Surmadin ko‘zlar qaro...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Surmadin ko‘zlar qaro...
by Furqat

Surmadin ko‘zlar qaro, qo‘llar xinodin lolarang,
G’ozadin yuzlarda tobu, o’smadin qoshlar tarang.

Za’faroniy ko’ylak uzra arg’uvoniy kamzihul,
Ro’ymol og’ushidin peshonani ahvoli tang.

Bori nozik panjalar oltun uzukdin zebnok,
Qo‘l bilaguzukdin muzayyan, nuqradin og’izda chang.

Gavhar osqon halqalar siymin banogoshida band,
Ko‘rinur, zulfi tunida subhi sodiqdek arang.

G‘amza birla o‘lturur, gah jilvalar birla yurur,
Turfa bir noz, ofarin, pur ishva tannoz-u satang.

Aql-u hush eltar agar tursa, paridek silkinib,
Odamizod ichra ham mundog’ bo‘lurmu sho‘x-shang?

Yo‘q qutulmoqlig’ menga, ul ofati jon dastidin,
Qasdima qoshlar kamon, payvasta mujgonlar xadang.

Ul parivash ishqidinki, telbadurmen, goh sog’,
Chunki bordur oramizda goh sulh-u gohi jang.

Javrlarkim, Furqat, ul sho‘xi jafojo ayladi,
Muncha bedod-u sitam qilmas musulmong‘a farang.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse