Jump to content

«Kovai ohangar»

From Wikisource
«Kovai ohangar» (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
334275«Kovai ohangar»1923Abdulhamid Choʻlpon

16 yanvarda qishloq «Turon» sahnasida Eron asotiridan olib yozilg‘on «Kovai ohangar» piyesasini tomosha qildiq.

Usmonli turklarning ulug‘ adiblaridan mashhur Shamsiddin Samibekning bu atoqli piyesasi Toshkent o‘zbek sahnasida birinchi marotaba jonlanadir. Bu asarga Davlat truppasi xiyla katta ahamiyat berib, yaxshi hozirlik ko‘rgan: asarning o‘zi uchun maxsus dekoratsiya ishlangan. Usmonlichadan o‘zbekchaga ag‘darish vazifasini ham truppaning rejissuri Uyg‘ur o‘rtoq o‘zi o‘taganligidan asarning «sahnalanishi» xiyla tuzalgan. Yo‘q esa muharrirning o‘zi asarning bu jihatiga («sahnalanish» jihatiga) ko‘bda ahamiyat bera olg‘on emas. Holbuki sahna uchun yozilaturg‘on asarlarning muvaffaqiyatsiz chiqishiga aksar vaqt shu «sahnabob berolmaslik» sabab bo‘ladir.

Bu asar o‘ynalg‘onda Davlat truppasi hay’atida yangi, umidli kuchlarning ortmag‘onlig‘i ko‘ruldi. Balki, aksicha, bazi bir epchil artistlar bir-ikki yildan beri sahnadan uzoqda yuradilar. Ularni qaytadan sahnaga jalb etmakka barchag‘a barobar bo‘lg‘on pul tangligi va uning orqasida kelgan ta’minotsizlik balosi mone’ bo‘lub turg‘onga o‘xshaydir. Yo‘q esa truppaning burung‘i kuchlari barchasi o‘z safida bo‘lsa, va buning ustiga yana yangi kuchlar qo‘shilg‘on bo‘lsa, ko‘b kuch qatnashib o‘ynalaturg‘on bu asar yana ham tantanaliroq, yana ham to‘laroq chiqqon bo‘lur edi. Qandoq qilaylikki, o‘lkamizning birdan bir san’at xazinasi zo‘r g‘ayrat, katta fidokorliklar bilan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a sudralib kelmakdadir…

Truppaning umumiy hay’ati (sostavi) bir qadar to‘la bo‘lmasa ham, epchil kishilarining ko‘pligi, ikkinchi bir ta’bir bilan aytsak bir qadar kuchlarning saralangan, talang‘on o‘tkur san’atkorlardan iborat bo‘lishi yog‘idan truppa juda jiddiy, juda kengdir. Buni biz «Kovai ohangar»da yaxshi ko‘rdik. Odam ozlig‘i, dabdaba kamligini kuchlarning yaxshiligi, sahna va dekoratsiyaning to‘lalig‘i butkul yuvub ketdi desak mumkin. Bu xususdagi kamchilik ancha-muncha qarashqa ro‘y bermaydir. Yozilmog‘i tegish bo‘lg‘on shu muqaddimalardan so‘ng endi piyesaning o‘ynalishi yog‘iga kelaylik. Piyesaning eng zo‘r qahramoni bo‘lubda birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi pardalarda har dam, har nafasda yangi-yangi falokatlar ko‘raturg‘on har daqiqada necha rangga, necha holat va ruhiyaga tilmoch bo‘laturg‘on Farhod ro‘lida Sayfi qori bo‘sh edi. U kungi Farhodda biz ruhiy holatlarning daqiqa-daqiqada o‘zgarishini, yangi voqea va hodisalar og‘ir falokat va balolar qarshisidag‘i ko‘rub o‘tish (perejivaniye) larning eng ozini ham ko‘rmadik. Yana buning ustiga «yoshim saksonga yetdi» degan cholning afti basharasi va harakatlari ko‘brak yoshlarcha bo‘lub o‘tdi… Sayfi qori umidlik artistlarimizdan biridir, keyincha bunday xatolarni takrorlanmasligiga ishonamiz. ..Piyesaning katta qahramonlaridan biri bo‘lg‘on va «fir’avnlashgan» Zahhok ro‘lida Uyg‘ur durust edi.. Zaxhok g‘oyat zolim va mustabid deb ko‘rsatilgani uchuk ham uning «fir’avnlashgan»ligi asosiga tayanib Uyg‘ur ul ro‘lni juda qattiq o‘ynadi va shuning bilan — bizning fikrimizcha — biroz ortdirib yubordi. Avval Parvez bo‘lub, so‘ng Faridunga aylanaturg‘on yosh yigit ro‘lida Shokir yaxshi.

Lokin bu yigit o‘yunni boshdan-oyoq bir tovush (ton) bilan olib boradir. Piyesaning asl, tub qahramoni bo‘lg‘on isyonchi (Qova) ro‘lida Abror yaxshi.

Zahhokning qizi Xo‘bchehra ro‘lida Ma’suma xonim durust bo‘lsa ham uni bir podshoh qizi yoki to‘g‘risi, bir qiz qilib ko‘rsata olmaydi. Aksincha uning onasi (murabbiyasi) ro‘lidagi Ma’rifa undan ko‘ra ko‘prak jikkilab, ko‘prak jonlandi. Qolg‘onlardan: Pahlavon Qahshon ro‘lida Bosit, rohib ro‘lida Muzaffar, ta’birchi ro‘lida O‘ktam, Kova xotuni ro‘lida Robiya tekis olib bordilar.

Bizning sahna o‘yunlarimizda bir necha kamchiligimiz borkim, unlar shu «Kova»da ayniqsa ko‘prak ko‘zga ilindilar: birinchi — bizda tuzanish (grim)ga ko‘b ahamiyat berilmaydir. Tuzanishni shoshilib yasaylar-da, so‘ngra sun’iy sochlar ostidan haqiqiy sochlar — ko‘b vaqt — «mana men» deb ko‘runub qo‘yadirlar. Ikkinchi — bizning artist va artiskalarimiz (Uyg‘urdan boshqasi) yashirin tovush chiqarishqa o‘rgana olmaylar. Ular birovning qulog‘iga bir narsa aytsalar tomoshachilar eshita olmaydilar, tomoshachilarga eshitdirilsa maxfiy, sirlik bo‘lishdan chiqib ketadir. Holbuki, ikkovining o‘rtasida bir yo‘l bor, uni boshqa xalqlarning sahnalarida yaxshi biladirlar. Uchinchi — bizning artist va artiskalarimiz (ayniqsa keyingilar)ning ko‘blari arabiy va forsiy so‘zlarni ko‘b yanglish gapiralar. Tarixiy piyesalarda; ayniqsa, sharq tillaridan tarjima qiling‘on asarlarda bu juda ko‘b bo‘ladir. Buni bitirmak kerak.

Umuman olg‘onda «Kovai ohangar» sahnamizda eng yaxshi va muvaffaqiyatlik o‘ynalg‘on asarlardandir.

Bu asar xalqning so‘rovi bo‘yincha 31 yanvarda yana bir marotaba o‘ynaldi. Bu gal o‘ynalishida eng muhim ro‘llardan to‘rt ro‘lni almashtirib o‘ynadilar. Bu haqda ikkinchi marotaba tag‘in gaplasharmiz.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"