Ashulaga ishqiboz

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ashulaga ishqiboz  (1935) 
by Abdulhamid Choʻlpon
Maqola «Guliston» jurnalining 1935 yil 7-sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan e’lon qilingan.

Yaqindag‘ina Avstriyadan Galle degan bir yozuvchi xotin kelib, jumhuriyatimizning hol-ahvoli bilan tanishib ketgan edi. O‘zbekiston sovet yozuvchilari soyuzi uning sharafiga kichkina bir majlis qurdi. Chet eldan kelgan ayol mehmonni hurmatlashga, tabiiy, ko‘prak xotin-qizlar kelgan edilar. Shular orasida O‘zbek davlat muzika tiyotrining kollektivi bilan birga u tiyotrning sevimli artistkasi Halima Nosir qizi ham bor edi.
Majlis raisi o‘rtoq Javod Obidov boshqa o‘ktabr ayollari qatorida Halimaga ham so‘z berdi.
O‘zining sho‘x ashulalari bilan xalq muhabbatini jalb etgan Halima majlisda, izdihom oldida yaxshi gapira olmasa, bunga nima deya olasiz? Hech nima! So‘zlash san’ati boshqa, kuylash san’ati boshqa!
Halimaning soddagina qilib so‘zlagan bir necha og‘iz so‘zidan biz shuni angladikki, bizning boshqa hamma san’atkorlarimiz, ayniqsa, ayollardan chiqqan san’atkorlarimiz singari u ham tamoman buyuk o‘ktabrning bergan mevasi. Yana o‘sha qisqa so‘zlardan bilamizki, uning oilasi ham eskidan san’at sevguchi, san’atga oshno bir oila. Onasi yoshligidan cholg‘u chalib, ashula aytishni yaxshi ko‘rgan. Birinchi opasi cholg‘uni biladi. Ikkinchi opasi bir necha yil sahnada xizmat qilg‘an. Faqat, hech shubha yo‘qki, inqilobning fayzli qo‘llari tegmasa, Halima bukun ko‘rib turganimiz talantli, boshqa ko‘p noyob talantlarimiz singari to‘rt devor orasida qolib zabun bo‘lardi.
Uning tarbiya yo‘li uncha uzun emas: Toshkentdagi xotinlar namuna maktabining 6-sinfidan chiqib, Bokudagi Ozarbayjon tiyotr texnikumiga kiradi va uch yildan so‘ng uni bitirib chiqadi.
Birinchi o‘ynagan ro‘li «Talabalar o‘yini» nomlik komediyada Qamar xonim (bu asar tarjuma asarlardan, inqilobdan burun rus sahnalarida ko‘p o‘ynalardi), so‘nggi ro‘li «Gulsara» tragediyasida Gulsara. Ammo bu «birinchi» bilan «so‘nginchi» orasidagi masofa juda uzun. Bu san’atkorning hayoti qanday alvon va qiziq bo‘lganini ko‘rsatadi. Cholg‘u sahnasiga o‘tkuncha dram sahnasida ellikdan ortiq asarga aralashganini Halima o‘zi gapiradi. Dramda o‘zining eng sevgan ro‘llari ham bor: marhum Ja’far Jabborli (ozarbayjonli)ning to‘ng‘uch asari desa bo‘laturg‘an «Oydin»da Gultakin ro‘li. Bu ro‘lni juda yaxshi ko‘rgan. Dram sahnasida uning bir o‘ziga uch Qumrini o‘ynashga to‘g‘ri kelgan.
Halimada san’atni ingichka tushunishlik bor. Uning Gultakin ro‘liga bo‘lgan muhabbatidan o‘sha tushunishning darajasini bilish mumkin, chunki mohir dram yozuvchi bo‘lgan Ja’far Jabborli «Oydin»ni faqat Oydinbek bilan Gultakin xonim uchun yozgan deyish mumkin. Butun voqea bir hovuch qilinib, nihoyat darajada siqib keltirilgan u san’atkorona asarda (Ja’farning so‘nggi asarlariga nisbatan emas, umuman, dram asari bo‘lush jihatidan ancha san’atkorona bo‘lgan «Oydin»da) har qanday talantli artistka uchun o‘z kuchini istaganicha ko‘rsata olish, bundan tashqari, butun qalbini asar qahramonining qalbig‘a quyib yuborib, shu bilan juda samimiy bir qahramon yaratish imkoni bor. Halima buni yaxshi ko‘ra bilgan.
