Agar oshiqlig‘im aytsam...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Agar oshiqlig‘im aytsam...
by Boborahim Mashrab

Agar oshiqlig‘im aytsam, kuyub jon-u jahon o‘rtar,
Bu ishq sirrin bayon qilsam taqi ul xonumon o‘rtar.

Kishiga ishq o‘tidin zarraye yetsa bo‘lur giryon,
Bo‘lub besabr-u betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar.

Meni bexonumon tinmay kuyub-yondim firoqingda,
Oting tutsam, «Nigoro» debki, zavqidin zabon o‘rtar.

Qayu til birla, ey jono, seni vasfing bayon aylay,
Tilim lol-u ko‘zum giryon, so‘ngaklarim nihon o‘rtar.

Na qattiq kun ekan, jono, visolingdin judo bo‘lmoq,
Meni ohim tutunig‘a zamin-u osmon o‘rtar.

Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,
G‘aming boshqa, alam boshqa, yurakimni fig‘on o‘rtar.

Bu Mashrab dardini, jonoki, har kim boshig‘a solma,
Agar mahsharda oh ursam, behishti jovidon o‘rtar.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse