Tiyra ko‘nglumni chirog‘i vasl ila ravshan qiling...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tiyra ko‘nglumni chirog‘i vasl ila ravshan qiling...
by Qiyosiy

Tiyra ko‘nglumni chirog‘i vasl ila ravshan qiling,
Sakratib boshimni pomoli sumutavsan qiling,
Beibo qonim to‘kub yotgan yerim gulshan qiling,
Jonimi sarvi ravon andog‘ olib maskan qiling,
Ko‘kragim chokin tomosho qilg‘ali ravzan qiling.

Lazzati tig‘i shahodatdin totar mardonalar,
Dahr zulmidin fano dashtin kezar farzonalar,
Ishq majlisgohida majruh o‘lan parvonalar,
Kuyi jonon ichra yotgan yastanib devonalar,
Kuydirib bag‘rimni bu jismim kulin gulxan qiling.

G‘aybdin ko‘nglim qulog‘ig‘a yetib andog‘ surush,
Haq tajalliyotidin vahdat xumodek urdi jo‘sh,
Yo‘xlashib men telbani hasrat tuni har bodano‘sh,
Kelsa mehmonlar meni qonim to‘kub ey mayfurush,
Xumi shaq ichra solib gulrang mard afkan qiling.

Dahr dunparvarlig‘ini ko‘p azobi vahmidin,
Alhazar sultoni qohirni itobi vahmidin,
Dahr bedodi, zamona inqilobi vahmidin,
Qilmish ishlarni savoshni javobi vahmidin,
Ey ko‘ngul, dashti fano vayronasin ma’man qiling.

Ko‘rmagan turli balolar ko‘kni qotidin yetar,
Har kimi jonig‘a ish shuhratli otidin yetar,
Zulmi rangorang burunroqkim vafotidin yetar,
Ibtilolar kim, Qiyosiyg‘a hayotidin yetar,
Ey ajal, rahm aylabon ovorani madfan qiling.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse