Ay gul chehralik sarvi ravonim...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ay gul chehralik sarvi ravonim...
by Atoiy

Ay gul chehralik sarvi ravonim,
Fido bo’lsun senga jonu ravonim.

Sulaymon mulkudur ham Nuh umri
Saning bila kechurgan bir zamonim.

Agar zulfung uchun chopsang boshimni,
Yuz evursam maning bo’ynumg’a qonim.

Belingda garchi bir qilcha gumon bor,
Vale og’zingda yo’qtur hech gumonim.

Jamoling oyatidur husn ichinda,
Ne hojat bu mening sharhu bayonim.

Bu dog’e kim, qo’yar jonimg’a hajring,
Ajab qolg’ay mening nomu nishonim.

Yuzung mehrinda jon berdi Atoiy,
Demading bir kun: «O’ldi mehribonim».

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse