Jump to content

«Xalil farang»

From Wikisource
«Xalil farang» (1921)
Za-nay
334735«Xalil farang»1921Za-nay

Musulmon zovudchi boylari bilan ishchilar orasidag‘i sinfiy tortishuvni ko‘rsatkan to‘rt pardali drammadir.

Yozuvchisi: Cho‘lpon.

Fevralning ikkinchi kuni O‘lka o‘zbek namuna truppasi tomonidan qishliq “Turon” binosida shu pyesa sahnaga qo‘yuldi.

Pyesaning matbuotimizda adabiy xidmati bilan tanilg‘an bir kishi tomonidan yozilub, o‘lkamizning namuna truppasi tarafidan o‘ynaluvi bu haqda bir necha so‘z yozib o‘targa meni majbur etadir.

Men tanqidchi emasman, shuning uchun artistlarning ro‘llarini ifo etuvlari, pyesaning xalqqa ta’sir jihati va yaxshi-yomonlig‘ining o‘lchanuvi to‘g‘rilarida bir narsa ham ayta olmayman. Lekin shu pyesaning tuzilishida bo‘lg‘an va o‘ynalg‘anda ko‘rilgan ba’zi bir-biriga qarshi bo‘lg‘an joylarni, mantiqsizliqlarni kerak yozuvchig‘a va kerak namuna truppasiga-da ko‘rsatmasdan o‘ta olmayman.

Pyesaning qahramoni Xalilga farang sifati beriluvi uning o‘z hunarida usta bo‘luvidan berilgan. Bizda usta hunarmandlarga “farang” ismi beriluvi odat bo‘lsa-da, bu pyesada Xalilning ustaliqlaridan birgina bo‘lsa-da namuna ko‘rsatilmaganidan va bu haqda so‘z ham bo‘lmag‘anidan bu ism yoki sifat o‘rinsiz qo‘yilg‘an.

Yozuvchi bizning o‘zimizdan bo‘lsa-da nechundir o‘z turmushimizda bo‘lg‘an hollarni yaxshi ko‘rsata olmag‘an. Ko‘b yerlarda juda chetga chiqib ketkan. Birinchi pardada, qorong‘u kechada ona bilan qiz yolg‘uz o‘lturg‘anlarida tanimag‘an bir kishiga eshik ochuv uchun buyurub, onaning bo‘yiga yetkan qizini urushub-urushub darbozaga chiqarib yuboruvi bizga (balkim boshqalarg‘a ham) kelishmagan bir odatdir. To‘yda kuyovning qiz tomon kishilaridan qochuv odati bor. Yozuvchi bunga ham rioya qilmag‘an. Qizning akasining to‘y kuni kuyov uyiga kelib o‘ltiruvi to‘g‘ri emasdir.

To‘y pardasi ochilg‘anda biz to‘yda boylarg‘a bo‘laturg‘an hurmatlar va kambag‘allarga ko‘rsatiladirgan iltifotsizliqlarni ko‘rmakchi bo‘lg‘an edik. Lekin bu holni emas, to‘yning o‘zini ham ta’sirini ham ko‘ra olmadiq. Boyning madrasalarga yoki eski xishtin saroyga o‘xshag‘an (bu sahnamizning kamchiligi) tashqarisida uch-to‘rt xizmatkorning iskameykada hasratlashub o‘ltiruvlari va go‘yo boybachchaning xizmatkorlarga o‘xshab uyoq-buyoqg‘a yugurub yuruvi, albatta, to‘y manzarasin ko‘rsatmadi.

“Xalil farang”ning uyida pechka bilan ustol bo‘luv o‘rniga sandal kursisi bo‘luvi va taxmonda bir-ikki ko‘rpa, yostiqninng ko‘rinub turuvi to‘g‘ri va voqeaga muvofiq bo‘lg‘an bo‘lur edi… Lekin biz “Xalil farang”da buning teskarisini ko‘rdik.

Maskov maktabidan haydalg‘an kambag‘al o‘g‘li kambag‘al bir istudent. Oriqroq, xarobroq va yirtiq kiyimlar kiygan bir yigit bo‘luvi kerak edi. Ammo “Xalil farang”ning o‘g‘li Aziz ham maktabidan, ham onasining uyidan haydalg‘an bo‘lsa-da har pardada bir yangi kiyim kiyub turadi.

Ul ishchilar uchun yong‘an, ishchilarning boylar zulmidan qutuluvlari yo‘lida ishlavchi, ishchilarning saodatini tushungan, ular orasida inqilobiy fikrlar tug‘diruvga tushub yuruvchi bir yigit.

Shunday bo‘lg‘ach Azizning ishchilarga yaqin bo‘luvi har yerda, yurishda-turishda ular bilan birga bo‘luvi kerak emasmi edi? Bu, bunday bo‘lmag‘an, Aziz o‘zi shunday bo‘lsa-da, ishchilar orasida qo‘mita tuzub ularni o‘zining fikriga og‘dirib yuruvchi bo‘lsa-da, unda-da hech bunday kishining apti yo‘q edi.

