Jump to content

«Yorqin oy» (Abdulhamid Majidiy)

From Wikisource
«Yorqin oy» (1927)
by Abdulhamid Majidiy
334778«Yorqin oy»1927Abdulhamid Majidiy

O‘zbeklarning oqsoqolliq davrlarining xotirasi sifati bilan xalq afsonasidan olinib yozilg‘an “Yorqin oy” ilgari 2 parda edi. So‘ngrak yozg‘uvchisi tomonidan plan kengrak olinib, asar 6 pardadan iborat bo‘lib tuzilgan edi. Mana shu 6 pardali “Yorqin oy” pyesasi bultur Maskav dram istudiyasi tomonidan O‘zbekiston sahnalarida o‘ynalib chiqti. U paytda asar to‘g‘risida ba’zi o‘rtoqlarning mulohazalari matbuotg‘a chiqib turdi.

Asarni tanqid qilg‘uvchilardan Fitrat butun kamchilikni shu ikki nuqtada topqan edi.

  1. A) Pyesaning boshdan oyog‘ig‘acha Kalning ishtirok qilmaslig‘i.
  2. B) Bog‘bon – inqilobchi Po‘latning taxtga chiqishi.

Fitrat tomonidan ko‘rsatilgan bu asosiy kamchiliklarning bittasi san’at va bittasi maqsadning tugal chiqmag‘ani uchun edi.

Kecha 4 nchi dekabrda davlat truppasi tomonidan “Yorqin oy” ba’zi tuzatishlar bilan yana o‘ynaldi.

Asosiy tuzatish haligi ikki nuqtada voqe’ bo‘lg‘an. Lekin bu tuzatishlar ancha tirishish orqasida maydong‘a chiqqan bo‘lsa ham, hali muvaffaqiyat tom ma’nosi bilan ta’min qilinmag‘andir.

Masalan: Kalning qolg‘an to‘rt pardada ishtiroki tugal bo‘lib uchrasa ham, bir kunjak juda majhul qolg‘an.

Xonzodani topishda Kalning mahorati ko‘rsatilmagan. Bu ko‘runishda kichkina bo‘lsa ham, haqiqatda juda katta kamchilikdir.

Po‘latning isyonig‘a o‘sha paytning eng so‘l harakatlarini tallab, “inqilobiyroq” bir tus berish kerak edi. U bor yerda qat’iyan taxtning bo‘lishi kerak emas. Mavzu juda nozik, shuncha qarab lozim bo‘lg‘an bir yo‘lni topish kerak. Lekin asarning hozirg‘i tuzulishi hali juda yaxshi. Po‘lat mas’alasini tuzatkanda ham bu besh pardaning shu holda qolishi lozim. 6 nchi pardaning ham hozirg‘i muvaffaqiyatini buzmasdan tuzatish kerak.

Asar to‘g‘risidag‘i so‘zimizning oxirida shuni ham qo‘shish kerakkim, Yorqinoyning yuqorida ko‘rsatgan asosiy kamchiliklaridan boshqa hali juda ko‘b mayda-chuyda kamchiliklar bor. Bular albatta tadrijiy suratda komillashib ketsalar kerak. Lekin shu so‘ngg‘i tuzatish asarga chinakam jon beradir. Buni tomoshachilarning keti uzilmas qarsaqlari isbot qiladi.

Endi o‘yun va o‘yunchilar to‘g‘risida ozroq gapirib o‘tamiz. “Yorqin oy” uchun maxsus dekaratsiya va kiyimlar tayyorlang‘an ekan. Bu tayyorliq, sahnamizning hozirg‘i sharoitiga qarag‘anda chinakam tugal chiqqan.

O‘ynag‘uvchilarning turxlari, kiyimlari, yaroqlari hammasi ham juda diqqat bilan yaxshi ishlangan.

Men “Yorqinoy”ni Buxoroda ko‘rganda, Po‘lat botir ro‘lida o‘ynagan yigitni ancha bo‘sh ko‘rgan edim. Bu so‘ngg‘i ko‘rishimda yana o‘sha holni o‘zini ko‘rdim. So‘zni juda tez va tutilib-tutilib gapiradi. Ohangida botirlarning shujoati hech yo‘q. Harakatlarida, mimikalarida ham shunday. O‘lmas botir esa juda emas, bir nav’i botirlarcha o‘ynay oldi.

Biz “Yorqin oy”da yaxshi o‘ynag‘anlardan Yorqin oyning o‘zi, Kal bek, bir “lip” etib o‘chgan bo‘lsa ham Yo‘lchibeklarni ko‘rsata olamiz. Lekin, Kal qurg‘urning bu qur kayfi yo‘qroq edi. Chamasi avvalgi pardada yaxshig‘ina bo‘sh o‘ynadi. Xola ro‘lida o‘ynag‘an qiz ham juda realniy edi. 2 nchi o‘ynalishda shunga diqqat qilish kerak: Bo‘ronboy bilan cholning gapirishi juda chatoq va g‘ayri tabiiy chiqdi. Bu albatta o‘ynag‘uvchilarning o‘zlaridan chiqqan kamchilik emas. O‘larga shunday o‘rgatilgan. Mana o‘rgatishning shunaqasi yaxshi emas.

“Yorqinoy” yana o‘ynalsa, shu nuqtalarg‘a ayrim diqqat qilish kerak. Chunkim, ozg‘ina g‘ayri tabiiyliq ham o‘z joyida ishlatilmasa, tomoshachini bezovta qiladi.

***

Hozir xalqning nash’asi kansertga qarab qolg‘an. Kansert dedingmi, hechkim qolmasdan boradi. Bu esa bizda ommaning shu choqqacha masxara holda davom etib kelganining natijasi bo‘lsa kerak.

Davlat truppasi ishga boshlag‘andan beri, xalq dramag‘a ham qatnayturg‘an bo‘lib qoldi. Bu esa kundan-kunga o‘sib borayotibdir. Lekin “Yana uylanaman” kabi narsalar bu ishning beliga tepadi. Qancha mashaqqat bilan tayyorlang‘an bir narsa ko‘yga ketkan edi. “Yorqinoy” qisman o‘sha kamchilikning yuzini qopladi. Bundan keyin xalqni drammag‘a tortish choralarini ko‘rish kerak. Truppaning repertuarida yaxshi narsalar ko‘b, lekin hali “eski mollar”ni o‘tkazib turibdir. Bularning ba’zilari, har qancha eski bo‘lsalar ham, yana shuncha yangilik xususiyatini saqlaydilar. Bunga qaramasdan qishliq mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazish tilagida yaxshi asarlarni tarjima qilish kerak. Ayniqsa, sharqda Ovrupo imperiyalizmasining qilg‘an vahshiyliqlarini buyuk bir mahorat bilan ochib bera olaturg‘an “Do‘xtari hindu”larni sahnaga chiqarish kerak. Biz ham ko‘b qatori bir tomoshachi bo‘lg‘animiz uchun davlat truppasidan ana shu tilaklarning amalga chiqarilishini samimiyat bilan so‘raymiz.

A.Majidiy

“Zarafshon” gazetasi 1927-yil 7-dekabr.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"