«Shayx San’on»

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
«Shayx San’on»  (1923) 
by Abdulhamid Choʻlpon
«Turkiston», 1923 yil 6 iyun.

(KALIZEY BINOSI, 29 MAY)

«… Shayx San’on bo‘lmasang

Bo‘yningda zunnoring g‘alat!»

Bizga Shayx San’on ko‘bdan beri tanish.

Uni bizning so‘fiylarimiz ko‘bdan bilalar. Yuqoridag‘i bir yo‘l so‘fiylik g‘azali ham eskirak zamon kitoblarida bordir.

San’on Madinada tarbiya topqan bir so‘fiy, bir shayx edi. Tariqat yoymoq uchun bo‘lsa kerak, Gurjistonga keladi. Unda bir go‘zal gurji qizini ko‘rub oshiq bo‘ldi. Shuning bilan uning tariqatida, shariatida ul qizdan iborat bo‘ldi. San’on qiz uchun o‘zining eng muqaddas e’tiqodlarini barham berganda ham yuzaki ishonishlardan — zaharlik kulush bilan kular edi. U shu ishlarning hammasini «haqiqat» uchun, tariqatdan, shariatdan, so‘fiylik, zohidlikdan yuqori va yuksak bo‘lg‘on bir haqiqat uchun ishlagan edi. Yuzaki ko‘runush, riyokor ibodatlar o‘rnig‘a «haqiqat izlash» kelgandan so‘ng San’on kufr la’nat toshlaridan quruq qolmadi. Yuzaki qarag‘uchi taassub shaytonlari, istaklari qadar so‘kub qarg‘adilar!

Shu shayxning hayotini teatr usulida jonlanturg‘on Husayn Jovid, Qofqasiya turklarining quvvatli adib va shoirlari (dan — U. S) Husayn Jovid, shayxga, menim onglashimcha, bir oshiq, bir muxlis edi. Shu ishq qaynoqlig‘i natijasida 9 manzaralik she’r bilan yozilg‘on mukammal adabiy, falsafiy bir asar maydong‘a chiqqon.

Unda shu «zunnor bilan bog‘li bo‘lg‘on» Shayx San’onning ruhiy holatlari, jinnilik hayoti to‘la ko‘rsatilgan.

Xurshid o‘rtoqning tarjimasi ortiq maqtarliq emas. Bizda hali e’tirof qilayliq — bunday zo‘r adabiy asarlarni «o‘zbekchalashdira» turg‘on to‘la bir kuch yo‘q. U holda, tarjima ortiq yaxshi bo‘lmasa ham yararliq, bo‘larliqdir.

Faqat asarning joylanishi (postanovkasi) uchun qimmatli Uyg‘urimiz ko‘b tirishqon. Butun hay’ati bilan 11 kishidan iborat bo‘lg‘on qora baxtli bir teatr to‘dasi bilan, to‘daga besh-o‘n barobar kelaturg‘on kuchini chetdan tortib, shu qadar tekis va erkin chiqorish katta muvaffaqiyat. «Kalizey»dek ajdaho bir sahnada «Shayx San’on»dek og‘ir va kuch talab etkan bir asarni jonlandirish o‘zbek teatrining chin oshiqlari bor ekanligiga dalil.

O‘yun — umuman olg‘onda — tekis chiqdi. Ayniqsa, Shayx San’on yaxshi edi. Birinchi pardada Shayx Kabir vazifasini ustalik bilan bajargan Bosit mas’uliyatlik darvish vazifasida kutgan o‘yunimizni ko‘rsata olmadi. Boshqa vazifalarga to‘qtalib o‘lturmayman. Ular o‘yunning ketishida bir muncha kamchiliklari bilan birga tekis edilar.

O‘yunning o‘zi ham vaqtida boshlanib, vaqtida bitdi. Xalq juda sevingan edi. So‘ng pardalarning birida Uyg‘ur o‘rtoq ayrim olqishlanib, to‘da ismidan unga bir oltun soat sovg‘a qilindi. Xalq ko‘b, «Kalizey» binosi to‘lg‘on, unum yaxshi, ayniqsa faxriy joylarni sotishda kechaning mas’ul mudiri Mirza Qodir o‘rtoq Qushbegiyefning jiddiy tashabbusi bo‘lg‘onlig‘i ko‘ruldi. Shunday unumlik tomoshalar bilandirkim, yagona bir teatru to‘damiz o‘lub qolmasdan, yashab keladir.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse