Jump to content

«Ko‘n etik»

From Wikisource
«Ko‘n etik» (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
335383«Ko‘n etik»1925Abdulhamid Choʻlpon

Ko‘n etik, Farg‘ona to‘ni, Chust do‘ppisi kiyganlar burung‘i vaqtlarda boy va boyvachchalar ham “muhtaram ziyolilar”cha, nazarga ilinmaydurg‘an, odam qatorida sanalmaydurg‘an “chapan”lar deb atalar edi.

Zamon o‘zgardi, ishlar boshqacha bo‘lib ketdi. O‘zlarini odam sanag‘an, “xalq vakillari” bo‘lib kelgan zotlar ishchi-dehqonlarning bolg‘a va ketman sopi bilan mamlakatni boshqarishdan haydaldilar.

Ular o‘rnig‘a mamlakatning xo‘jayini, egasi bo‘lg‘an – dalalarda yelkalarini issiq oftobga berib, ham peshana teri, qo‘l quvvati bilan kun ko‘rguvchilar mamlakatni boshqarmoqqa kirishdilar.

Mana shul ko‘n etik, Chust do‘ppiliklardan biri ham O‘zbekiston oqsoqoli o‘rtoq Yo‘ldoshboy Oxunbobo o‘g‘li.

Bu oqsoqolimiz uchun dehqon ko‘bchilikining dardi ularning tilagini yuzaga chiqarish ishi birinchi mas’alalardandir.

Qishloq tirikchiligi, uning ro‘zgorini ko‘tarish, dehqonlarg‘a hammasini o‘rtasida mushtumzo‘r va qishloq baloxo‘rlarig‘a qarshi harakat qo‘zg‘atish jumhuriyat oldida qo‘yilg‘an kundalik mas’alalardandir. Bu maqsad va qishloqqa yuz o‘girishning amaliy tomonini ko‘rish bilan qishloqning o‘zi, uning xalqi bilan yaqin tanishmoq, ko‘zma-ko‘z so‘zlashmak, ularning ehtiyojini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmak kerak.

O‘rtoq Oxunboboyef Farg‘onadan qaytg‘andan keyin Toshkent qishloqlaridan biriga, bir vaqtda qishloq hokimlari “Zol va Homidiflar” zulmi ostida ezilgan Piskentga chiqdi.

Qishloq xalqi o‘z oldig‘a chiqadurg‘an hukumat boshliqlarini (ayniqsa avvalgi zamonlarda) qalbaki zo‘r ehtirom va tantana bilan kutib olsa, o‘z oqsoqoli, o‘z ichidan chiqqan kishisini o‘rtoqliq muhabbati bilan kutib oldi.

O‘rtoq Oxunbobo o‘g‘lining borishini kutib turg‘an bir turda tashkil qiling‘an ishchi-dehqon xotinlar salom bilan qarshi oladirlar va o‘z qlublarig‘a olib kirishadirlar. Qlub shior va inqilob rahbarlarining rasmlari bilan yasatilg‘an.

O‘rtoq Oxunboboyef o‘zining soda, yengil tili bilan ular bilan so‘zlashdi, ularning ehtiyoji, ahvolidan xabar oldi. Xotin-qizlarimizning haqini, er va xotin vazifasini, qalin mol va tuyalar haqida tushuntiradir.

Xotinlar majlisi tamom bo‘lg‘andan keyin Piskent qizil choyxonasida xalq majlisi (miting) ochiladir. So‘z ana o‘sha ko‘n etik oqsoqolg‘a beriladir. Oqsoqolimiz minbarga chiqishi bilan uzoq olqish va salomlar bilan qarshi olinadi.

O‘rtoq Oxunboboyef o‘z so‘zida mehnatkashlar dunyosining qancha og‘irliq va qiyinliqlar bilan butun jahon o‘lchavida birgina Rusiyada hokimiyatni qo‘lg‘a olg‘anlig‘ini va hukumat uchun uzoq kurashlardan keyin, endi mamlakatni tuzish, ro‘zgor ishlarini ko‘tarish, qishloq ro‘zgorini yuksaltirish uchun bel bog‘lang‘anlig‘i, bu yo‘lda shahardagi ishchilar bilan qishloqdag‘i dehqonlarg‘a hammasining ittifoqlarini mahkamlaganda olding‘a qo‘yg‘an maqsadga yetmasi mumkinligini so‘zlaydir.

