Yiroq tushtum jamolingdin sani, ey yor, sog‘indim...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yiroq tushtum jamolingdin sani, ey yor, sog‘indim...
by Sadoiy Mirhasan

Yiroq tushtum jamolingdin sani, ey yor, sog‘indim,
Yo‘lingga termulub, ey nozanin, bisyor sog‘indim.

Na deb azmi safar qildim, bu ishlardin pushaymonman
Parishon xotirim doim, yurak afgor sog‘indim.

Mani sandin yiroq etgan falakni gardishi erdi,
Nadur chora bu g‘amlardin yotib bemor, sog‘indim.

Erurman kecha-kunduz to‘tiyi bexonumon yanglig‘,
Bo‘lubman bulbuli sho‘rida, ey gulzor, sog‘indim.

Visolingdin judo bo‘ldum, tanim tufroqqa o‘gruldi,
Labi maygun, qadi ar-ar, ko‘zi xummor, sog‘indim.

G‘ariblikda mani holimni hech kimsa bilmaydur,
Ko‘zimni ravshani, ko‘nglum xushi dildor, sog‘indim.

Ko‘ray deb orzu aylab jamoling, ey pari chehra,
Kelib holimni so‘rg‘il, ey pari ruxsor, sog‘indim.

Sadoyi, san kabi yo‘qdur giriftori balo bo‘lg‘on,
Sani izlab yurub har ko‘chau bozor, sog‘indim.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse