«So‘z, so‘z, so‘z!»
Qlassiq fojianavislikning eng ulug‘ kishisi, olamshumul tiyotru muharriri Shekspir eng yuksak asari bo‘lg‘an «Hamlet»da bosh qahramonning tili bilan yuqoridag‘i jumlani aytdiradi. Chinakam, u dohiyning hamma asarlari gaplashish (dialog)ning, umuman, so‘z san’atining qlassiq – eng mukammal nusxasidur. O‘rtog‘imiz bo‘lg‘an rus sahnasi ham bir zamonlar so‘z bobida eng ulug‘ kuchlarni yetishtirdi. Shchepkin, Mochalo‘f, Sado‘fskiylar («Kichkina tiyotru»ning sutunlari) o‘z vaqtida tomoshachini so‘z bilan o‘zlariga band etkan kishilar edi. Shekspirning so‘z nusxasi bo‘lg‘an asarlari o‘shalarning tillarida jonlanib, zalni seskantirdi. Hozir ham «Birinchi badiiy tiyotru»ning Kachalo‘f, Moskvinlari, sobiq «Korsh» tiyotrusining Blumental – Tamarinasi badiiy so‘zning katta eranlaridurlar. So‘ngg‘i yillarda tiyotrchilik san’ati tajriba (eksperiment) ko‘chalariga ko‘prak urib ketib, so‘zni (va shu sababli akto‘rni ham) orqadaroq qoldirib keldi. Bu narsa «rejisso‘r tajribachiligi» (ya’ni rejisso‘rning tajribalari uchun kengrak maydon qo‘yish) yo‘lini tutkan yangi tiyotrulardagina emas, so‘zni o‘zlarining «ko‘z qarolari» qilib olg‘an eski tiyotrularda («Kichkina tiyotru» kabilarda) ham ko‘rildi. Tiyotruchilik san’atida akto‘rlarga ahamiyat bermaslik o‘sha san’atni, bir butun holda olg‘anda, ancha paslatmakda ekani so‘ng vaqtlarda tushunila boshlandi. Shu uchun edikim tiyotru mahfillarida (tevaraglarida) «akto‘rga qaytaylik» degan shior yana aytila boshladi. Akto‘rga ahamiyat berish demak so‘zga ahamiyat berish demakdur. Akto‘r, tiyotru san’atining akto‘ri har qanday narkiliy (konstruktiv) sahnada ham so‘zlaydi, gapiradi; chiraylik so‘z chiraylik qilinib gapirilsa, tomoshaning ta’siri bo‘lmay iloji yo‘q. Shu uchundirkim so‘ng vaqtlarda Maskov tiyotru matbuotida so‘z san’ati xususida xos boblar ochilib, so‘z bilgichlarning fikrlari ko‘pchilik o‘rtasig‘a tashlana boshladi. Shu uchundirkim «Qiroatchilar tiyotrusi» (Tiyotr chtetsa)ning tarqalg‘ani, Gulidova qo‘l ostidag‘i so‘z san’ati truppasining yo‘q bo‘lub borg‘ani, usta qiroatchi Svetayevning ko‘rinmay yotkanini yoza boshladilar. Shu uchun ishchi muxbirlar: «Qulublarg‘a badiiy qiroat beringiz!» – deb hamma tomondan talab qila boshladilar. Demak, bu masala qizil Maskovda, bizga kerakli san’atning u buyuk markazida jiddiy va qizg‘in suratda pishitila boshlandi. Bizning yangi o‘zbek tiyotrusida, hali endigina «tetapoya, oltin soya» qilib kelayotkan yosh truppamizda o‘zining yoshig‘a qarab, albatta, hali ko‘b yetishmasliklar borlig‘i ma’lum. Bizda hali tugal ma’nisi bilan madaniy akto‘r ham yo‘q. Lekin, shu bilan birga, bukungi O‘zbek davlat truppasining tan harakatlari bobida ancha o‘sganini truppadagi ba’zi bir akto‘r yigit va qizlarimizning o‘yin xususida (yolg‘iz o‘yin xususida) madaniy pog‘onalarning ancha yuqorisida turg‘anini sevinch bilan aytib o‘tishg‘a to‘g‘ri keladi. Hatto ba’zi bir urfiy va tetik (tipichnыy) ro‘llarda yaxshi o‘ynag‘uchilarning yaxshig‘ina so‘zlari ham bor. Ba’zan ko‘b yaxshi so‘zlagan akto‘rlar va ko‘b yaxshi so‘zlangan so‘zlar bo‘ladi. Lekin akto‘rning o‘yin hunariga qarag‘anda so‘z hunari, albatta va albatta, zaif, xom. Hatto to‘ppa-to‘g‘ri so‘zni ham dudilib, yamlab, anglashilmas qilib aytadurg‘anlarimiz bor. Bu ko‘b tomoshalarning (tiyotru tomoshasining asosan so‘z ustig‘a qurulg‘anini e’tiborga olsak) tomoshachig‘a tugal borib yetmasligiga; tomoshachida to‘la ta’sir hosil bo‘lmaslig‘ig‘a, tomoshaning badiiy qismini ancha pastlatishka sabab bo‘ladi. O‘zbek davlat truppasining yangilangan rahbarlari ko‘bdan beri «mana, men!» deb o‘zini ko‘rsatib kelgan bu kamchilikning daf’iga jiddiy chora topmoqlari lozim. Go‘zal va ustalarcha o‘ynag‘an akto‘r go‘zal va ustalarcha gapirishni ham bilsin. Shunday bo‘lg‘anda o‘yin bilan so‘z birlashib tomoshani to‘latadi. Ikkinchi tomondan, kontsertlarimizda hadeb cholg‘i bilan ashula va raqs gullamasdan, yaxshi, ta’sirli deklamatsiyalar ham tug‘iladi: Sh.Sulaymon o‘rtog‘imizning «minbar adabiyoti» usta ijrochilarg‘a ega bo‘ladi. U vaqtda ijtimoiy mazmun va mafhumga o‘jarlik bilan bo‘yin egadigan kuylar (ayniqsa, «maqomlar») o‘rnig‘a ijtimoiy mazmunni «jon» deb qabul qiladig‘an bir badiiy yo‘l ochiladi. Shunday bo‘lg‘anda yosh shoirlarimizning o‘tli xitoblarini ishchi-dehqon ommasiga yana olovli tillar bilan, chiraylik va singaturg‘an qilib beriladi. Bu zarur tavsiya O‘zbek davlat truppasi rahbarlarigagina xos bo‘lmasdan, Maorif komissarligimizga ham oiddur. Maorif komissarligi bu tavsiyadan ba’zi maktablarga badiiy qiroat darslari kirgizish luzumini anglasin. Mehnatkash ommasiga 2 yil orasida xos maktab ochmasdan turmush va kurash maktabida o‘tkur notiqlar va solmoq ma’ruzachilar yetkazib berdik, endi maktab va tarbiya yo‘li bilan chiraylik so‘zlarni chiraylik qilib o‘qiyturg‘an qiroatchilar, xatiblar yetkazib beraylik.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|