– “Hukumat qishloq ro‘zgorini ko‘tarish uchun sizlarga butun kuch va quvvati bilan ko‘maklashmakdadir. Lekin, bu ko‘maklar qishloqning hamma ehtiyojini ta’min eta olmaydir.

Shunday bo‘lg‘andan keyin nima qilish kerak? Bir-ikki dehqon bir-birlashsin, berilgan yordamni, o‘zida bor kuchini bir yerga to‘plasin; birlashib ekin eksin. Mana shunday bo‘lg‘anda hozir kichik va oz bo‘lg‘an ko‘makdan ko‘b hosil undirish mumkindir” dedi.

O‘rtoq Oxunboboyef so‘zidan keyin savol-javoblar boshlandi, dehqon va kambag‘allar o‘z ehtiyojlarini va nimaga muhtoj ekanliklarini birma-bir so‘zlab o‘tadir.

Shular orasida iflos suvda baliq o‘lmoq niyatida bo‘lg‘an ulamolardan bir-ikkisi chiqib: “Taqsir, bizning shariat qozimizni yanadan saylanib berishga javob bersangiz endi” deb so‘raydirlar.

Bu haqda dehqon va yo mehnatkashlardan birortasi bir og‘iz so‘zlamaydir.

Oqsoqolimiz shariat va xalq qozilarining qiladurg‘an ishlari, ularning vazifasi haqida so‘zlab, turmushdan oling‘an bir qancha dalillar bilan shariat qozisining kimlar ekanligini va kimlar uchun ular kerakligini isbot qiladir.

“Kengashlar hukumati har millatni o‘z ixtiyorida, o‘z turmushig‘a muvofiq yashashig‘a keng imkon beradir. Hokimiyat ishchi-dehqon shuncha turg‘an dehqonlardan biri bizga shariat qozisi kerak deb bir og‘iz hech narsa degani yo‘q. Ishchi-dehqonlarning oldida turg‘an muhim ishlar xo‘jaliq, mamlakatni obod qilishdir. Ular uchun qoziliq mas’alasi ikkinchi mas’ala ahamiyatsiz narsadir” dedi.

O‘rtoq Oxunboboyefning bu so‘zlari uzoq olqishlar bilan qarshi olinadir.

Undan keyin Mavlonbekif va Toshmuzofot ijroqo‘m raisi Akbar Islomif o‘rtoqlar doqlad qiladirlar.

Majlis oxirida Piskent ijroqo‘m raisi: “Bizning ekin vaqtimizda dehqonlarimizni sarosima qiladurg‘an bir arig‘imiz bor. Shul ariqning boshini har yili suv urib keta beradir. Bu kun oqsoqolimizning kelishi o‘shal ariq boshini yangidan kavlab hozir qilg‘an vaqtimizg‘a to‘g‘ri keldi. Shuning uchun shul ariqni o‘rtoq Yo‘ldoshboy ismiga qo‘yishni taklif qilamen” dedi.

Bu taklif uzoq olqish va “yashasin oqsoqolimiz” degan tovushlar bilan qabul qilinadir.

Miting tamom bo‘lg‘andan keyin o‘rtoq Oxunboboyef o‘z ismiga bag‘ishlang‘an ariq bo‘yiga borib, ariq boshini ochib beradir.

Piskentdan qaytishda butun yo‘l bo‘yi qishloq xalqi har qayerda to‘da-to‘da bo‘lib o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li bilan so‘zlashadir. Soliq mas’alasi, dehqonlarg‘a qarz, kaperatiflar va boshqa ehtiyojlardan so‘zlaydir.

Uzoq kech bilan o‘rtoq Oxunboboyef Toshkentga qaytadir.

Q.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi,

1925-yil, 13-may, № 123.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"