Tokim boshimga tushdi sitamkor ehtiyoj...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tokim boshimga tushdi sitamkor ehtiyoj...
by Nodim Namangoniy

Tokim boshimga tushdi sitamkor ehtiyoj,
Qildi ko‘nglumni sarbasar afgor ehtiyoj.

Bir lahza gar farog‘ati topsam bu dahrdin,
Anduhu g‘ussalar birla tayyor ehtiyoj.

Kosid matomenki, birov so‘rmagay mani,
Har qayda bo‘lsa lek xaridor ehtiyoj.

Kelsa ko‘zumga bir kecha gar xobi rohati,
Albatta, aylagay mani bedor ehtiyoj.

Bor ehtiyoj har kuni, ammoki ko‘p emas,
Qilg‘ay hujum har shabi bozor ehtiyoj.

Harchand yuz o‘gursamu so‘ksam kelur yana —
Oldimga to‘g‘ri, shilqimu beor ehtiyoj.

Dunyoda yoru g‘or anisim erur mag‘ar,
Har dardu g‘am yetishsa, madadkor ehtiyoj.

Yo‘qtur jahonni molu matoi kaminada,
Har qancha so‘rar esalar bor ehtiyoj.

Masti mayi nashotu farog‘at edi ko‘ngil,
Qildi mukaddar, ayladi hushyor ehtiyoj.

Bo‘lmam o‘z ixtiyorim ila ehtiyojmand,
Tushgay boshimg‘a bir yo‘li nochor ehtiyoj.

Muhtojlikdin endi borib kimga dod etay,
Etti yorug‘ jahonni menga tor ehtiyoj.

Farzandi arjumandi jigarbandlar uchun
Bergay hamisha jonima ozor ehtiyoj.

Yo rab, xalos ayla mani ehtiyojdin,
Jonu dilimdin ayladi bezor ehtiyoj.

Solsam nazar tamomi olamg‘a sarbasar,
Albatta, bo‘lg‘ay anda padidor ehtiyoj.

Har subhu shom besaru somon kezar, base
Izhor etib bu gumbazi davvor ehtiyoj.

Umru salomatiyu maoshu behishtdur,
Har odamiyg‘a lozimi bu chor ehtiyoj.

Zohidg‘a huru jannatu kavsar murod esa,
Ishqu muhabbat ahlig‘a diydor ehtiyoj.

Nodim, siposu shukr qil, izhor aylama,
Bilgay xudoy, hech kima zinhor ehtiyoj.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse