Afsona bo’lmag’uncha

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Afsona bo’lmag’uncha
by Boborahim Mashrab

Ishqingda yonmas oshiq devona bo’lmag’uncha,
Sham’ingga kuymagay ul parvona bo’lmag’uncha,
Bog’lab belin bu yo’lda mardona bo’lmag’uncha,
Boshg’a olib malomat afsona bo’lmag’uncha,
Sevmas salafin sarrof durdona bo’lmag’uncha.

Sansiz manga, nigoro, ikki olam kerakmas,
Taxtu baxti Sulaymon, manga Hotam kerakmas,
Xizr umri zindaligi manga ul ham kerakmas,
Sansiz o’lay, duo qil, manga bul dam kerakmas,
Jonu tanim qolmadi begona bo’lmag’uncha.

Arshing kuyar ohimdin tongla bo’lsa Qiyomat,
Insu malak titrashib aytur: «Nechuk alomat?»
Huru g’ilmon, bihishting etishurlar nadomat,
Chiqsa ohim uchquni hech kim qolmas salomat,
Qolmas molik do’zaxing so’zona bo’lmag’uncha.

Tushti boshimg’a ishqing, larza qilib yig’ladim,
Taqlir azal shundog’ deb, belim mahkam bog’ladim,
Oshiq ishi qattig’ deb, ohu vohlar ayladim,
Darding behad zo’rladi, dargohin(g)ga yig’ladim,
Rahm aylamas nigorim giryona bo’lmag’uncha.

Oshiq bo’lsang tunu kun jonni qurbon aylag’il,
Dog’i furqat dardidin doim afg’on aylag’il,
Zulfi chinlar kufrini zinhor imon aylag’il,
Hajru mehnat jafosi tegsa pinhon aylag’il,
Joningga jon ulashmas, jonona bo’lmag’uncha.

Nomus ketmas hech kimdin ishqqa qadam qo’ymasa,
Adham sifat dunyoni to pushti po urmasa,
Vosil bo’lmas vaslig’a yolg’uz o’zin sevmasa,
G’ozi bo’lub qazoga har o’tig’a kuymasa,
Topmas dilbar so’rog’in jo’yona bo’lmag’uncha.

Vaqti bahor may ichgil, bilsang ishrat g’animat,
Soqiy, sungil qadahni fursat, sihat g’animat,
Zohid aytur, yoronlar, tasbeh, toat g’animat,
Mashrab qalandaringga dardu mehnat g’animat.
Ko’rmas mash’uq yuzini afsona bo’lmag’uncha.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse