«Abo Muslim»
13 dekabrda «Turon» qishliq binosida ulug‘ adibimiz Fitratning 5 parda 7 ko‘runushlik «Abo Muslim Xurosoniy» nomliq tomoshasi o‘ynaldi.
Tomosha — aralashquchu qahramonlarning ko‘bligi ham tarixning eng chuvalashqon davridan olinib yozilg‘oni uchun tomoshaning so‘ngiga uning natijasini to‘la ko‘rvataturg‘on bir ko‘runush ortdirilg‘on. Bu ko‘runush xiyla muvaffaqiyatlik tuzulgan. Ayniqsa, Marv begi qizining bir to‘da «yovvoyi» kishilar orasida qolg‘on chog‘idagi shoshqinlig‘i, odam bolalarining axloq vajidan qanday quyi darajalarga tushganligi to‘g‘risida xalqqa qaratib qilg‘on xitoblari ham ul kishilarning har birini bitta-bitta ta’rif qilishi juda o‘tkurdir.
Umuman tomoshada Fitratga xos so‘z ustalig‘i xiyla kuchlik. Bu jihatdan tomosha katta bir adabiy ahamiyatga molikdir.
Endi o‘ynag‘uchilarg‘a kelsak, Abo Muslim ro‘lida Abror tomoshaniig boshdan-oyog‘ig‘acha bir tekis olib bora olmadi. Ochibroq aytganda, biz islomiyat tarixida juda ulug‘ dovruqlarg‘a sabab bo‘lg‘on temir vujudlik, po‘lat irodalik, mudhish Abo Muslimni ko‘ra olmadiq. Abror epchil artisimizdir, shu tilagimizni bu safar bo‘lmasa, boshqa bir safar bera olishig‘a ishonamiz. Oxirgi ko‘runishda abbosiylarning birinchi xalifasi ro‘lini Sayfi qori juda yumshoq o‘ynadi. Ayniqsa, Abo Muslim bilan Marv begi qizining o‘lishlari chog‘ida, karomatchi shayx choponi ostidan hovarjlarning josusi Zahhok chiqib kelgan vaqtda, o‘zining katta va tuzalmas xatolarini anglag‘on damlarda shu qadar kam harakat edikim, sira qo‘ya qoling! Sayfi qorining ampulasi (o‘ynayturg‘on o‘yunlari) belgulikdir. Rejissur shuni ko‘zda tutub uni g‘oyat jiddiy bo‘lg‘on shu xil ro‘llarga chiqarmaslig‘i kerak.
Bizning Turkistonda «dog‘uli ayyor» deb nom chiqarg‘on Zahhok ro‘lida Uyg‘ur boshdan-oyoq yaxshi. Ko‘zga ilinar-ilinmas sustlik va ruhsizligini sanamasak, Marv begining qizi Gulnor ro‘lida Mas’uma xonim yaxshi. Abo Muslimning vaziri Xolid ro‘lida O‘ktam, Marv begi ro‘lida (avvallarda Sayfi qori) Amir Ali ro‘lida Shokir, Yazid ro‘lida Olim, Gulnorning enagasi ro‘lida (Robiya Tutash tekis o‘ynaydilar. Narsiyor ro‘lida chiqqan Bosit bilan Yazid ro‘lidagi Olimning yuksak ruh bilan vaziyat va ahvolg‘a yondashtirib o‘ynashlarini aytib o‘tmak kerak. Boshqa kichkina vazifalar ham durust bajarildi.
Umuman aytganda, bu asarning bu safargi o‘ynalishini juda tekis va zavqli o‘yunlardan bo‘ldi desak, sira yanglishmag‘on bo‘lamiz.
Bizning qashshoq va esdan chiqib ketgan sahnamizga xos bo‘lg‘on kamchiliklar (jihoz, dekaratsiya va kiyimlar kamligi), albatta bu yo‘la ham bor edi. Bunlarning to‘ldirilishi, tugallanishi — Marv begining bir savoliga qarshi Zahhokning bergan javobidek: «Teva qafasga kirganda bo‘laturg‘onga o‘xshaydir…»
Xalq zich, to‘la edi.
«Xalq teatrga yurmaydi» degan gap to‘g‘ri emas, xalq yuradir. Lokin, teatr-tomosha ismida bo‘laturg‘on qurchoq o‘yunlarig‘a, o‘z ruhiga yot bo‘lg‘on unga anglashilmayturg‘on tarjimalik «g‘arbiy» asarlarga yurmasa haqi bordir. Yo‘q esa o‘zini qiziqtiraturg‘on zaminlarda yozilg‘on va yaxshi o‘ynalaturg‘on tomoshalarga xalq yuradir.
Bu hol so‘ng vaqtda juda ochuq ko‘ruldi.
Xalqning ruhini yaxshi tushunib olg‘on Davlat truppasi endi xalq ruhiga yaqin bo‘lg‘on narsalarni ko‘prak ko‘ymoq uchun harakat qila boshlamishdir. Hozir truppa tomonidan Xurshid o‘rtoq qalami bilan tomosha holig‘a soling‘on mashhur «Farhod va Shirin» afsonasi tayyorlanmoqdadir.
Ikkinchi tomondan sahnamizning o‘zini tuzatishga xam jiddiy harakatlar ko‘rula boshladi. Sirdaryo muzofot firqa qo‘mitasining mas’ul sarkotibi o‘rtoq Abdulhay Toji bilan Eski shahar ijroqo‘mining muvaqqat raisi Mannon Ramz o‘rtoqlar markazning birdan-bir san’at markazi bo‘lg‘on «Turon» binosi va Davlat truppasini yaxshi yo‘lga qo‘ymoq ishini bir necha havaslik kishilarga topshurib pullik yordam va’da qilg‘onlar.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|