Soqiyo, bo‘ldi gul ayyomi keturgil sahbo...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Soqiyo, bo‘ldi gul ayyomi keturgil sahbo...
by G‘oziy

Soqiyo, bo‘ldi gul ayyomi keturgil sahbo,
Kim havo mo‘tadilu gulshan erur ruhfizo.

G‘uncha xandonu chaman sabzu, bulut qatrafishon
Bazm asbobini tuz bulbul o‘la nag‘ma saro.

Bo‘lsa bir dilbari mayxorau, bir go‘shai bog‘,
Bengzamaz hur ila firdavs, xudo shohid ango.

Mundin ortuq na emish hashmati davlat anga kim,
Ula bir mutribu, bir jomi, labo-lab mino.

Ko‘z yumub, mast bo‘lub noz ila ul mahvash,
Turki ash’or o‘qub, cholsa qo‘buz vovaylo.

Boda ichmakdin o‘shal kim, bu mahal tavba qilur,
Bexabar g‘uldurur, odam emasdir aslo.

G‘oziyni mast ko‘rub yori bila zohid ham
Ayladi mayg‘a garav subhau dastoru rido.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse