning uchun ortuqcha aytmadum, (Abdurahimga) Sizlardan bu pul va boshqa narsalarni olgani bilan o‘zig‘a sarf qiladur, hamyong‘a soladur, deb o‘ylamang?
FAYZIBOY — Men sizlarg‘a nom-banom tushunduray, so‘ragan g‘allalar to‘yni olishg‘a, ham nonig‘a ketadur. Qo‘y va otlar so‘yilub, yog‘-go‘shti oshga ketadur, buning ichida charlar, yuz ko‘rsatarlari ham bor. Pulg‘a mis asbob, ikki dona palak, ikki dona gulko‘rpa, sakkiz dona dorpo‘sh, qizimg‘a bo‘yuntumor, qo‘ltuqtumor, tillaqosh ziraklar, mundan boshqa mayda-chuyda narsalar bilan tamomlanadur. Nonlar bo‘lsa, to‘yg‘a kelganlarg‘a tarqatiladur, holva, boshqa narsalar ham. Endi tushundingizlarmi, menga mundan nima qoladur.
ELLIKBOShI — Men sizdan so‘rayin, mis asboblar keraklik narsalar, munga ko‘b ketkandan bir yuz so‘m ketadur, palak, gul-ko‘rpa, dorpo‘sh, bo‘yuntumor, qo‘ltuqtumor, tillaqoshlardan nima foyda chiqadur, ular nimaga kerak?
FAYZIBOY — Palak, gulko‘rpa, dorpo‘shlar to‘yda uyni ziynati, tumor, tillaqoshlarni qizimiz taqadur.
ELLIKBOShI — Uyg‘a bulardan boshqa ziynat qurib qolibdurmu? Qizingizg‘a shang‘ir-shung‘ir qilub tuya misollik tumor taqqandan nima foyda, men bularning hammasini bilaman, besh-olti kundin so‘ng sanduqda yotadur, alarni sanduq huzurini ko‘radur, tiying‘a arzimaydurg‘an narsalarga kuyov bechoradin ko‘b oqcha olub ko‘chadagilarg‘a osh, non berub isrof qilsangiz, yana keragi yo‘q, palak-xalak, tumor-pumorlarg‘a pul isrof qilsangiz, kuyovingiz bechora qarzdor bo‘lub qolsa, g‘am-anduhini qizingiz birga tortadur, shari’atg‘a muvofiq to‘y qilsangiz, kuyovingiz beqarz bo‘lsa, qizingiz bahuzur, beg‘am umrguzaronlik qiladi.
FAYZIBOY — Hali ham men, patirushatar, sovchigarchilik so‘raganim yo‘q, mundan ortuq shari’atdagi to‘y qandoq bo‘ladi?
ELLIKBOShI — Shari’ati mustafoda shundoqki, kuyov tarafidin qizg‘a mahr ta’inlamoq, so‘ngra bir kosa suv bilan nikohlamoq. Muhammad alayhissalom yigitdan pul olg‘il, palak, gulko‘rpa, dorpo‘sh, tumor, qo‘ltuqgumor qilg‘il, yigit qarzdor bo‘lub qolsa ham mayli, deydilarmu? Hozirda biz turkistonliklardin boshqa jumla musulmonlar, xususan Makka, Madina, Istambullilar yuqoridagi aytkanimdek qilib qizni erga beradurlar, kuyovdan oqcha so‘ramoqni nomusulmonlik deb biladurlar va bizlardek isrof qilmaydilar. (Domlaga qarab) Taqsir, siz ham tolibi ulumsiz, Xudo va rasulimizning buyruqlari shundoq emasmi? Va bu kishining so‘raganlari shari’atdan tashqari emasmi?
DOMLA-IMOM — Har joyni musulmonlarining bir rasmi bo‘ladi, bizlarg‘a ham shundoq qilmoq rasmdur.
ELLIKBOShI — Har joyning musulmonlarini emas. Boshqa viloyat musulmonlari shari’atka muvofiq rasm bilan qiladurlar. Ammo bizlar shari’atka teskari johiliyat zamonidan qolgan bid’at ila qilamiz.
FAYZIBOY — Agarda bizlar shari’atka muvofiq qizimizni erga bersak, xalq bizni ayb qilub kuladilar, munga nima deysiz, bizni xalqg‘a kulgi bo‘lganimiz yaxshimi?
ELLIKBOShI — Xalq shari’atni masxara qiladilarmi? Siz meni aytkanimni qilabering, xalq sizdan kulsa, shari’at buyrug‘ini qildim desangiz, hech kim nima deyolmaydur, agar ayb qilsa, gunohkor bo‘ladur.
FAYZIBOY — Mundoq so‘zni uzub, ulaydurgan ekansiz, juda meni garang qildingiz, endi bo‘ldi, bo‘ldi. Domla-imomning aytkanlarini bersalaringiz mana, bo‘lmasa o‘zlaringiz bilasiz, men yurtning rasmini tashlab, qizimni erga berolmayman, endi gapni ko‘b cho‘zmang, ming gapurganingizda zarracha menga ta’sir qilmaydur.
ELLIKBOShI — Xayr, xayr, mendan o‘tkan bo‘lsa afv etursiz, men sizg‘a kuyovingizga qarindosh emasman, shunchaki, shundoq bid’atlar bo‘lmasa edi, deb so‘zni uzaytirdim. Jabr qilsangiz kuyovingizg‘a qilursiz, gunohi bo‘yningizg‘a, menga nima foyda, nima zarar (erga qarab sukut qilur).
DOMLA-IMOM — (Abdurahimga qarab) Siz xo‘b deyabering, bundaqangi yahman deb o‘lturmang, to‘yg‘a ketkan oqchani Xudo o‘zi yetkuzadur, qarzdor bo‘lsa bo‘lar. Qarz uzilar, xotun yonga qolar, degan so‘z bor. Ellikboshi qayog‘dagi bo‘lmagan so‘zlarni gapurib, sizni sustlanturib qo‘ydilar, ul kishining so‘zini qo‘yabering.
ABDURAHIM — Xayr, bo‘lmasa bilganlaringizni qilinglar.
DOMLA-IMOM — Qo‘linglarni ko‘taringlar! (Hammalari fotihaga ochurlar, domla ichida uzoq duo qilur) Omin, Allohu akbar, barakallo! (Abdurahim va Fayziboyga qarab) Endi muborak bo‘lsun!
ABDURAHIM va FAYZIBOY — Qulluq, qulluq.
FAYZIBOY — (Abdurahimga qarab) To‘yni ushbu ta’yin bo‘lgandan kam yuborsangiz, hech ko‘nmayman, so‘ylashkanni batamom yuborursiz!
ABDURAHIM — Xotirjam bo‘ling, bir nima qilurmiz.
ELLIKBOShI — (o‘rnidan turub) Endi menga javob, ketaman (Eshikga qarab yurar).
FAYZIBOY — O‘ltiraturing, osh tayyor!
ELLIKBOShI — Balli rahmat, yegandek bo‘ldum (hammalari o‘rinlaridan turarlar).
FAYZIBOY — Sizlar o‘lturibsizlar-da.
DOMLA-IMOM — Yo‘q, bizlar ham ketamiz.
FAYZIBOY — To‘xtanglar bo‘lmasa (chakmon turgan tokchadan chakmonlarni olub, domlaga, Abdurahimga kiyguzarlar, ellikboshiga navbat kelganda kiymas).
FAYZIBOY — Sabab, kiymaysiz? Boyagi gapimg‘a xafa bo‘ldingizmi?
ELLIKBOShI — Yo‘q, to‘n kiymayman, deb ahd qilg‘anman.
FAYZIBOY—To‘ynikini kiyganingizda yaxshi bo‘lur edi, chunki to‘yniki tabarruk edi. (Abdurahimga qarab) Ertaga xotunlar bilan bamaslahat to‘yning xabarini berarman.
ABDURAHIM — Xo‘b, xo‘b (hammalari chiqub ketarlar, Fayziboy sahnada xayr, xayr deb qolur).

'Parda tushar

UChUNChI PARDA

Solihning uyi, so‘ldan kiradurgan eshik yonida daricha, sahna ostiga oq, eski namat solingan, to‘rdauzun, eski ko‘rpacha solugluq, tokchalarda niyola, eski choynak, qoraqumg‘on va boshqalar, parda ko‘tarilgan vaqtda Solih sahnani supurub yurar.
ABDURAHIM — (kirar) Ey bolam, shundamuding, seni xo‘jayiningnikida deb borgan edim. Yo‘q ekansan, juda ovora bo‘lub qaytdim, uyingg‘a kelgan ekansan, men keldim deb, menga xabar bersang bo‘lmasmudi, men ovora bo‘lub xo‘jayiningnikig‘a bormas edim (to‘rga chiqib ko‘rpachaga o‘lturar).
SOLIH — (Supurgusin bir chekkaga tashlab) Keling amaki, uydan bir xabar olay, deb bu kun shunda kelgan edim, sizg‘a xabar bermaganimning vajhi uyingizda bormusiz, yo‘qmusiz deb o‘yladim. (Abdurahimning yoniga o‘lturar).
ABDURAHIM — Yaxshi kelubsan, meni senga biroz gaplarim bor edi, juda terlab-pishib ketdum (boshidan sallasini olub, yoniga qo‘yub, dastro‘ymoli bilan o‘zini biroz yelipur).
SOLIH — Amaki, choy-non olub kelaymu?
ABDURAHIM — Yo‘q, choy-nonning vaqti bor. Kecha seni javobing bilan mahalladan Mulla Karim ellikboshini olub Fayziboynikig‘a fotiha, ham olug‘-solug‘ga borduk, bilmayman nima balo bo‘ddi, Fayziboy qadimg‘i va’dalaridan qaytdimu? Yurtdagi rasmni olaman, deb kichkina to‘yg‘a ko‘nmadi. Ellikboshi bechora shari’atdan undoq-mundoq deb ko‘b gapurgan edi, bechorani ko‘b beobro‘ qildi, Fayziboyning mahallasining domla-imomi yomon odam ekan, yurt urfi tark bo‘lmasun deb, Fayziboyni quturtirdi, men noiloj bo‘lub, oshiq bo‘lsa ham xo‘b bo‘ladi, deb ko‘nub, chopon kiyib keldum, uyda cho‘tlab boqsam, to‘yg‘a taxminan bir ming besh yuz so‘m ketar ekan.
SOLIH — Bundaqangi og‘ir narsalar so‘ragan bo‘lsa, bo‘lmaydi, deb quda bo‘lmay kelganingiz yaxshi edi, qancha oqcha va qanchadan g‘alla olar emish?
ABDURAHIM — Besh yuz so‘m pul, to‘rt botmondan g‘alla, shunga o‘xshash mayda-chuydalar.
SOLIH— (ko‘zlari olayib) Voy bayov, bu qandaqangi gap, mayda-chuydasini o‘zig‘a ham yetti-sakkiz yuz so‘m ketadur, meni o‘zingiz bilasiz, undoq oqcha va g‘allalar berub xotun olmoqg‘a quvvatim yetmaydur. Qarzdor bo‘lmog‘im oniq ko‘runub turgan ish, hali ham buncha narsa berub xotun ololmaydur, deb javobini bering.
ABDURAHIM — Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Besh-olti yuz so‘m qarzdor bo‘lsang-bo‘lubsan, quvvatim yetmaydur, demoq yigit kishig‘a ayb gap, endi tishingni-tishingg‘a qo‘y, undaqangi gapingni qilma!
SOLIH — Yo‘q, javobini bering, hozir qarzdor bo‘lub xotun olmayman. Qarzdor bo‘lsam qarzimni kim beradur (yuzini teskari qilur).
ABDURAHIM — Ey, ahmoq ekansan-ku, yaramas gaplarni gapurma. Fotiha Xudoning muhri, debdurlar, fotixadan qaytsang kishini fotiha uradur, «Keyingi pushmon jonga dushman» degandek, bir kasalg‘a yo‘luqub, keyin pushaymon bo‘lub yurma. Yana mening fe’limni aynatma (zarda va achchiqlar bilan gapurar). Qarzdor bo‘lsang bir gap bo‘lub ketar, o‘rtada turganni uyalturub qo‘yadurgan ish qilma.
SOLIH — Xayr, men ko‘ndum, endi kimdan qarz so‘rayman, men hech kimni tanimasam!
ABDURAHIM — Sen munga tashvish qilma, men kecha Qosimboy bilan so‘ylashkan edim, senga oqcha qarz bermoqchi edi. Men Qosimboyning oldig‘a borub, munda olub kelurman. Qancha ijara olaman desa, xo‘b deyaber (Sallasini kiyib, o‘rnidan turub, chiqib ketar).
SOLIH — (Abdurahimning ketidan gapurmoqchi bo‘lub, gapurolmay qolur, xalqga qarab) Menga xotun olmoq bir baloyi azim bo‘ldi, olmayin desam, amakimning achchig‘i boyagi, olaman desam, bir talay qarzdor bo‘lub qolsam. Endi qandoq qilaman? Ey Xudo, o‘zing oson qil. Bu nima degan gapki, xotun olmoqg‘a bir yarim ming so‘m pul ketsa?! Rahmatli dadamdan eshitar edimki, onangni dadasi menga bir tiyin chiqimsiz qizini nikohlab bergan edi deb. Yana bobom rahmatli madrasag‘a mudarris edilar, ul kishi shari’atg‘a muvofiq ish qilganlarmi yoki muvofiq emas? Albatta, muvofiq bo‘lsa kerak, chunki bobom Turkistonda birinchi ulamolardan edilar. Endi — bu zamonda olug‘-solug‘, g‘alla, yana nima balolar chiqib ketdi, xotun olgan yigit qarzdor bo‘lmasdan uylana olmaydur. Qanchalari yer-joylaridan ajramoqdalar. Mana men ham o‘shalarning jumlasidan bo‘ladurg‘ang‘a o‘xshayman. Ey Alloh, bul bid’atlarni o‘zingdan boshqa chorasini topolmaydi, o‘zing oson qil. (Mundan so‘ng qovohini solub, xafa bo‘lub o‘lturar, bir ozdan keyin Abdurahim kirar).
ABDURAHIM — (kirar) Tur, Solih, o‘lturma, boy keldi, pul so‘rasam yo‘q demagil, agar yo‘q desang, juda xafa qilaman, salom berub boy bilan ko‘rush!
SOLIH — (sakrab o‘rnidan turar, Abdurahimga) Shundami boy?
ABDURAHIM — Ha, shunda (egiikga qarab) Kirabering boy aka.
BOY — (kirar).
SOLIH — (salom berub ko‘rishar, boyni yuqoriga chiqarub o‘lturarlar).
BOY — Omin, qadam yetdi, balo yetmasun, Allohu akbar (hammalari fotiha o‘qurlar).
ABDURAHIM — (o‘rnidan turub) Xush ko‘rduk, boy aka.
BOY — Xushvaqt bo‘ling, rahmat. (Solihga qarab) — Bolam, sizg‘a oqcha kerakmi?
SOLIH — Shundoq boy aka!
BOY — Qancha oqcha kerak, bir-ikki yuz so‘m bo‘lsa bo‘ladimi?
SOLIH — Amakim biladilar.
BOY — (Abdurahimga qarab) Keragini ayting (erga qarab o‘lturar).
ABDURAHIM — To‘qquz yuz so‘m bo‘lsa bo‘ladi.
BOY — Juda yaxshi, necha oyda berasizlar?
ABDURAHIM — Xudo Solihga quvvat bersa, bir yilda beradi.
BOY — (Solihga) Men shu shartlar birlan oqcha beramanki, avval to‘qquz yuz so‘mg‘a bir yuz so‘m ijara qo‘shub berib, bir ming so‘mg‘a xam veksil berasiz ham hovli va hovlidagi hamma narsalarni natariusdan garov (zalo‘k) qilub berasiz: «Sro‘gida bersam xo‘b, bo‘lmasa hamma hovli va hovlidagi hamma narsalarim shul boyniki» deb, ikkinchi, olti oydan bir kun o‘tquzmasdan pulimni batamom berasiz ham hujjatingizni olasiz, agar shul shartlarg‘a xo‘b desalaringiz, oqcha beraman, bo‘lmasa yo‘q.
ABDURAHIM —Ijarasini kamroq qiling va sro‘gini bir yil qiling, toki to‘lamoqg‘a oson bo‘lsun, yana Solih veksilni o‘zini bersa bo‘ladi, chunki hamma boylarg‘a odat shul, garovni qo‘ying!
BOY — O‘zingiz bilasiz, zamon yomon bo‘lub ketkan, bu vaqtda birovning haqida hech kim qo‘rqmaydur, shunchaki ishonishka garov qilub olaman, ham o‘zimning odatim hamisha shundoq, ijarasini kamayturolmayman, sro‘gi ham shundoq.
ABDURAHIM — Har nima bo‘lsa ham sahal jo‘nroq qiling, Solihga jabr bo‘lmasun.
BOY — Men bir gapuraman, aylanturub o‘lturushg‘a tobim yo‘q, bo‘lsa xo‘b deng, bo‘lmasa menga javob bering.
ABDURAHIM — Xayr, nima desangiz shul, men nima ham dedim (erga qarab o‘lturar).
BOY — (Solihga qarab) Veksilg‘a qo‘l qo‘yishni bilasizmi?
SOLIH — Ha, boy aka, bilaman.
BOY — (Solihdan) Juda yaxshi, hovlining necha sarjinligi ma’lummi?
SOLIH — Ha, ma’lum, ilgari kuni o‘lchatkan edim, jam’i to‘qson sakkiz sarjin keldi.
BOY — (cho‘ntagidan qogoz-qalam olub, Solihga) Hovlini g‘arb tarafi kimg‘a muttasil? Sharqi kimg‘a muttasil? Janubi kimg‘a muttasil? Shimoli kimg‘a muttasil?
SOLIH— (qo‘li bilan to‘rt tarafga ishorat qilub) Buyoq Eshmuhammad akag‘a, buyoq Tursun akag‘a, buyoq Karimboy akag‘a, buyoq Abdurahim amakimg‘a.
BOY — (yozub olub) Barakallo, endi bo‘ldi, turinglar, natariusg‘a boramiz, vaqti o‘tmasun, pulni ham o‘shal joyda beraman.
ABDURAHIM — Avval choy ichib olayluk, sizg‘a choy keltursun?
BOY — Balli, rahmat, natariusni vaqti o‘tmasun, Xudo xohlasa, boshqa vaqtda ichamiz.
ABDURAHIM — (Solihga) Tur, vaqtliroq borayluk.
SOLIH — Xo‘b (hammalari chiquishb ketar)

'Parda tushar

TO‘RTINChI PARDA

Uchunchi pardadagi sahnaning ayni, faqat kelinlarining uyidek dorpo‘shlar osilinur va taxtmonning ustidan kirpo‘sh osilinur, tokchalarga har xil asboblar qo‘yilur, to‘rga ko‘rpacha solingan, ustida Rahima xalqga qarab do‘ppi tikub o‘lturar. Birozdan keyin Solih kirar, povestka ko‘tarub.
SOLIH — (qo‘lida povestkani ko‘tarib, xafalik qiyofatda qovog‘ini solub) Oh, nima balolarg‘a giriftor bo‘ldum, qandoq mushkul ishlarg‘a qoldum, oh, esiz boshim (sahnaning to‘riga — Rahimaning yoniga o‘lturar).
RAHIMA — (Solihning basharasiga qarab) Nega xafag‘a o‘xshaysiz, kim chaqirg‘an ekan?
SOLIH — (erga qarab o‘lturub Rahimaga javob bermas).
RAHIMA — Nega gapurmaysiz, qo‘lingizdagi qandaqa qog‘oz?
SOLIH — Ey-y, so‘rab nima qilasan, sho‘rim quridi-ku? To‘ydagi qarzimni va’dasidan uch oy o‘tkan edi. Bu kun soat 12 g‘acha pul topub bersam xo‘b, bo‘lmasa boy ila sudya, pristuf tushib hovlimni, mollarimni o‘zig‘a o‘tkuzar emish, oh, sho‘rim qursin, oh (tizzasiga urar, ho‘ngrab yig‘lar), oh, sen bilan mening holimiz xarob. Bizlar, bizlarni ko‘chag‘a haydar emish, oh, qaydan men dunyog‘a kelgan ekanman (cho‘ntagidan dastro‘ymolini olub ko‘zini artur).
RAHIMA — Bo‘lmasa, soat 12 g‘acha to‘layolmaysizmi?
SOLIH — Nimani to‘layman! Hol-ahvolimo‘zingga ma’lumku yana mendan to‘layolmaysizmi, deb so‘ragani uyalmaysanmi? Menda soat 12 g‘acha naqd bir ming so‘m qayda bo‘ladur?
RAHIMA — (erga qarab yig‘lar va Solihga) Amakingizdan oqcha so‘ramadingizmi?
SOLIH — So‘radim, pulim yo‘q dedi, u bechoradan ham ellik so‘m olub, yana to‘xtarmukin, deb boyg‘a pulining ijarasig‘a berganman (er-xotun yig‘lashurlar, shul vaqtda Fayziboy kirar).
FAYZIBOY — Ha, nima gap, nega yig‘lashib o‘lturubsizlar? (Solihning oldiga kelub o‘lturar).
SOLIH — (yoshini artub) O‘zingizning xabaringiz bor, to‘yda bir ming so‘m qarzdor bo‘lub, hovli, ashyoni puldorg‘a garov qilub bergan edim, va’dasidan uch oy o‘tdi, to‘layolmadum, bukun soat 12 da boy bilan sudya, pristuf tushub, hovli va ashyolarni o‘zig‘a o‘tkuzub, bizni haydab, butun chiqarar emish, xonavayron bo‘lganimizg‘a yig‘lashamiz (ho‘ngrab yana yig‘lar). Endi umidimiz sizdan, bir iloj qilub yordam qilmasangiz, sizdan boshqa tayanadurganimiz yo‘q (povestkani berar).
FAYZIBOY — (povestkani olub, biroz o‘ylab turub) Men qandoq qilaman, bir tiyin oqcham yo‘q, uyog‘ini so‘rasangiz, shu kecha-kunduzda ovqatg‘a ham pul yo‘q. Abdurahim amakingizdan so‘ramadingizmi? Bir iloj qilsa bo‘lmasmu edi?
SOLIH — So‘radim, uni ham oqchasi yo‘q ekan.
FAYZIBOY — (Povestkani yerga qo‘yub, o‘rnidan turub, qiziga) Qizim, men seni ko‘rgani kelgan edim, yig‘lama endi, omon bo‘l, zeriksang hovlig‘a borub kel! (Chiqib ketar).
RAHIMA — (yuzini o‘rab, otasiga qaramasdan yig‘lab qolur. Fayziboy chiqib ketkandan so‘ng ketidan) Har ishni siz qildingiz, kuyovingizdan ko‘b oqcha olmay va isrof qilmaganingizda, kuyovingiz qarzdor bo‘lmas edi va mundoq tashvishka qolmas eduk (yana yiglar).
SOLIH— (o‘rnidan turub, eishkni mahkamlab kelub, tokchadan bir pichoq olib Rahimaga) Endi mendan rozi bo‘l, sharmanda bo‘lganimdan o‘zimni-o‘zim o‘ldurganim yaxshi.
RAHIMA — (sakrab o‘rnidan turub) Sizg‘a nima bo‘ldi, voy o‘lay (Solihning pichoqlik qo‘lini ushlar).
SOLIH — Hovli, ashyodan ajralub, ko‘chada qandoq, yura olaman, undan ko‘ra o‘lganim yaxshiroq, qo‘y qo‘lumni, mendan rozi bo‘l, men ham roziman (qo‘lini siltar, Rahima qo‘ymas).
RAHIMA — (qattig‘ ovoz birla yig‘lar va yalinur).
SOLIH — Ushlama, o‘zingni-o‘zing xafa qilma, o‘zimni o‘ldurmasam iloji yo‘q.
RAHIMA — Bo‘lmasa men sizdan ajralib dunyoda turolmayman, avval menga pichoq urub o‘lduring. Sizni o‘ligingizni ko‘rmoqg‘a toqatim yo‘q, ko‘rmay ham kuymay! (Ko‘kragini tutubberib, yiglab turar).
SOLIH — Qo‘y, yosh joningg‘a jabr qilma, seni o‘ldurushg‘a qo‘lim bormaydi (elkasiga qo‘li bilan qoqar, ikkalasi yig‘lashurlar).
RAHIMA — O‘zingizni o‘ldurar bo‘lsangiz, avval meni o‘lduring, sizdan ajralib turolmayman bu dunyoda.
SOLIQ — Seni o‘ldurishka aslo qo‘lim bormaydi, sen bu dunyoda tur, meni o‘lganim yaxshiroq (o‘z-o‘ziga pichoq urmoqchi bo‘lar).
RAHIMA — (sakrab Solihdan pichoqni olib, o‘z biqiniga urar, chalqanchasiga yiqilur, qo‘lidan pichoq bir tarafga tushar, tipirlar va ohlar tortar, jon berar).
SOLIH — (Yig‘lay-yig‘lay qoziqdan joynamoz olub kelib Rahimaning ustiga yopar va yuzidan o‘pub, Rahimaga qarab) Ey vafodor yorim, meni deb shirin joningdan kechding, mahshar kuni Xudo va rasul alayhissalom oldida meni erim jabr bilan o‘ldurdi demagil, ajalingga men sabab bo‘lmadim, balki o‘zingning otang sabab bo‘ldi. Mendan shari’atdan tashqari oqcha olib qarzdor qildi va yosh umrimizni xazon qildi. Seni va meni bevaqt o‘lumimizg‘a isrof sabab bo‘ldi. Xudo xohlasa, mahshar kunida otang Fayziboy javobgar bo‘lsa kerak. Oh, esiz yosh jonim, ey xudovandim! Bizlarni o‘limimizg‘a sabab bo‘lgan o‘zingg‘a ma’lum (Rahimaning bosh tarafiga o‘tub o‘ziga birdan pichoq urub, yiqilib, xirillab-xirillab jon berar. Birozdan so‘ng boy, pristuf kirarlar).
BOY VA PRISTUF — (o‘lub yotganlarni ko‘rub cho‘chub, bir chetda mo‘ralab, qarab turar, pristuf huitak chalur, o‘zi o‘luklarni ko‘kragiga quloq solub).
PRISTUF — (boyga) Dusha net, kajetsya sebya ubivali.
BOY — Neznayu (shul vaqtda mirshab, Abdurahim, ellikboshi, Fayziboy, domla-imom yugurushub kirarlar).
FAYZIBOY — (yugurub borub, qizini o‘luk ko‘rib, ho‘ngrab yig‘lamoqg‘a boshlar) Voy bolam, voy bolam!
ABDURAHIM — (Solihning ustiga o‘zini tashlab) Yetimginam bolam, voh bolam, oh bolam!..
(Abdurahim, Fayziboy sekin-sekin yig‘lab, o‘luklarning oldida o‘lturar, boshqalari qator turarlar).
ELLIKBOShI — (boyga) Boy aka, nima voqea bo‘ldi, bularni kim o‘ldurdi?
BOY — Bizlarning xabarimiz yo‘q, meni Solihda bir ming so‘m pulim bor edi, va’dasidan uch oy utkan edi. Bukun povestka yuborgan edimki, soat 12 gacha bersang xo‘b, bo‘lmasa uyingni o‘zumga o‘tkuzub olaman deb. Povestka bergang‘a aytkan ekanki, «Bu kun pristuf tushadurgan bo‘lsa, men bunday sharmandalikg‘a chidolmayman, o‘zumni o‘zum o‘lduraman» deb. Biz pristuf bilan kelub, shul voqeani ko‘rduk, mundan boshqa gapdan xabarimiz yo‘q. (Pristufga) Shundoqmi to‘ra?
PRISTUF — Shundak, shundak, bizniki shuni ko‘rdi.
ELLIKBOShI — Xo‘p, tushundim, hovlisidan ajralganig‘a chidolmay, o‘zini o‘lduribdur, xotini ham erining o‘luvig‘a chidolmay, ul ham o‘lgang‘a o‘xshaydur (Fayziboy va Abdurahimga) yig‘idan to‘xtanglar, yig‘ining foydasi yo‘q (to‘xtarlar).
ELLIKBOShI — Fayziboy aka! Kuyovingiz birla qizingizning o‘limig‘a nima sabab bo‘ldi, bilasizmi?
FAYZIBOY — Yo‘q, sababini bilmayman.
ELLIKBOShI — Men sizg‘a sababini aytsam, sizni bekor shari’atdan tashqari to‘y qilub, kuyovingizdan ko‘b oqcha olub, qarzdor qilganingiz sabab bo‘ldi. O‘shal vaqtda men sizg‘a aytdim, bekor isrof qilmang, kuyovingizdan ko‘b oqcha so‘ramang, yurtka obro‘ qilaman deb, osh-non berub, Xudo va rasulning buyrug‘laridan chiqmang, dedim. Siz meni so‘zimni quloqg‘a olmadingiz va shari’atg‘a bo‘yunsunmadingiz va meni beobro‘ qildingiz, mana kuyovingiz qarzdor bo‘lgan ekan, mulk-ashyodan va shirin jondan ajrabdir. Siz ham joningizdin, shirin qizingizdin ajraldingiz. Bu dunyoda ko‘rgan g‘am sizg‘a g‘am emas, mahshar kuni Xudovandi karim oldida itobg‘a qolmog‘ingiz emdi uyog‘da turubdir. (Xalqga qarab) Sizlar ham shundoq isrof qilmoqdasiz. Isrofning ziyonini ko‘rdingizlar, Fayziboydan ibrat olinglar, ko‘rdingizlarmi, isrof qilub, oxiri holi nima bo‘ldi? Shari’ati mustafog‘a bo‘yunsuninglar, endi ko‘zlaringizni ochinglar. Bid’atto‘yg‘a isrof bo‘ladurgan oqchag‘a o‘g‘lingizlarni o‘qutinglar, yoki jamiyati xayriyag‘a iona qilinglar. O‘g‘ul o‘qutmoq yaxshi ham farzdur, to‘yg‘a isrof qilmoq bid’atdur. Yana qiz erga bermoqni og‘irlashdurganlaringizni bir katta ziyoni shulki, ba’zi yigitlarimiz o‘ttuz-qirq yoshg‘acha uylanmay yurarlar. Sababi esa xotun olmoq og‘irlashgani, unga bir ming so‘m, bir yarim ming oqcha kerak bo‘ladur. Bul oqchani topolmay, noiloj bo‘lub… qanday noma’qulchiliklar qilub nomimizni yomonlikg‘a chiqarub, butun islom olamini bulg‘atadurlar. Munga kimlar sabab bo‘ldi? Albatta, qizlik otalar. Muni gunohisi kimga? Albatta, qizlik otalarg‘a, chunki shari’atda yo‘q narsalarni olaman, deylar va yigitlarimizni mundoq narsalar beruvg‘a quvvatlari yetmaydur-da, shunday badkorlikni ixtiyor qiladilar. Yana qizlik otalarg‘a aytamanki, qadimg‘i odatimizni tashlasak, xalqg‘a kulgi bo‘lamiz, deb o‘ylamasunlar. Kulgan kishilar, gunohlari azm bo‘lib, shari’atg‘a bo‘yunsunmagan bo‘ladurlar.
(Fayziboyga) — Endi sizg‘a Xudo sabr bersun. Yig‘ining foydasi yo‘q. Har narsa qildingiz, o‘zingizg‘a qildingiz, o‘z oyog‘ingizg‘a bolta urdingiz. (Boyga) — Bir-ikki kun to‘xtang, o‘luk ko‘milgandan so‘ig xovlini sotdirub olursiz.
BOY — Xo‘b, bo‘lmasa, o‘zingiz mollarni saxlab berasiz.
ELLIKBOShI — Juda yaxshi (boy, pristuf chiqib ketar, xalqqa) Har mahallaning domla-imomig‘a zarurdurki, o‘zining qavmig‘a mundoq ishlarning ziyonini bildurub, man’ qilmog‘i va shari’atda yo‘qligini bildirmog‘i. (Domla-imomga qarab) — Taqsir, siz ham shunga sabab bo‘ldingiz. Agarda siz mening yonimg‘a qo‘shulub, Fayziboyni qaytarganingizda mundoq isrof qilmas edi.
DOMLA-IMOM — Men bilmadim, peshonasida bor ekan.
MIRShAB — Endi hammalaringiz chiqingizlar. Men uyni quluplab olaman, hozir do‘xtur kelsa kerak (hammalari chiqarlar, mirshab ham eshikni berkitub chiqib ketar).

Parda tushar

1915 yil


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"