Dram tiyotrlarimiz (Akademik dram, Andijon davlat tiyotri)da turli-tuman ro‘llarni o‘ynab o‘zini iqtidorli artistka sifati bilan ko‘rsatgandan keyin Halima butunlay cholg‘u tiyotriga o‘tib ketadi. Ovozi juda baland, o‘zi ashulaga usta bo‘lganidan keyin bu o‘tishdan tabiiyroq nima bor? O‘zi ham: «Ashulani sevishim meni dramdan cholg‘ug‘a olib keldi», – deydi.
Dramda o‘ynagan katta-katta ro‘llari bilan («Turondod»da Turondod, «Qarol»da Klariche (Nozlik kelin), «Hujum»da Hujumxon (Tursun O‘roz o‘g‘li), «Ikki kommunist»da Dilbar). Biz unda bir necha yaxshi xislatlarni ko‘ramiz: mimika boyligi, sahnada o‘zini erkin tutushlik, balki bir daraja sho‘xlik, til ravonligi, so‘zlarni to‘g‘ri berish va o‘tkur ovoz vositasi bilan so‘zni tomoshachiga yetkizish. Kamchilik jihatini olganda – ro‘lni chuqur ishlamaslik, jiddiy qahramonlarning yengilligi va sho‘xligi bo‘rtdirilgani holda, ularning og‘ir va fojialik tomonlariga qunt qilmasliq… O‘zi: «Xarakter ro‘llar bilan sevguchi-sevilguchi ro‘llarni yaxshi ko‘raman», – deydi. Tixonovich «Ikki boyg‘a bir qarol»ning komediya ekanini juda yaxshi bilardi; asarning bu jihatini u juda bo‘rtdirib berdi, ozgina bir fojialik va og‘ir joy bo‘lsa (Klariche ro‘lida shunday joylar bor), uni mumkun qadar chetlatishga yoki rangini suyuqlatishg‘a harakat qildi. Agar shunday qilmasa, Halima Klaricheni o‘ynay olmas edi. Hatto «Halima»da ham (ayniqsa, «Gulsara»da!) Halimaning ezilib, xafa bo‘lub fojia o‘ynab yotganini ko‘rsam ko‘pda ishonolmayman. Ammo «Arshin mol olon»da Halima Uzairbek erkasining xuddi o‘zi (yana xafalikka berilmagan joylarda).
Halima endi butunlay cholg‘uniki bo‘ldi. Cholg‘u tiyotrida ham «Gulsara» singari jiddiy tragediyalar qo‘yulib turar ekan, bizning boyag‘i fikrlarimiz o‘z kuchini saqlaydi.
Cholg‘u tiyotrida, tabiiy, birinchi o‘runni ovoz oladi. Xuddi shu ovoz masalasi bizda yechilmagan bir muammo bo‘lub turadi. Eski ma’nidagi ovoz ustozlari, ovoz texnikasining katta ustalari (To‘ychi aka, Hoji Abdulaziz, Domla Halim va hokazolar) o‘zlarida bo‘lgan butun texnikani bergan vaqtlarida ham bu kunning talabini tugal qondirarmidilar? To‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmoq kerakki, yo‘q! Biz bukungina emas, ertani ham o‘ylashga majburmiz. Bizning ulug‘ mamlakatimiz va buyuk xalqimiz ertaga bukundan ham kuchlirak, hakimrak va baxtliroq bo‘ladi, demak, talabi ham shunga ko‘ra oshadi. Biz ovoz muammosini yechmasdan ilojimiz yo‘q. Halima o‘zi ham shuni tushungan. Kuzda Maskovga o‘qug‘ali ketadi. O‘zining bu kungi kuchli ovozining davrimiz talablariga to‘la javob berolmasligiga Halima iqror. Bir qancha G‘arb patefon lappaklarini to‘plab olib, shularni tinglaydi, tinglatadi va shular to‘g‘risida allanimalar demakchi bo‘ladi. Demak, u axtaradi, izlaydi, izlanadi. O‘z ustozlarimizning ovoz texnikasidan ham ko‘z yummasdan G‘arb texnikasini yaxshi o‘zlashtirish, madaniy va ishlangan ovozga ega bo‘lush har bir ovozli yigitimiz va qizimizning vazifasi bo‘lushi kerak.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse