Vafo to bo’ldi jononimg’a maxsus...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Vafo to bo’ldi jononimg’a maxsus...
by Amiriy

Vafo to bo’ldi jononimg’a maxsus,
Jafovu javr erur jonimg’a maxsus.

Xiromu jilvavu nozu malohat,
Erur sarvi xiromonimg’a maxsus.

Guliston bo’ldi ko’nglum lola yanglig’,
Vafo dog’i gulistonimg’a maxsus.

Kecha tong otqucha ko’nglum chekar oh,
Erur bu sham’ vayronimg’a maxsus.

Ko’ngul konidadur la’ling xayoli,
Bu gavhardur Badaxshonimg’a maxsus.

G’amingda ishq ranji rohatimdur,
Bu darding o’ldi darmonimg’a maxsus.

G’ubori to’tiyoyi xoki poying,
Bo’lurmu chashmi giryonimg’a maxsus.

Kerak shahdin gado holini so’rmoq,
Bu davlat keldi sultonimg’a maxsus.

Ko’ngul xushtur visol ummidi birla,
Bu marham dog’i hijronimg’a maxsus.

Shahidi nozi mujgoning erurman,
Bu xanjardur mening qonimg’a maxsus.

Erurman ishq mulkining Amiri,
Junun avboshi darbonimg’a maxsus.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse