Jump to content

«Turkiston tarixi» kerak

From Wikisource
«Turkiston tarixi» kerak (1914)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334143«Turkiston tarixi» kerak1914Mahmudxoʻja Behbudiy

Tarix ko‘p ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudurki, bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila taraqqiy etganin o‘qib, ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxiri munqariz bo‘lub ketganin o‘qub mundan ham istifoda etmak mumkindur. Shuning uchun bizning o‘z shevamizda Turkistonda o‘tgan bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvolig‘a doir «Turkiston tarixi» bor bo‘lgonda, oni ko‘z oldimizda qo‘yub, burung‘i qahramon bobolarimizning na yo‘l ila taraqqiy va madaniyat davrig‘a kirub va nima sababdan oxiri munqariz bo‘lub ketganlarini o‘qub, bilub, xeyli ibrat olar eduk. O‘shandoq hozirgi holimizni bobolarimiz davridagi hollarg‘a bir daraja muqoyasa etmak ila barobar o‘z-o‘zimizdan bir infioli daruniy his edub, yuzlarimiz qizarar edi. Holo, biz turkistoniylar marhum bobolarimiz ahvoli ham Turkiston voqeoti tarixiyasidan butun g‘ofil va bexabardurmiz. Chunki hanuz Turkiston tarixi haqinda yangi tadqiqot ila yozilgon, tartibli va istifodali mukammal bir asar vujudg‘a kelgan yo‘q. To‘g‘risi, munday tarix yozuvchi kishi turk o‘g‘lonlaridan hanuz maydong‘a chiqgon yo‘qki, bu esa turk bolalarining noxalaf bo‘lub, chin o‘g‘ul emasliklarig‘a dalildur. Bu so‘zlardan tarixsizligimiz anglashilmasun. Bizning tariximiz bor.

Burung‘i asrlarda Turkiston va turklar voqeoti va ahvoli haqinda turkiy, forsiy va arabiy tillarda necha kitoblar yozilgandurki, u kitoblardan rus va boshqa yovrupoyilar istifoda etgan va etmakdadurlar. Lekin u muxtalif tillarda yozilgan. Tarixiy asarlardan biz turkistoniylar istifoda etub, yangi muhokama va tadqiqot ila o‘z shevamizda muntazam bir asar vujudg‘a kelturganimiz yo‘q. Balki bizlar andog‘ tarixiy kitoblardan aksariyat ila xabarsiz bo‘lub, ba’zisidan xabardor bo‘lsak ham, alarning tab’ va nashrig‘a ahamiyat bermaymiz. Chunki bizning xalqlar andog‘ kitoblardan ko‘ra xurofotlik qissa, hikoya va oshiqona g‘azal kitoblarig‘a ziyoda, rag‘batlik bo‘lganidan moddiy foydasini ko‘zlab, shunday afsona va aslsiz kitoblarni tab’ va nashr etmakdamiz. Shuning uchun kundan-kun muhim tarixiy kitoblarimiz ko‘zdan tushub, esdan chiqub ketmakdadurki, muning aybu gunohi Turkistondagi manfaatparast kitobchilar bo‘yniga tushsa kerak. Chunki bu so‘ng yillarda kitobchilar tarafidan turli xurofotlik kitob va risolalar nashr bo‘linub turganligi maydonda va barchag‘a ma’lumdur. Agarda muhtaram noshir va kitobchilarimiz mundan so‘ng axloq buzguvchi oshiqona g‘azallar va sof e’tiqodlarni zaharlandiruvchi xurofotlik afsona kitoblar o‘rnig‘a mo‘tabar tarixiy, axloqiy va adabiy risola va kitoblar nashr etmoqg‘a tashabbus etsalar, shoyad bu xayrli ishlari avvalgi gunohlarining yuzini yopar.

«Sadoyi Turkiston» jaridasig‘a «Milliy tariximizni kim yozar?» mazmunida bir savol ko‘rulgon edi. Bizning fikrimizcha, munday bir tarix yozmoqlik nihoyatda qiyin bir ish bo‘lub, hozirda muning ifosi bizlarning qo‘limizdan kelmayturg‘onga o‘xshaydur. Shuning uchun bu xizmatni Turkiston tarixi ila oshino bo‘la boshlagan yosh muarriximiz muhtaram Ahmad Zaki Validiy afandining qalamidan umid etmakdamiz.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 38-son, 898—900-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.