Ikkinchi pardada choyxonada Aziz ishchilar bilan birga choy ichib o‘lturuv o‘rniga ulardan chetda, bir ustolda o‘ltiradi. Buning ustiga uning shul mutaassibliq zamonda Turkistonning qorong‘u bir burchagida shapka kiyib, ruslarga o‘xshab yuruvi qo‘shilsa, Azizning yanada ishchilarga istagan ta’sirini bera oluvdan ozroq bir kishi ekanligi aniq ko‘rinadir. Azizning samovorchilar xizmatkoriga kichkina bir xizmatni buyurub, uning qo‘liga oqcha ushatuvi ham boybachchaligini ko‘rsatadir.

Shu pardada yana ikki zo‘r kamchilik bor:

Birinchisi, Aziz otasi bilan durust vaqtida uni otasi boyning zovudiga mirzoboshi qilib qo‘ymoqchi bo‘lg‘an edi; lekin Azizning otasi boy bilan juda yaqin aloqada bo‘lg‘an bir vaqtda unga qizini kelinlikka berib turg‘an kunlarda otasi uyidan, o‘g‘illiqdan chiqarilib, haydalg‘an Aziz o‘zidan-o‘zi kelib mirzoboshiliq o‘rniga o‘ltura olmag‘an bo‘lur edi.

Ikkinchi, Aziz hukumatga ochiq bir qarshiliq ko‘rsatmagani va zovud mirzoboshisi bo‘lub turg‘anlig‘i holda ishchilar bilan gaplashganida bir poliseyskiy (istarshiy)ning kelub kiruvidan xavflanub o‘lturadir, ham men bu yerga kelganda ko‘rub qolg‘an bo‘lsalar ehtimol deydir va poliseyskiy kirganda o‘zini esriklikga solib, uni aldagan bo‘lub shapkasini ustolda qoldiradir-da, poliseyskiyni sudrab chiqib ketadir.

Azizning poliseyskiy kirganda o‘zini esriklikga soluvi nimaga kerak edi, ul ishchilar bilan choyxonada gaplashub o‘ltursa, gunohkor hisoblanarmi edi?..

Azizning to‘g‘ri gaplashub o‘lturuvi o‘rnida esrik bo‘lub yuruvi uchun poliseyskiy uni gunohkor qila olmasmi edi?..

Bulardan boshqa: ona kichkina bolasining beshigini tebratub o‘lturub birdan to‘xtatub qo‘yg‘anda, uyning ichida shovqun-suron, janjallar bo‘lg‘anda hatto odam o‘ldurganda bolaning yig‘i tovushi chiqarmaslig‘i va bu harakat ko‘rsatmasligi pyesani juda so‘raqlatib turdi. Agar shul beshik bo‘lmag‘anda durustroq bo‘lur edi.

Zovudda ko‘b yurub ruscha so‘zlar oralashdirib gapirishga o‘rganub qolg‘an Xalil so‘ngg‘i pardada birta rus so‘zini ham og‘ziga olmadi. Bu ham kerak edi.

Tiyotru haqida bu narsa yozilar ekan, sahnalarimizda parda oralarining uzoq qo‘yiluvi ya’ni pardalarning kech ochiluvi ham artistlarning sahna kiyimlari to‘g‘risida bir so‘z aytmasdan o‘tub ketuv juda xatodir.

Bizning tiyotrularimizda parda oralarig‘a yarim soat, bir soat hatto undan ham uzoq qo‘yilg‘an vaqtlar ko‘b bo‘ladir. Bunga sabab etub bizda parikmaxerlarning yo‘qlig‘i va birgina ekanligi ko‘rsatiladir. Hol shunday ekan ilgarigiday yangi shahardan parikmaxer chaqirib turuv kerakdir, yoki o‘zimizdan kishilar yetishdiruvga harakat qiluv lozimdir. Bir-ikki yildan beri biror truppamiz, agar istasalar bir talay parikmaxerlar (juda haqiqiy bo‘lmag‘anda ham) yetkazuv mumkin bo‘lur edi. Albatta ular tarbiya orqasida artistlarimiz kabi borib-borib juda yaxshilanar edilar.

Kastyum to‘g‘risida bo‘lsa, sahnalarimizda shu kungacha kiyimlari tugal ko‘rsatilgan pyesalar oz ko‘rsatildi.

Qish kuni ko‘rsatilgan vaqtda bir necha qalin kiyimlik diydirab turg‘anlar orasidan yupqa kiyim, hatto yaxtak bilan terlab-pishib yurg‘an kishilar ko‘riluviga o‘xshash, issiq yoz kuni o‘tlar, gullar orasida dalada telpakni bosdirib kiyib yuruvchilar bo‘linadir.

Bu hol “Erk bolalari” qo‘yilg‘anda ham ko‘rilgan edi. “Xalil farang”da ham shu ish takror etildi.

Truppalarimiz shundaylarga diqqat etsalar edi…

Za-nay

“Qizil bayroq” gazetasi 1921-yil 8-fevral 24-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"